O‘zbekiston | 19:07 / 25.07.2018
12161
4 daqiqa o‘qiladi

Saylov kodeksi loyihasi e'lon qilindi 

Foto: UzReport

O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasida saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi.

Saylovlar ochiq va oshkora o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi umumiydir.

Saylash huquqi saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga beriladi. 

Saylovlarda ishtirok etayotgan har bir fuqaro bir ovozga ega.
 
Fuqarolar jinsi, irqi va millati, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, ta'lim darajasi, jinsi va kasb-hunaridan qat'i nazar teng saylov huquqiga.

Sud tomonidan layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas va saylovlarda ishtirok etmaydi. 

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining deputatlari fuqarolar tomonidan bevosita saylanadi. 

Saylovlarda ovoz berish erkin va yashirin bo‘ladi. Saylovchilarning ovoz berishini nazorat qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish saylov komissiyalari tomonidan ochiq va oshkora amalga oshiriladi.

Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan kamida o‘n besh a'zodan kam bo‘lmagan tarkibda tuziladi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari, shuningdek, mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasining boshlanishi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ularning vakolatlari muddati tugashiga uch oy qolganida ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentligi, Qonunchilik palatasi deputatligi, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarni siyosiy partiyalar ilgari surish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti besh yil muddatga saylanadi. Bir shaxs ketma-ket ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasining prezidenti bo‘lishi mumkin emas.

Davlat tilida erkin so‘zlasha oladigan, o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, O‘zbekiston Respublikasi hududida saylovlardan oldin kamida o‘n yil muddat yashagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti etib saylanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga quyidagi nomzodlar ro‘yxatga olinmaydi:

ilgari qasddan jinoyat sodir etganlik uchun sudlangan fuqarolar;
jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi munosabati bilan qonun tomonidan ta'qib qilinayotgan fuqarolar;
diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatish saylovga oltmish besh kun qolganida boshlanadi va saylovga qirq besh kun qolganida tugaydi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga nomzodlar siyosiy partiyalarning oliy organlari tomonidan ilgari suriladi.

Hujjat bilan regulation.gov.uz saytida batafsil tanishish mumkin. 

Mavzuga oid