O‘zbekiston | 18:50 / 23.07.2018
5815
2 daqiqa o‘qiladi

Bojxonachilar aeroportda 101 million so‘mlik zargarlik buyumlarini to‘xtatib qolishdi

Zargarlik buyumlarini Dehliga noqonuniy olib ketishga uringan fuqaro M.Z. Toshkent xalqaro aeroporti bojxonachilari tomonidan to‘xtatib qolindi. U “qizil” yo‘lakdan harakatlanib, 62 million so‘m qiymatdagi 413 gramm zargarlik buyumlarini bojxona deklaratsiyasida qayd etmagan. 

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra, xodimlarning hushyorligi sababli ushbu qimmatbaho zargarlik buyumlarini noqonuniy xorijga olib chiqishga chek qo‘yildi. Bundan tashqari, «Istanbul-Toshkent» yo‘nalishi bo‘yiga uchib kelgan fuqaro N.L. esa qiymati 39 million so‘mdan ortiq 186,6 gramm zargarlik buyumlarini O‘zbekistonga yashirincha olib kirmoqchi bo‘lgan.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Ushbu ikkala holatda bojxonachilar qonunbuzarlardan umumiy qiymati 101 million so‘mga teng, qariyb 600 gramm zargarlik buyumlarini ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yishdi. Hozirda ushbu holatlar yuzasidan tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.​

Mavzuga oid