Qazi, baliq uvuldirig‘i, gashish... Bojxonachilar yana nimalarni to‘xtatib qolishdi?
So‘nggi kunlarda respublikaning turli chegara-bojxona postlarida fosh qilingan bojxona qoidabuzarliklari yuzasidan Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati Kun.uz’ga navbatdagi xronikani taqdim etdi.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi. “Keles” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan “Toshkent-Moskva” reysi bo‘yicha respublikamizdan chiqib ketayotgan yo‘lovchi poyezdining vagon-restoranida bojxona qoidabuzarligi fosh qilindi.
Restoran xizmatchisi eksport qilinishi faqatgina prezident va xukumat qarorlari bilan amalga oshiriladigan tovarlar sirasiga kiruvchi go‘sht mahsulotlari – ya'ni qazini bojxona nazoratidan yashirincha olib chiqmoqchi bo‘lgan paytda to‘xtatib qolindi.
Qarang-ki, ushbu shaxs qiymati 32 mln. so‘mlik 458 kg. ot go‘shtidan tayyorlangan ushbu mahsulotlar haqida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ham, bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ham ma'lum qilmagan ekan.
Eslatma: Go‘sht mahsulotlari eksport qilinishi faqatgina prezident va hukumat qarorlari bilan amalga oshiriladigan tovarlar sirasiga kiradi.
«Toshkent-AERO» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi. "Toshkent xalqaro aeroport" chegara bojxona postida Moskvadan uchib kelgan 2 nafar yo‘lovchi “yashil” yo‘lak orqali harakatlanayotib, o‘zlarini go‘yoki yonlarida ortiqcha yuklari yo‘qdek tutishadi.
Ammo, ularga tegishli yuklar belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, yuklar orasida sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 200 kg. baliq uvildiriqlarini ya'ni ikra mahsulotlarini noqonuniy ravishda olib kirishayotgani ma'lum bo‘ldi. Mazkur oziq-ovqat mahsulotining umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 31 mln. so‘mdan ortar ekan.
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi. “Ayritom” chegara bojxona postida Afg‘onistondan kirib kelgan fuqaro O.M.ning qo‘l yuklari nazorat-rentgen apparati yordamida ko‘zdan kechirilganda, unda bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ma'lum qilinmagan, xorijda ishlab chiqarilgan jami 34 dona lazerli nur tarqatgichlar borligini aniqlandi.
Eslatma: Amaldagi tartiblarga ko‘ra, lazer nurli ko‘rsatkichlar sifatida foydalaniladigan portativ lazerli nur tarqatgichlarni O‘zbekiston Respublikasiga chetdan olib kirish va sotish taqiqlangan.
O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksi 22719-moddasiga muvofiq iqtisodiy siyosat choralari va boshqa cheklovlar qo‘llaniladigan tovarlarni ana shu choralar va cheklovlarni qo‘llanishning belgilangan tartibini buzgan holda O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib o‘tish, O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksida nazarda tutilgan hollardan tashqari, agar jinoyat alomatlari bo‘lmasa, — fuqarolarga tovarlarni musodara qilib, eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, mazkur Kodeksning 116-1-moddasi talablariga muvofiq havo kemasidan foydalanish vaqtida havo kemasiga lazer nurini yo‘naltirish orqali xalaqit berish — huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, eng kam ish haqining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma'muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Namangan viloyati bojxona boshqarmasi. Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi va “Kosonsoy” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida narkokurerlardan birining qing‘ir qilmishi fosh etildi.
Mazkur postda qo‘shni davlatdan piyoda ravishda kirib kelgan fuqaro X.Yu. to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, uning qo‘l yuklari orasidagi polietilen o‘ram bojxonachilarning diqqatini tortdi.
Ushbu o‘ram xolislar ishtirokida ochib ko‘rilganida, uning ichiga 50 gr. narkotik modda yashirilganligi aniqlandi.
Xo‘sh, fuqaro X.Yu. ushbu narkotik moddalarni kimga yetkazishni ko‘zlagan edi? Shu maqsadda Namangan shahrida tezkor tadbir davom ettirildi va narkotik moddalarni “intiqlik” bilan kutayotgan fuqarolar D.Q va Sh.Sh ham qo‘lga olindi.
