Jahon | 11:09 / 02.08.2018
7877
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Dohaga hujum rejasini buzgani uchun Ar-Riyod va Abu-Dabi Tillersonni iste'foga chiqarishga erishgan

Foto: Saul Loeb/AFP/Getty Images

Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari ularning Qatarga bostirib kirish va Dohani egallab olish rejalariga xalaqit bergani uchun Reks Tillersonning AQSh davlat kotibi lavozimidan ketishiga erishgan. Bu haqda The Intercept portali xabar berdi.

Portal manbalarining ma'lumotlariga ko‘ra, Tillerson 2017 yil yozida Ar-Riyod va Abu-Dabini hujum qilish va vaziyatni keskinlashtirishdan qaytarish uchun bir necha bor qo‘ng‘iroq qilgan. U shuningdek Pentagon rahbari Jyeyms Mettisga Saudiya va BAAdagi hamkasblariga qo‘ng‘iroq qilish va ularni Qatarga qarshi harbiy kuch ishlatish oqibatlaridan ogohlantirishni tavsiya qilgan.

Portalning yozishicha, Tillerson Qatarga qarshi harbiy operatsiya o‘tkazilishi rejasidan Qatar hukumati orqali xabardor bo‘lgan.

Ar-Riyod va Abu-Dabi davlat kotibining aralashuvidan g‘azablangan va Tillersonning iste'fosiga erishish uchun AQSh prezidenti Donald Trampga ta'sir o‘tkazishga uringan.

Portalning yozishicha, uning iste'foga chiqarilishida amerikalik tadbirkor Jorj Nader va Respublikachilar partiyasining yirik donori Elliott Broydi muhim rol o‘ynashgan. Ular Tramp bilan tanishligidan foydalanib unga Tillersonni bo‘shatish hamda tashqi siyosatni Saudiya Arabistoni va BAA manfaatlari yo‘lida olib borishni maslahat berishgan. 

2017 yil yozda Saudiya Arabistoni, BAA, Bahrayn va Misr Dohani terrorchilikni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ichki ishlariga aralashishda ayblab Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzishganini ma'lum qilgandi. Buning ortidan amirlikka nisbatan iqtisodiy sanksiyalar va transport qamali joriy etildi. 

Mavzuga oid