Jahon | 13:17 / 01.08.2018
27614
3 daqiqa o‘qiladi

Kutilmagan burilish - AQSh vitse-prezidenti Rossiyaning saylovlarga aralashuvi haqida bayonot berdi

31 iyul kuni Nyu-Yorkda AQShning yuqori martabali mulozimlari ishtirokida Milliy kiberxavfsizlik sammiti o‘tkazildi.

Unda qatnashgan vitse-prezident Mayk Pens hamda ichki xavfsizlik vaziri Kirsten Nelsen xonim Rossiyaning AQSh saylovlarida qatnashgani haqida bayonot berishdi.

Qaysidir ma'noda bu bayonotni kutilmagan chiqish deyish mumkin, chunki har ikki mulozim Donald Trampning tarafdorlari sifatida e'tirof etiladi.

Xususan, aynan Tramp Nelsen xonim nomzodini AQShning eng muhim vazirliklaridan bo‘lgan ichki xavfsizlik vazirligiga rahbar sifatida tavsiya qilgandi. Vitse-prezident Mayk Pens esa doim Trampning himoya qilib keladi. Masalan, Xelsinkida o‘tgan sammitdagi Trampning mamlakat aholisi tomonidan «sharmandali» deb baho berilgan chiqishidan keyin Pens prezidentni qo‘llashga o‘zida kuch topa olgandi.

«Bu ruslar edi», deb so‘zini boshladi Nelsen xonim AQShda o‘tgan 2016 yildagi prezidentlik saylovlariga chetdan aralashuv bo‘lgani haqida gapira turib. «Saylovlarimizga bo‘lgan har qanday aralashuvni demokratiyamizga tahdid deb bilamiz. Biz bunga jim qarab tura olmaymiz»,- deya ichki xavfsizlik vaziridan iqtibos keltiradi Bloomberg.

Odatda keskin chiqishlardan tiyiladigan va og‘ir bosiq hisoblangan janob Pens ham bu borada Rossiyaning aralashuvi inkor qilib bo‘lmaydigan fakt ekanini ta'kidladi: «Bizning 2016 yildagi saylovlarimizda Rossiyaning aralashuvi inkor etib bo‘lmaydigan fakt. Bu bizning razvedka taqdim etgan ishonchli ma'lumot»,- deydi Pens.

Xelsinkida o‘tgan sammitda Trampdan Rossiyaning AQShdagi saylovlarga aralashgani borasida nimaga o‘z razvedkasiga emas, Putinning so‘zlariga ishonayotgani haqida so‘rashganda u «Putinning dalillari ishonchliroq» deb javob bergandi.

AQSh prezidentining mamlakatning eng muhim tashkiloti hisoblangan razvedkaga butun dunyoning ko‘z o‘ngiga ishonchsizlik bildirgani ko‘pchilik siyosatchilarning, xususan Trampning tarafdorlari bo‘lgan insonlarning ham g‘azabini qo‘zg‘atgandi. Masalan, Trampni saylovlarda qo‘llab-quvvatlagan Arnold Shvartsenegger prezidentni «Vatanni sotganlikda» ayblagandi.

Mavzuga oid