O‘zbekiston | 23:43 / 31.07.2018
20247
3 daqiqa o‘qiladi

Oliygohlarga kirish imtihonlari uchun barchasi shay!

O‘zbekistonda 1 avgust kuni boshlanadigan oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlarini o‘tkazish uchun barchasi tayyor. KUN.UZ muxbiri Bosh vazir o‘rinbosari - Ta'lim, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya, sport va turizm masalalari Kompleksi rahbari Aziz Abduhakimov bergan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va poytaxtdagi barcha oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlari o‘tkaziladigan hududlar test sinovlari uchun to‘liq shay. 

Test topshiriladigan maydonlarda abituriyentlar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi. Joylarda abituriyentlarning harakatlanish tartibi va ota-onalarning to‘planish joylari sxemalari mavjud. Bundan tashqari, kerakli joylarga maxsus yo‘l ko‘rsatkichlar qo‘yilgan.

Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, kirish imtihonlarida to‘liq shaffoflik ta'minlanmoqda - barcha jarayonlar test2018.uz sayti hamda UzdigitalTV, viloyatlarda esa mahalliy televideniye orqali to‘liq onlayn namoyish etiladi. 

Endi ota-onalar jaziramada ko‘chada farzandlarini kutib o‘tirishlariga hojat yo‘q. Buning o‘rniga OTMlarga kirish imtihonlari qanday o‘tayotganini uyda, qulay sharoitlarda kuzatishlari mumkin. 

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda test sinovlari bo‘lib o‘tadigan bino va obektlarda 1400 ta videokuzatuv kamerasi o‘rnatilgan, ma'lumotlarni saqlash uchun 1800 terrabayt hajmli maxsus server ishga tushirilgan.
 
Imtihonga kirishda har bir abituriyent shaxsiy ma'lumotlar bazasining markaziy serveriga ulangan qiyofani aniqlovchi maxsus kamera orqali tekshiruvdan o‘tkaziladi. 

Imtihonlar o‘tkaziladigan obektlar yaqinidagi maxsus kutish hududlarida ota-onalar va abituriyentlarning yaqinlari uchun yirik ekranlar o‘rnatiladi. Ular orqali test jarayonlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatish imkoni bo‘ladi.

Umid qilamizki, yaratilgan barcha sharoitlar respublikadagi test sinovlarining adolatli, shaffof hamda xolis o‘tishi uchun xizmat qiladi.

Mavzuga oid