O‘zbekiston | 20:55 / 06.08.2018
22180
4 daqiqa o‘qiladi

Bugungi imtihonlarda yana 185 nafar abituriyent chetlatildi. Bunday abituriyentlar soni 1634 nafarga yetdi

Respublika oliy ta'lim muassasalariga kirish test sinovlarining oltinchi kuni - 6 avgustda o‘tkazildi va to‘liq yakunlandi. 

Test sinovlarining oltinchi kuni respublikadagi 16ta oliy ta'lim muassasalarida test jarayonlari bir vaqtda 1-smenada 8.00dan boshlanib, 11.30ga qadar va 2-smenada 15:00 dan boshlanib, 18:30 ga qadar to‘liq yakunlandi. 

Test sinovlari o‘tkaziladigan 57ta binoda yong‘in va xavfsizlik choralari ko‘rildi. Barcha binolarda tibbiyot xodimlarining navbatchiligi hamda test sinovlari o‘tadigan hududlarda tez yordam mashinalari tashkil etildi. 

Shu kunlarda havo haroratining ko‘tarilishi natijasida abituriyentlarning ota-onalari uchun salqin joylarda o‘rinlar soni ko‘paytirildi va u yerda katta hajmli monitorlar yordamida test jarayonlari onlayn ko‘rinishda yoritib borildi.

Yozning chillasida ota-onalarga yanada qulaylik yaratish maqsadida ilk bor test sinovlari UzdigitalTV va mahalliy telekanallar orqali hamda test2018.uz Internet saytida onlayn ko‘rinishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritildi.

Ichki ishlar tizimidan 4 963 nafar shaxsiy tarkib xodimlari, 1206ta aloqa vositalari, 694ta metallodetektorlar, 289ta transport vositalari test sinovlari jarayoni xavfsiz o‘tishiga jalb qilindi.

Test sinovlarini o‘tkazishga ta'lim muassasalaridan test sinovlari o‘tkazish tartib-qoidalari va texnologiyasi bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan 2 ming 394 nafar guruh nazoratchilari jalb etildi. 

Barcha hududlarda jamoat va yong‘in xavfsizligi, test materiallarining maxfiy va dahlsizligi, binolar faoliyat tizimining uzluksiz ishlashi, tibbiy xizmat va inshootlarni qo‘riqlash to‘liq ta'minlandi. 

Test sinovlarida 16 ta oliy ta'lim muassasalarining 58 ta ta'lim yo‘nalishida 57 ming 856 nafar abituriyent ishtirok etdi, turli sabablarga ko‘ra 1441 nafar abituriyent test sinovlariga kelmadi. 

Test sinovlari tartib qoidalarini buzganligi sababli 185 nafar abituriyent, shundan 110 nafari hududga kirish joyida uyali telefon, shpargalkalar olib kirishga va o‘zgani o‘rniga kirishga uringanligi uchun, 75 nafari bino ichida shpargalkadan foydalanishga va boshqa abituriyentlarga yordam berishga uringanligi uchun test sinovlaridan chetlashtirildi.

Test natijalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan Feldegerlik xizmati tomonidan maxfiyligi va daxlsizligini ta'minlagan holda Davlat test markaziga 18.30 dan qaytarish boshlandi. So‘nggi materiallar Farg‘ona vodiysi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan kechasi 2:00da yetib keladi.

Yetib kelgan test natijalari bo‘yicha darhol kompyuter yordamida qayta ishlash jarayoni boshlanadi. 

Davlat test markazining xodimlari tashqariga chiqmasdan, telefon va boshqa aloqa vositalaridan foydalanmagan hamda test materiallarining maxfiyligini ta'minlagan holda test materiallarini qayta ishlaydi.

6 avgust test natijalari 7 avgust kuni kunning ikkinchi yarmida Davlat test markazi saytida e'lon qilinadi.

Respublikada test sinovlari 1-15 avgust kunlariga rejalashtirilgan. Tashkil qilingan tizim bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.

Ma'lumot uchun, 1-5 avgust kunlari o‘tkazilgan test sinovlarida 290 ming 44 nafar abituriyent qatnashgandi.

6442 nafar abituriyent test sinovlariga kelmadi yoki kechikib kelgani uchun kiritilmagan, 1449 nafar abituriyent tartib qoidalarini buzgani uchun chetlatilgandi.

Shundan 807 nafar abituriyent hududga kirish joyida uyali telefon, shpargalkalar olib kirishga va o‘zgani o‘rniga kirishga uringani uchun, 692 nafari bino ichida shpargalkadan foydalanishga va boshqa abituriyentlarga yordam berishga uringani uchun chetlatilgandi.

Endilikda imtihonlarga kelmagani yoki kechikkani uchun kiritilmagan abituriyentlar soni 7882 nafarni, chetlatilganlar soni esa 1634 nafarni tashkil qilmoqda.

Mavzuga oid