Jamiyat | 10:10 / 01.08.2018
26288
4 daqiqa o‘qiladi

Oq va qora: Bugun partiyalar prezidentga yetarlicha dastak bo‘la olmayapti

Mustaqil terrolog-analitik Said-Abdulaziz Yusupov muallifligida «Oq va qora» ko‘rsatuvining navbatdagi sonida partiyalarning bugungi kundagi holati, ularning davlatchilik va taraqqiyotga ta'siri haqida so‘z yuritiladi.

Biz bugun kuchli davlat qurish yo‘lida mujodala beryapmiz, harakat qilyapmiz. Kuchli davlat barpo qilishimiz uchun har birimiz harakat qilishimiz kerakligi haqida qayta-qayta so‘z yurityapmiz. Bular haqida eslatyapmiz, iltimos qilyapmiz. Ammo butun boshli bir xalq harakatini, butun boshli millat harakatini ko‘rolmayapmiz. Albatta, buning o‘ziga xos sabablari bor.

Bir misol keltiraman: falsafaning tagida asl haqiqat yotgani kabi huquqning tagida isbot yotadi. Siyosatning tagida esa ishonch yotadi. Bu juda muhim narsa. Va eng parodaksal nuqta shuki, agar xalqda ishonch bo‘lsa, u na isbot talab qiladi va na boshqa haqiqat izlaydi. Ishonch barcha narsaning o‘rnini egallab ketadi. 

Aytmoqchi bo‘lgan narsamiz shundan iboratki, xalqning ishonchini shakllantiradigan eng kuchli mexanizmlardan biri bu – partiyalardir. Bugun partiyalar prezidentga yetarlicha dastak bo‘la olmayapti. Partiya sifatida ularning faoliyati mutlaqo ko‘rinmayapti. Mayda-mayda ishlar, biz nimadir qilyapmiz, degan taskinlar o‘z-o‘zini aldashdan boshqa narsa emas. Prezident katta bir davlatni boshqarishda mana shularga suyanishi kerak va bu suyanch mustahkam bo‘lmog‘i darkor.

XXI asrning, huquqiy demokratik davlatning talabi shundan iboratki, muammolarni bartaraf etish bilan birga, uning sabablari bilan ham kurashishimiz kerak. Masalan, O‘zbekistonga investitsiya kerak. Xorijdagi elchixonalarimiz turli yig‘ilish va marosimlarda mamlakat haqida umumiy gaplar aytishadi. Bir viloyat miqyosida olib qaraylik: 10 ming dollardan 150 million dollargacha bo‘lgan nechta investitsiya loyihasi bor? Shularning barini, bitta viloyat doirasida yagona katologga birlashtirsa bo‘ladi-ku?

Bunday ishlarda ham partiyalarning o‘rni, roli bo‘lishi kerak. Investor keldimi qo‘liga aniq biznes plan tutqazish lozim. Pul tikayotgan sarmoyador pulini qayerga qo‘yayotgani va qancha muddatdan keyin foyda olishi mumkinligi haqida aniq tasavvurga ega bo‘lmasa, o‘zimiz ishonib aytayotgan buyuk kelajak haqidagi so‘zlar ular uchun cho‘pchakka aylanadi.

Mana shu tashabbuslarni, mana shu jasoratlarni partiyalarimiz, hokimlarimiz ko‘rsatishi kerak. Bizga yangicha g‘oya kerak, yangicha ishlash uslubi kerak. Xo‘sh, nimaga? Chunki butun boshli mamlakat prezidenti faqatgina millatiga, xalqiga, Xudoning irodasiga suyanibgina mamlakatni taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqyapti. Yangicha fikrlash, yangicha ishlash, yangicha tafakkur tarzi talab etilmoqda. Bu juda muhim. Partiyalar jonlansin, partiyalar kuchli bo‘lsin. Agar ularda shu xususiyatlar bo‘lsa, prezident kuchli bo‘ladi. Prezident kuchli bo‘lsa davlat kuchli bo‘ladi. Agar davlat kuchli bo‘lsa, sizu bizning, farzandlarimizning kelajagi kafolat ostida bo‘ladi.

Mavzuga oid