Jahon | 22:40 / 14.08.2018
14525
2 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko iste'foga chiqarilgan vazirni zavodda ishlashga jo‘natdi

Foto: Sergey Guneyev / RIA Novosti

Belorussiya prezidenti Aleksandr Lukashenko Vitebsk viloyatining Orshansk tumaniga tashrifi davomida hukumat ishini tanqid qilib, bir nechta vazirni ishdan bo‘shatdi va birini zavodga ishga jo‘natdi. Bu haqda BeLTA agentligi xabar bermoqda.

«Topshirilgan ishga mas'uliyatsiz munosabatda bo‘lgani uchun Nikolay Sherstnevga qat'iy hayfsan berilsin. Vitaliy Vovk, Anatoliy Cherniy zudlik bilan iste'foga chiqarilsin. Oleg Dvigalev va Stanislav Zas — xizmat vazifasiga mutlaqo noloyiq. Ishlarni kuzgacha to‘g‘rilashmasa, har bir korxona bo‘yicha axborot berishmasa, ketadigan joyiga ketadi. Qolgan mas'ullarni shunchaki ogohlantiraman», — dedi Lukashenko.

Nikolay Sherstnev —Vitebsk viloyati gubernatori. Vitaliy Vovk sanoat  vaziri. Anatoliy Cherniy arxitektura va qurilish vazirligiga rahbarlik qiladi. Oleg Dvigalev davlat harbiy-sanoat qo‘mitasi raisi. Stanislav Zas mamlakat xavfsizlik kengashini boshqaradi.

Ayniqsa sanoat vaziri Lukashenkoning keskin noroziligiga sabab o‘ldi va vazir Orshansk asbobsozlik zavodiga ishga jo‘natildi. 

«Agar bu yerda bergan topshiriqlarim bajarilmasin-chi. Vovkni shu yerga ishga jo‘nating — butun sanoatni oldinga tortsin. Qanday lavozimda ishlashini kecha Sherstnevga aytganman: belgilab berishsin», — deya ogohlantirdi prezident amaldorlarni.

Mavzuga oid