Jahon | 23:44 / 13.08.2018
10569
4 daqiqa o‘qiladi

Xominaiy Eron iqtisodiyotiga sanksiyalardan ham ko‘proq zarar keltirayotgan omilni aytdi

Foto: REUTERS

Eron oliy rahnamosi Ali Xominaiy AQSh prezidenti Donald Trampning ikki tomonlama munosabatlar holatini yaxshilash uchun navbatdan tashqari muzokaralar o‘tkazish taklifini rad etgan. Bu haqda oyatulloh 13 avgust, dushanba kuni davlat televideniyesidagi chiqishi chog‘ida ma'lum qildi.

«Men Amerika bilan har qanday muzokaralarni taqiqlayman. Amerika muzokaralar vaqtida bergan va'dalariga hech qachon sodiq qolmaydi», - degan Xominaiyning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Reuters agentligi.

«Amerikaning yadroviy kelishuvdan chiqqani bu mamlakatga ishonib bo‘lmasligining yaqqol isboti bo‘ldi», - deya ta'kidlagan Xominaiy minglab eronliklar oldida qilgan chiqishi vaqtida.

Aytish o‘rinliki, o‘tgan hafta AQSh Eronga nisbatan iqtisodiy sanksiyalarni qayta joriy etgandi. Amerika hukumatiga ko‘ra, ushbu sanksiyalarni yumshatish uchun Eronning yagona chorasi bor, u ham bo‘lsa – Tramp ma'muriyati bilan muzokaralarga kirishish. Biroq fors rasmiylari bu taklifga allaqachon rad javobini berib bo‘lishgan. Bugun Xominaiyning o‘zi omma oldida buni tasdiqladi.

Eron davlat rahbarining fikricha, Vashington tomoni Eron bilan urush kelib chiqish xavfi haqida juda bo‘rttirib gapirmoqda.

«Ular Eron bilan urush ehtimolini juda bo‘rttirib ko‘rsatishyapti. Urush bo‘lmaydi... Biz hech qachon urush boshlamaganmiz va ular ham Eronga harbiy jihatdan tazyiq o‘tkazmaydi»

Eron siyosatida hal qiluvchi ahamiyatga ega siyosatchi o‘z nuqtida, shuningdek, prezident Ruhoniy hukumatini «iqtisodiyotni noqobil boshqarishda» aybladi. Ma'lumot o‘rnida, Hasan Ruhoniy 2015 yili Eron yadroviy shartnomasi bo‘yicha jahonning yetakchi davlatlari bilan keng qamrovli Qo‘shma xatti-harakatlar rejasini (QXHR) tuzish davrida mamlakatni siyosiy va iqtisodiy izolyatsiyadan olib chiqishni va'da qilgandi.

«Iqtisodiyotdagi noqobil boshqaruv oddiy eronliklarga sanksiyalardan ko‘ra ko‘proq zarar keltirmoqda. Men buni [o‘z va'dasiga] xiyonat deb emas, balki boshqaruvdagi katta xato, deb atagan bo‘lardim. Aynan boshqaruvni takomillashtirish va yanada samaraliroq rejalashtirish orqali biz sanksiyalarga dosh berishimiz va uni yengib o‘tishimiz mumkin», - degan Eronning oliy diniy va siyosiy rahnamosi.

Qayd etish joiz, shu yilning aprel oyidan buyon rial yangilangan sanksiyalar tufayli deyarli 50 foizga qadrsizlandi. Eronlik rasmiylar milliy valyuta kursining tushib ketishi va oltin narxining keskin o‘sishiga «dushmanlar»ni aybdor qilib ko‘rsatmoqda.

May oyida Donald Tramp AQShning QXHRdan chiqayotganini ma'lum qilib, Eronga nafaqat eski sanksiyalarni qaytarishi, balki yangi sanksiyalar kiritishga ham va'da bergandi. U Vashington QXHR o‘rniga yangi kelishuvni imzolashga tayyor ekaniga ishontirib, bunda Eronga muayyan shartlarni qo‘ygan.

Mamlakatda, shuningdek, korrupsiya va boshqa iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, 60 dan ziyod inson, jumladan bir necha rasmiylar qo‘lga olingan, ular o‘lim jazosiga hukm qilinishi mumkin.

«Korrupsiyaga aralashgan shaxslar jiddiy jazoga tortilishi kerak», - dedi Xominaiy davlat telekanalidagi chiqishi vaqtida.

So‘nggi bir necha hafta mobaynida minglab eronlik fuqarolar ba'zi oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin ko‘tarilishi, ishsizlik va davlat organlaridagi korrupsiya holatlaridan norozilik bildirib, namoyishlar o‘tkazishdi.

Mavzuga oid