Jamiyat | 13:05 / 01.08.2018
32045
5 daqiqa o‘qiladi

U silni qanday qilib yengdi - o‘zini davolagan va boshqalarga yordam berayotgan yigit haqida hikoya

Foto: getty images

Sarvar kunni mahallani aylanib chiqish bilan boshlaydi. Asosan, chet eldan qaytgan mehnat muhojirlari bilan muloqotda bo‘ladi. U ikki yildan buyon autrich vazifasida ishlab kelmoqda. Bu — chet elda mehnat faoliyati yuritib kaytgan fuqarolarda sil kasalligi bor yoki yo‘qligini aniqlash uchun tibbiy ko‘rikka jalb qilish degani.

31 yoshli Sarvar bu ishni qilishdan asosiy maqsadi — sil kasalligiga chalingan bemorlarni barvaqt aniqlash, ularni davolanishga taklif qilish va bu kasallikning davosi borligiga ishontirish hamda ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash. Chunki Sarvar bu kasallikni o‘z boshidan o‘tkazgan. U bunday bemorlar qanchalik mehr- muruvvatga muhtojligini butun vujudi bilan his qiladi. U hayotga erkin nigoh bilan boqadi.

— Musofirchilikdagi sarson-sargardonlik kishining irodasini bukib qo‘yarkan, —deydi Sarvar. — Men qisqa muddat (besh yarim oy) davomida Rossiyada ishlab, shu yerda yashadim. Ish sharoitim og‘ir edi. Aniq va uzoq muddatli ishim ham yo‘q edi. Yashash manzilim, doimiy ro‘yxatim yo‘qligi, muhojir bo‘lganligim sababli juda qiyin sharoitda yashashga majbur bo‘ldim.

Ayniqsa, o‘ttiz yetti kun yerto‘lada — zax sharoitda yashaganim sababli sog‘ligim yomonlashdi. Dastlab qisqa yo‘tal, holsizlanish, isitmamning ko‘tarilishi meni xavotirga sola boshladi. Ishsiz qolishimdan qo‘rqib, sog‘ligimga ahamiyat bermadim. 1 oy ichida yo‘talim kuchayib, ishtaham yo‘qoldi. Tez-tez isitmalab, madorsizlana boshladim. Sog‘ligim yomonlasha boshlagani sababli uyga qaytishga majbur bo‘ldim.

Toki singlimning dugonasi Komila kelib, menga sil kasalligi haqida ma'lumot berganga qadar, uyda ancha vaqt ko‘rpa-to‘shak qilib yotdim. U menga shifoxonaga borib tibbiy ko‘rikdan o‘tishim kerakligini tushuntirdi. Shundan so‘ng shifokorlarning ko‘rsatmasi bilan analiz topshirdim va menda sil kasalligi aniqlanganligini bildim.

Sarvar kasallanganligini bilgach, qattiq ruhiy tushkunlikka tushdi. Sil kasalligi haqida to‘liq ma'lumotga ega bo‘lmasa-da, bu kasallik to‘g‘risida salbiy gap-so‘zlarni ko‘p eshitgandi. Ertalabgacha mijja qoqmadi. «Endi nima bo‘ladi, oila-a'zolarim, turmush o‘rtog‘im menga qanday munosabatda bo‘ladi, ayniqsa qo‘shnilar nima deydi»,  degan har xil savollar uning xayolidan o‘ta boshladi.

Uzoq o‘ylab, turmush o‘rtog‘iga kasalligi haqida ma'lum qildi. Ayoli bir lahza chuqur o‘yga tolib, zudlik bilan Sarvarning kiyimlarini yig‘ishtira boshladi. Sarvar bu holatdan hayratlanib, xotini nima qilayotganligini tushunmadi. Ayoli kiyimlarini yig‘ishtirib bo‘lgandan so‘ng, Sarvarning shifoxonada yotib davolanishi kerakligini aytdi.

Shundan so‘ng Sarvar shifoxonada 58 kun davolandi. Davolanish asnosida u deyarli har kunida o‘zining holatini nazorat qilar, shifokor tavsiya qilgan dorilarni muntazam ichish natijasida o‘zidagi sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarni yon daftarchasiga qayd qilib borar edi. Shuningdek, har kuni telefon kamerasida o‘zini suratga tushirishdan ham charchamasdi. Nihoyatda chehrasida o‘zgarish bo‘lib, ishtahasi ochilib, kun-sayin ahvoli yaxshilanayotganligini his qildi. Sarvarni davolovchi shifokor 57 kuni uning oldiga kirib, bu kasallikdan butunlay tuzalganligini aytganida, Sarvarning ko‘zlarida yosh qalqidi...

«Bu kasallikni davolash uchun har bir fursat g‘animat. Demak, yangi kelgan bemorlarga ham bu kasallikning davosi borligi haqida tushuntirib, boshqalarga ham yordam berishim kerak».

Uning xayolidan o‘tgan narsa ham aynan shu bo‘ldi. O‘zi ham shu damda bu kasallikni davolash mumkinligini tushunib yetdi va autrich bo‘lib faoliyat yuritishga ahd qildi.

Bugungi kunda Sarvar bir necha bemorlarning tuzalib ketishiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

— Kasallikdan qutulish uchun eng avvalo inson o‘ziga ishonishi kerak. Shunda bu kasallik qo‘rqinchli bo‘lmaydi, — deydi bizga va xastalangan bemorlarga suhbatdoshimiz Sarvar.

Demak, sil bedavo dard emas.

Shuhrat Xurramov,

jurnalist.

Mavzuga oid