O‘zbekiston | 10:20 / 21.07.2018
33732
6 daqiqa o‘qiladi

To‘ylarda xarajatlarni kamaytirish bo‘yicha qabul qilinayotgan qarorlar kutilgan natijani bermayapti

To‘y-hashamlar, oilaviy tantana va marosimlar milliy urf-odat hamda an'analarning ajralmas qismiga aylangan. Biroq keyingi paytlarda millatimizga xos bo‘lmagan qator ma'nisiz rusumlar, yangidan o‘ylab topilgan bachkana “odat”lar ham qo‘shilayotgani milliy qadriyat va urf-odatlarga putur yetkazmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida joriy yil 20 iyul kuni o‘tkazilgan “Oilaviy tadbirlardagi me'yor: muammo va yechim” mavzusidagi davra suhbatida ana shunday illatlarning oldini olish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Jamiyatning ma'naviy muhitiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan dabdabali, kimo‘zarga qilinayotgan to‘y-hashamlarning oldini olish, oilaviy tadbirlarni o‘tkazishni tartibga solish, nomaqbul holatlar va isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik masalalari ishtirokchilar diqqat markazida bo‘ldi.

Foto: parliament.gov.uz

Ta'kidlanganidek, mamlakatda ma'naviy-ma'rifiy ishlarni zamon talablari asosida tashkil etish, inson manfaatlari va turmush farovonligini ta'minlash, xalqimizning hayot darajasi va sifatini yaxshilash, yosh oilalarni moddiy va ma'naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish yo‘lida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada xalqimizning ezgu qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan, odamlarni birlashtirish, ular o‘rtasida o‘zaro ahillik va mehr-oqibat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladigan to‘y va marosimlar muhim o‘rin tutadi. Shu ma'noda, bunday tadbirlar el-yurtning madaniyati, ma'naviy saviyasi darajasini yaqqol ko‘rsatuvchi omillardan biri sifatida xalqimizning, keng jamoatchilikning doimiy diqqat-eʼtiborida turadigan masala hisoblanadi.

So‘nggi yillarda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlarni ixcham, kamxarj va tartibli o‘tkazish, bunda dabdababozlik, isrofgarchilik, shuhratparastlikka berilmaslik, milliy qadriyatlarimiz va muqaddas dinimizga to‘g‘ri kelmaydigan salbiy illatlarga yo‘l qo‘ymaslik masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu ishlarni amalga oshirishda jamoatchilik, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot va ta'lim muassasalarining ta'siri va ahamiyati katta.

Deputatlarning fikricha, amaliyot va tajriba to‘y-ma'rakalardagi sarf-xarajatlarni qisqartirish maqsadida mahalliy hokimiyat organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar kutilgan natijani bermayotganini ko‘rsatmoqda.

Davra suhbatida ko‘p yillar davomida mablag‘ to‘plagan oilalar uch-to‘rt soatlik to‘y marosimlari orqali o‘zini birovlarga ko‘rsatib qo‘yish orqali soxta obro‘ qozonishga urinayotgani achinarli holat ekani ta'kidlandi.

Qayd etilishicha, jamoatchilikning juda katta qismi dabdabali to‘y-hashamlarga qarshi chiqmoqda. Biroq, afsuski, aholi o‘rtasida bu borada olib borilayotgan tushuntirish ishlari kutilgan natijani bermayapti. Sababi to‘ylar masalasida “mumkin bo‘lgan” va “ortiqcha isrofgarchilik” degan tushunchalar o‘rtasidagi chegarani belgilashda muayyan murakkabliklar mavjud. Boz ustiga, odamlar orasida davom etib kelayotgan hashamatga o‘ch “an'ana”lar aynan ularga kelganda uzilib qolishini istamayotganlar ham yo‘q emas. Bunday kishilar ongida ko‘p sonli mehmonlarni taklif etish – saxiylik belgisi, degan noto‘g‘ri tushuncha ildiz otgan. Natijada oilalarda o‘z moddiy imkoniyati bilan hisoblashmasdan, katta sarf-xarajat qilib, so‘ng qarzga botayotgan, sog‘lig‘ini yo‘qotayotgan, oldi-berdilar tufayli yaqin qarindoshlari bilan nizolashib, yuzko‘rishmas bo‘lib ketayotganlari ham ko‘paymoqda.

Xalq bilan joylarda bo‘layotgan uchrashuv, muloqotlarda, fuqarolar parlamentga yo‘llagan ko‘plab murojaatlarda ham to‘y-ma'rakalarni tartibga keltirish masalasi takror va takror ko‘tarilmoqda. Ushbu murojaatlar, yuzma-yuz uchrashuvlarda ma'lum bo‘lyaptiki, parlament darajasida ko‘rilayotgan mazkur masalani xalqimiz to‘la qo‘llab-quvvatlab, urf-odatlarimizga, ma'naviyatimizga zid bo‘lgan bunday salbiy illatlarning oldi olinishi istamoqda. Yurtdoshlarimiz topgan-tutganini ortiqcha hoyu havas, dabdabayu as'asaga emas, farzandlarning ta'lim-tarbiyasiga va boshqa xayrli ishlarga sarflash joizligini anglab yetmoqda.

Shu bois, davra suhbati ishtirokchilari bugungi kunda milliy qadriyatlarga amal qilinishini ta'minlash, to‘ylar, oilaviy tantana, ma'raka va marosimlarni ixcham, kamtarona o‘tkazish, yangi o‘ylab topilgan, o‘zligimizga mutlaqo zid bo‘lgan odatlarga barham berish borasida barcha choralarni ko‘rish, bu sohadagi munosabatlarni, kerak bo‘lsa, qonunchilik yo‘li bilan tartibga solish lozimligini ta'kidladilar. Ushbu sohada davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining birgalikdagi sa'y-harakatlari samaradorligini oshirish, huquqiy asosini takomillashtirish borasida takliflarini ilgari surdilar.

Oilaviy tadbirlarni o‘tkazishda isrofgarchiliklarning oldini olish maqsadida parlament va jamoatchilik nazoratining ta'sirchan vositalaridan foydalanish, samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Mavzuga oid