O‘zbekiston | 19:16 / 02.08.2018
26135
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «G‘o‘za parvarishida zarbdor 40 kunlik» e'lon qilindi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “G‘o‘za parvarishida yuzaga kelgan murakkab vaziyatning salbiy oqibatlarini bartaraf etish hamda hosilga hosil qo‘shishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, g‘o‘za parvarishida yuzaga kelgan favqulodda vaziyatning salbiy oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini tizimli tashkil qilish asosida kafolatlangan paxta hosilini yaratish maqsadida joriy yilning 5 sentabriga qadar respublikada «G‘o‘za parvarishida zarbdor 40 kunlik» e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari 3.T.Mirzayev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi (Samadov), Ichki ishlar vazirligi (Bobojonov), Davlat soliq qo‘mitasi (Musayev), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 4 ta sektor rahbarlari, fermerlar, suvchilar va mexanizatorlarning 2018 yil 5 sentabrga qadar doimiy ravishda dalada bo‘lishini ta'minlagan holda «G‘o‘za parvarishida zarbdor 40 kunlik»da:

g‘o‘zani 5 marotaba (avgust oyida 4 marotaba, sentabr oyida 1 marotaba) kultivatsiya qilish;

o‘simlikning o‘sishini boshqaruvchi va qo‘shimcha hosil olishni ta'minlovchi biostimulyatorlar bilan kamida 2 marta ishlov berish;

g‘o‘za zararkunandalariga qarshi biomahsulotlarni dalaga chiqarish, o‘rgimchakkana, ko‘sak qurti va beda qandalasi tushgan maydonlarda kimyoviy ishlov o‘tkazish;

g‘o‘zani kamida ikki marta faqat sharbat usulida sug‘orishni tashkil qilish, tungi sug‘orish ishlarini alohida nazoratga olish;

joriy yilning 10 avgustiga qadar barcha hududlarda g‘o‘zani chekanka qilish ishlari sifatli o‘tkazilishini tashkil etadilar.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosarlari Z.T.Mirzayev va A.S.Sultonov, «O‘zkimyosanoat», «O‘zagrokimyohimoya» va «O‘zbekiston tovar xomashyo birjasi» aksiyadorlik jamiyatlari Samarqand viloyatiga 6 ming tonna, Buxoro viloyatiga 3 ming tonna, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga 4 ming tonnadan, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga 5,5 ming tonna, jami 22,5 ming tonna azotli mineral o‘g‘itlarni to‘rt kun muddatda yetkazib berilishini ta'minlaydi.

Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari hokimlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi yetkazib berilgan mineral o‘g‘itlar bilan 128 ming gektar rivojlanishdan orqada qolgan g‘o‘za maydonlarini qo‘shimcha oziqlantirish ishlari 5 kun muddatda yakunlanishini ta'minlaydilar.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda «Mexanizatorlar uylari»ga biriktirilgan ichki ishlar xodimlarining mas'uliyatini oshirgan holda «G‘o‘za parvarishida zarbdor 40 kunlik»da mexanizatorlarning doimiy ravishda dalada bo‘lishini, ishni har kuni «topshiriq-hisobot» tizimi asosida samarali tashkil etilishini ta'minlaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari «mexanizatorlar uylari»da mexanizatorlar uchun yotoq joy, issiq ovqat va boshqa zarur sharoitlarni yaratish uchun mas'ul etib belgilandi.

«O‘zagrokimyohimoya» aksiyadorlik jamiyati,O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda mavjud OVX agregatlari va qo‘l apparatlarini otryadlarga biriktirgan holda, birinchi navbatda g‘o‘za zararkunandalari o‘chog‘i bo‘lgan maydonlarga kimyoviy ishlov berishni, shuningdek, avgust oyida g‘o‘za maydonlariga ikki marta to‘liq biostimulyatorlar bilan ishlov berishni kunning kechki paytida «topshiriq-hisobot» tizimi asosida tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta'minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga «Mexanizatorlar uylari»da barcha sharoitlarning yaratilishi, kultivatorlar va boshqa mexanizmlarning «otryad» usulida ishlashi tizimning ishlashi ustidan tizimli nazorat o‘rnatish tavsiya etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, «O‘zagrokimyohimoya» aksiyadorlik jamiyati soha olimlari va mutaxassislaridan iborat ishchi guruhni shakllantirsin va «G‘o‘za parvarishida zarbdor 40 kunlik»da Surxondaryo viloyatida g‘o‘za zararkunandalariga, ayniqsa, beda qandalasiga qarshi kurashish ishlarida ilmiy yondashuv asosida amaliy yordam berish uchun joriy yil 5 sentabrgacha xizmat safariga yuboradi. 

Mavzuga oid