Fan-texnika | 21:29 / 23.07.2018
12656
2 daqiqa o‘qiladi

Sony smartfonlar kamerasi uchun jahondagi ilk 48 megapikselli sensorni namoyish etdi

Sony smartfonlar kamerasi uchun IMX586 deb nomlangan jahondagi ilk 48 megapikselli sensorni ishlab chiqarishini ma'lum qildi. Kompaniya mazkur chip xususiyatlari bo‘yicha eng yetakchi fotoapparatlar, masalan Sony Alpha A7R III fotoapparatini ham ortda qoldirishini bildirdi.

Sony saytida aytilishicha, IMX586 «sanoatdagi eng yuqori piksel»ga ega bo‘lib, 8-millimetrli chipga joylashgan. U xususiyatlari borasida bozorda eng yaxshi deb hisoblangan Google Pixel 2 XL’dan ham yuqoriroqda turadi.

Odatda mobil kameralarida bunday yuqori o‘lchamdagi matritsadan foydalanish yorug‘lik sezish xususiyatini pasaytiradi. Ammo kompaniya bu muammoni Quad Bayer maxsus texnologiyasi orqali hal etdi. Uning yordamida piksellarga tushayotgan yorug‘lik miqdori oshiriladi va to‘rtta piksel bittaga «birlashadi». Yorug‘lik kam bo‘lgan sharoitlarda sensor o‘lchamni 12 megapikselgacha pasaytiradi, ammo suratlar «yorqin va shovqinlarsiz» chiqadi.

Sony shuningdek, protsessing texnologiyasi haqida ham ma'lum qildi. U soniyasiga 90 kadrli 4K-video yoki soniyasiga 240 kadrli FullHD o‘lchamda video olish imkonini beradi.

Foto: Sony

Sony IMX586’ni sentabrdan ishlab chiqaradi, ammo ular dastlab kompaniya smartfonlariga o‘rnatiladi. Chip boshqa kompaniyalarga 2019 yildan boshlab 27 dollar narxda sotiladi.

Nokia 2012 yilda 40 megapiksel sensorli smartfon ishlab chiqargandi. Ammo chip ancha kattaligi bois kamera 808 PureView korpusidan turtib chiqib turardi.  

Sony kompaniyasining sensorlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi bo‘linmasi bozordagi eng yirik ishlab chiqaruvchi hisoblanadi. Sony sensorlaridan Ayfonlarda ham foydalaniladi.

Mavzuga oid