Jamiyat | 21:15 / 13.08.2018
71181
2 daqiqa o‘qiladi

«Aurum 898» tungi klubining ikki qo‘riqchisi militsiya talabiga bo‘ysunmagani uchun 15 sutkaga qamaldi

11 avgust kuni ma'muriy ishlar bo‘yicha Yunusobod tuman sudi «Aurum 898» tungi klubining ikki nafar qo‘riqchisiga nisbatan ishni ko‘rib chiqdi. 

Kun.uz manbasining xabar berishicha, 1988 yilda tug‘ilgan V.S. va I.F. O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 194- (Militsiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 195-moddalarida (Militsiya xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) ko‘zda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Ularning har ikkisiga 15 sutkalik ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi. 

Eslatib o‘tamiz, 9 avgustga o‘tar kechasi Toshkent shahrining Yunusobod tumani hududida joylashgan «Aurum 898» tungi klubida erkin kurash bo‘yicha professional sportchi Jamshid Kenjayev va klub qo‘riqchilari o‘rtasida janjal kelib chiqqandi.  

Kenjayev olingan og‘ir jarohatlar oqibatida shifoxonada jon bergan. Ikki qo‘riqchi - Sh.I va M.A shifoxonaga yotqizilgan. 

Janjalda ishtirok etgan qo‘riqchilarning 4 nafari - Sh.Q, J.Yo, S.K, A.X qo‘lga olingan.

Prokuratura matbuot xizmati xabar berishicha, ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi («Qasddan odam o‘ldirish») alomatlari bilan ish qo‘zg‘atilgan, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ish yuzasidan tergov harakatlari shahar prokuraturasining O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.

Ayni vaqtda Yunusoboddagi tungi klub vaqtinchalikka yopib qo‘yilgan.

Mavzuga oid