O‘zbekiston | 12:56 / 31.07.2018
28962
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi birinchi pullik yo‘llarning qurilishi Germaniya kompaniyasiga topshirilishi mumkin

Foto: Wikimedia

O‘zbekistondagi birinchi pullik yo‘llarning qurilishi Germaniyaning GP Günter Papenburg kompaniyasiga berilishi mumkin. Bu prezidentning «2018-2019 yillarda investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni tezlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida nazarda tutilgan.

Papenburg mamlakatda allaqachon mavjud - uning ishtirokida asfalt aralashtirish qurilmalari va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish bo‘yicha o‘zbek-nemis qo‘shma korxonasi tashkil etilmoqda.

Bundan tashqari, kompaniya «Teltomat» asfalt aralashtirish zavodlarini ta'mirlash, davlat-xususiy sherikchilik tamoyillari asosida yo‘llarni ta'mirlash va qurishga jalb etilishi mo‘ljallangan.

Papenburg, o‘z navbatida, ushbu loyihalarda ishtirok etishga tayyor va O‘zbekiston zavodlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqdi, o‘zbek mutaxassislarini Germaniyada o‘qitishga rozi bo‘ldi.

Pullik yo‘llarga kelsak, ular mavjud bo‘lgan shaharlararo yo‘llarga muqobil bo‘lishi rejalashtirilmoqda. Kompaniyaga tunnel qurilishi ham topshiriladi. Bularning bariga 500 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni nazarda tutilgan. Loyiha quvvati va aniq muddatlar hali aniqlanmagan.

Mavzuga oid