Jahon | 00:00 / 28.07.2018
12123
2 daqiqa o‘qiladi

“MTS” Turkmaniston ustidan xalqaro tashkilotga arz qildi  

Foto: TASS/Valeriy Sharifulin

“MTS” kompaniyasi Turkmanistondagi filiali “MTS Turkmenistan” o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgandan keyin Jahon banki qoshidagi Investitsiyaviy bahslarni hal qilish bo‘yicha xalqaro markazga arz qildi.

MTS xabarida aytilishicha, mobil operator faoliyatini to‘xtashidan ko‘rgan umumiy ziyoni hali oxirigacha belgilanmagan, biroq dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra kamida 750 mln dollarga baholanmoqda.

“MTS Turkmenistan” 2017 yil 29 sentabrdan Turkmanistondagi mijozlariga uyali aloqa xizmatlarini ko‘rsatishdan to‘xtagan. 

“MTS” Turkmaniston davlati uning xorijiy sarmoyachi sifatidagi huquqini buzgan deb hisoblamoqda. Bu natijada “MTS”ning Turkmanistondagi investitsiyalaridan to‘liq mahrum bo‘lishiga olib kelgan”, deb ma'lum qilgan kompaniya.  

“MTS” Turkmaniston bilan ziddiyatlar hal qilinmagani sababli xalqaro tashkilotga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.  

Kompaniya Turkmanistonda 2006 yildan ishlashni boshlagan va 2010 yilgacha mobil aloqa sohasida deyarli monopolchi bo‘lgan hamda 2,5 mln mijozga xizmat ko‘rsatgan. Bu orada milliy operator “Altin Asir” bor-yo‘g‘i 0,5 mln mijozga xizmat ko‘rsatgan.

2017 yil sentabrda “Turkmentelekom” “MTS” bilan hamkorlik shartnomasini uzaytirmagan va bu xalqaro va shaharlararo aloqa hamda internetga kirish xizmatlarining o‘chirilishiga olib kelgan. 

2017 yil yakunlariga ko‘ra, “MTS” Turkmanistondagi aktivlari qadrsizlanishidan 3,2 mlrd rubllik zarar ko‘rgan.

Mavzuga oid