O‘zbekiston | 19:30 / 24.07.2018
14111
4 daqiqa o‘qiladi

Jondorda 50 dan ziyod xotin-qizni mehnat bilan band qiluvchi majmua ishga tushirildi

Qishloq joylarda xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Xotin-qizlarni qo‘llab quvvatlash hamda oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5325-sonli farmoni qabul qilingan.

Mazkur hujjatda xotin-qizlarning bandligini ta'minlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, xotin-qizlarni, ayniqsa, qishloq joylardagi yosh qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish masalalarida har tomonlama manzilli qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan.

Buxoroning Jondor tumanida ana shunday xayrli ishga qo‘l urildi. Chunonchi, viloyatning ish bilan ta'minlanmagan ayollar qatlami yuqori bo‘lgan chekka hududlarida tikuv sexlari ochish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish istagi bilan chiqqan tadbirkorlar o‘z takliflarini bildirib, «Tadbirkor ayol» O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Buxoro viloyat hududiy bo‘linmasi bilan hamkorlikda biznes rejalar tuzishlariga ko‘maklashildi.

Jondor tumanidagi sobiq dehqon xo‘jaligi idorasi tubdan ta'mirlandi, «Alipahlavon» MChJga foydalanish uchun hujjatlashtirib berildi.

— Binoning o‘zida kamida 50 ta ish o‘rinlari yaratilayotgani, kasanachilik orqali mehnatga yana 20 nafar ayol jalb etilayotganini inobatga olib, korxonaga 250 mln. so‘mgacha imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatildi va ushbu tikuv sexi, ko‘rpa to‘shak tikish, go‘zallik saloni hamda kutubxonadan iborat majmua barpo etilib ishga tushirildi, — deydi biz bilan suhbatda Buxoro viloyat hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qumitasi raisi Feruza Ibragimova.

Shuningdek, ushbu majmuada notinch, og‘ir ijtimoiy ahvoldagi oilalarning 5 yoshgacha bo‘lgan farzandlariga ta'lim va tarbiya beradigan kichik guruh tashkil qilinib, tuman pedagogika kasb-hunar kolleji bitiruvchilari hamda nafaqaga chiqqan o‘qituvchilar ish bilan ta'minlandi, ular bilan MChJ rahbari Gulnora Rahmatova shartnoma tuzib, mehnat daftarchalari rasmiylashtirildi.

Majmuaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari, respublika xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva, Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev so‘zga chiqishdi va Prezident farmonida tilga olingan bunday tashabbuslarni olqishlashdi.

Respublika xotin qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva mahalliy xotin-qizlar bilan suhbatlashdi. Ularning kelgusidagi rejalari bilan qiziqdi.

Mehmonlar yangi ochilgan majmuadagi ish jarayoni bilan tanishib chiqishdi. Viloyat hokimi O‘.Barnoyev o‘z nomidan majmuaga ikkita konditsioner sovg‘a qildi.

Tadbir so‘ngida majmuaga tashrif buyurgan mehmonlar va qishloq ahli osh tortilgan dasturxonga taklif etildilar.

Shuhrat Shokirjonov,
Ma'rufjon Asqarov,
Kun.uz muxbirlari.

Mavzuga oid