Jamiyat | 21:53 / 26.07.2018
13269
2 daqiqa o‘qiladi

Islomoboddan Boburga tegishli qo‘lyozma topildi

Turkmaniston Fanlar akademiyasi Maxtumquli nomidagi Til va adabiyot instituti mutaxassislarining Pokiston Islom Respublikasiga ilmiy safari paytida Islomobod Milliy kutubxonasi fondida Bobur devonining qo‘lyozmasi topildi. Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati Turkmaniston Fanlar akademiyasi Maxtumquli nomidagi Til va adabiyot instituti yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi Rahimmamed Kurenovga asosan xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, qo‘lyozmaning birinchi varag‘ida nasta'liq xatida bitilgan “Devoni Bobur turkiy” degan yozuv bor. Qo‘lyozmaning boshi, o‘rtasi va oxiridagi sahifalarga anchagina ziyon yetgan.

Qo‘lyozma qog‘ozi va xattotning uslubi kitob Bobur yashagan davrda yoki undan sal keyinroq bitilganidan darak beradi. Yaqindan tanishib chiqilganda ayon bo‘ldiki, kitob uchta asarni o‘z ichiga olgan. U “Mubayyin”dan boshlanadi, keyin “Devon”, oxirida esa Boburning “Aruz risolasi” yoki “Muxtasar” asari bilan yakunlanadi.

Boburning Islomobod Milliy kutubxonasida saqlanayotgan ushbu qo‘lyozmasi shu paytga qadar ilmiy jamoatchilikka ma'lum emas edi.

Mavzuga oid