IV Xalqaro armiya o‘yinlariga start berildi. Unda o‘zbekistonlik harbiylar ham ishtirok etmoqda
Rossiya, Qozog‘iston, Belorussiya, Ozarbayjon, Armaniston, Xitoy va Eronning poligonlarida bo‘lib o‘tadigan yilning eng nufuzli harbiy musobaqalariga 28 iyul kuni Rossiya Federatsiyasining Moskva viloyatidagi “Patriot” parkida start berildi. Bu haqda KUN.UZ’ga Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unda Rossiya, Ozarboyjon, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston mudofaa vazirlari hamda Venesuela, Vetnam, Myanma qurolli kuchlari bosh shtabi boshliqlari qatnashdi. O‘zbekiston Respublikasidan mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Pavel Ergashev vakillik qildi.
To‘rtinchi Xalqaro armiya o‘yinlarida bu yil 33 mamlakatning 200 dan ziyod jamoalari 7 davlatning 24 ta poligoni bazalarida ArMI-2018 musobaqaning 28 yo‘nalishi bo‘yicha o‘zaro kuch sinashadi. “Harbiy olimpiada” nomini olgan mazkur musobaqalarning deyarli hamma yo‘nalishida harbiylarning qurol bilan ishlash ko‘nikmasi amalda sinaladi.
O‘tgan yilgi “Xalqaro armiya o‘yinlari - 2017” doirasida bo‘lib o‘tgan musobaqalarda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi vakillari birinchi marta ishtirok etishiga qaramay, 8 yo‘nalishning 5 tasida sovrindorlar qatoridan joy olgan. Bu yilgi musobaqaning 13 turida ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik harbiylar o‘tgan yilgi rekordini yangilab, yuksak marralarni ko‘zlashyapti.
Musobaqalarda bu yili ilk bor Aljir, Vetnam, Myanma, Pokiston, Sudan va Filippin qurolli kuchlari vakillari qatnashmoqda.
Rossiya Federatsiyasi hududida musobaqaning 17 ta, Xitoyda 4 ta, Qozog‘istonda 3 ta va Belarus Respublikasi, Eron, Ozarboyjon va Armanistonda bittadan yo‘nalishi bo‘yicha bahslar o‘tkaziladi. To‘rtinchi Xalqaro armiya o‘yinlari shu yilning 11 avgustiga qadar davom etadi.
Shuningdek, Rossiyaning Novosibirsk shahri markaziy istirohat bog‘ida “Xalqaro armiya o‘yinlari - 2018” doirasida bo‘lib o‘tadigan “Qo‘shin razvedkasi a'lochilari” yo‘nalishining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Koltsovo yaqinidagi Novosibirsk oliy harbiy qo‘mondonlik bilim yurti dala o‘quv maydoni bazasida o‘tkaziladigan “Qo‘shin razvedkasi a'lochilari” musobaqasi kubogi uchun Rossiya, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston, Armaniston, O‘zbekiston, Xitoy, Zimbabve va Sudanning razvedka jamoalari bellashadi, Filippin va Hindiston vakillari esa kuzatuvchilik qiladi.
Mavzuga oid
18:10 / 24.12.2024
O‘zbekiston armiyasi uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarish va ularga qarshi kurashishni mashq qilmoqda
19:25 / 23.11.2024
Bahodir Qurbonov DXX raisi etib tayinlandi
20:51 / 18.11.2024
“Qurollar qanchalik zamonaviy bo‘lmasin, milliy g‘urursiz ish bitmaydi” - maktablarga harbiy darslar nega kerak?
18:23 / 07.11.2024