O‘zbekiston | 18:54 / 11.08.2018
13684
3 daqiqa o‘qiladi

Qurolli Kuchlar tizimida har juma “Ma'naviy yuksalish va vatanparvarlik kuni” etib belgilandi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 4 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ma'naviy-ma'rifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi 3898-son qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida haftaning har juma kuni “Ma'naviy yuksalish va vatanparvarlik kuni” etib belgilandi. 

Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ushbu kunda ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar orqali nimalarga alohida e'tibor qaratilishi lozimligi belgilab berildi.

Unga ko‘ra, buyuk ajdodlarimizning hayoti va faoliyatidagi yorqin misollarni targ‘ib qilish orqali yoshlar va harbiy xizmatchilarda jasurlik va mardlik, faxr va iftixor tuyg‘ularini oshirish, shuningdek, harbiy xizmatchilar va ularning oila a'zolarining ma'naviy-ma'rifiy bilimlarini mustahkamlash, ularda vatanparvarlik, Vatanga muhabbat, milliy istiqlol g‘oyalariga sodiqlik, Qurolli Kuchlarga hurmat tuyg‘usini shakllantirish maqsad qilingan.

Bundan tashqari, harbiy qism va bo‘linmalarda to‘plangan eng ilg‘or tajribalar, jangovar tayyorgarlikda erishilayotgan yutuqlar, mamlakatimiz tarixidagi yorqin voqealarni aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilib borish maqsadida uchrashuvlar, harbiy qismlarga tashriflar tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, qarorga asosan Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiyaning Qurolli Kuchlar tizimida ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirishda munosib hissa qo‘shgan harbiy xizmatchilariga hamda fuqarolarga “Ma'naviy-ma'rifiy ishlar a'lochisi” ko‘krak nishoni ta'sis etiladi. Mudofaa vazirligida Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi tuzilishi, harbiy qismlarda “harbiy psixolog”, “psixolog”, “yetakchi sotsiolog”, “harbiy qism komandirining ma'naviyat va ma'rifat ishlari bo‘yicha maslahatchisi — Madaniyat markazi boshlig‘i” lavozimlari, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab, Qurolli Kuchlari Akademiyasi Umumqo‘shin fakulteti bazasida qo‘shimcha “Qo‘mondonlik-taktik tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar” mutaxassisligi bo‘yicha ofitserlar tayyorlash ta'lim tizimi joriy etilishi milliy armiyada ma'naviy-ma'rifiy ishlar tubdan takomillashishini ta'minlaydi.

Mavzuga oid