Namangan viloyati Markaziy dorixonasining xulosasiga asosan tezkor tadbir davomida daliliy ashyo sifatida olingan narkotik moddalar 50 gr. og‘irlikdagi “gashish” ekanligi ma'lum bo‘ldi.
Hozirda mazkur holatga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash va surishtiruvga jalb etish bo‘yicha tadbirlar davom ettirilmoqda.
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi. “Yallama” chegara bojxona postida qo‘shni davlat fuqarosi A.T. boshqaruvida kirib kelgan yuk avtomashinasi inspektsion ko‘rik majmuasi orqali ko‘zdan kechirilganida, avtomashinaga ortilgan yuklar bilan yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilgan ma'lumotlar o‘rtasida tafovutlar mavjudligi aniqlandi.
Xolislar ishtirokida avtomashinadagi yuklar bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida esa shubhalar o‘z tasdig‘ini topdi. Hujjatlarga ko‘ra yuk mashinasiga Xitoydan keltirilgan 3 ming 700 AQSh dollari qiymatidagi 25 tonnadan ortiq tovar-moddiy boyliklar ortilgan bo‘lishi lozim edi.
Ammo, ko‘rik davomida avtomashinada hujjatlarda umuman qayd etilmagan 4800 dona parda bezaklari va 1200 dona elektr hisoblagichlar mavjudligi aniqlandi.
Baholash bo‘yicha ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, yuqoridagi holatda olib qo‘yilgan tovar-moddiy boyliklarning umumiy qiymati 537 mln. 600 ming so‘mni tashkil qildi.
Taajjublanarlisi shundaki, O‘zbekistonda ishlab chiqarilganligini tasdiqlovchi yorliqlarga ega, demak taxminlarga ko‘ra muqaddam o‘zimizdan eksport qilingan hisoblagichlarning qayta respublikamizga olib kirilayotganidan kim manfaatdor? Yoki ushbu hisoblagichlar mahalliy mahsulotlarimizning xorijdagi kontrafakt nusxalarimi?
Bu savollarga endi tergov jarayonida aniq javoblar topiladi. Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Eslatma: Amaldagi tartiblarga ko‘ra, respublika hududiga qalbakilashtirilgan mahsulotlar va tovarlarni noqonuniy olib kirishga chek qo‘yish maqsadida bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib kirayotgan yuk tashuvchilar chegarani kesib o‘tgan joyidagi bojxona organlariga o‘tkazilayotgan tovarlar to‘g‘risidagi ma'lumotni, shu jumladan ularning nomi, miqdori, vazni va yuklar qiymati haqidagi ma'lumotni taqdim etishlari shart.
Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi. Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda respublikamizga qo‘l telefonlarini yashirincha olib kirishning antiqa usuli fosh qilindi.
Farg‘ona tumani Vodil qishlog‘idagi chegaradosh hududda fuqaro Yo.D. boshqaruvida harakatlanayotgan “Lasetti” avtomashinasi to‘xtatilib, ko‘zda kechirilganida, sirtdan hech qanday qonunbuzarlik alomatlari ko‘zga tashlanmadi.
Ammo, haydovchining bezovtalanishi va boz ustiga chegaradosh hududda “izg‘ib” yurgani bejiz emas ekan. Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘rikdan o‘tkazilganida, yoqilg‘i metan balloni ichiga ustomonlik bilan 428 dona uyali aloqa vositalari yashirilganligi aniqlandi.
Xorijda ishlab chiqarilgan, qayta sotish maqsadida respublikamizga olib kirilayotgan 8 turdagi mazkur telefonlarning umumiy qiymati 33 mln. so‘mdan oshar ekan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatma: 2018 yilning 1 iyulidan boshlab, qo‘shni davlatlardan telefon apparati, shu jumladan qo‘l telefonlarini bojxona to‘lovlarini to‘lamay, 1 kalendar oyida chegarani birinchi marotaba kesib o‘tayotganda faqat 1 donadan olib o‘tilishi mumkin.
Mavzuga oid
08:23 / 12.12.2024
Toshkent - Farg‘ona yo‘nalishidagi mashinadan qariyb 5 kg gashish topildi
11:50 / 13.11.2024
O‘zbekistonga kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan 65 kg “gashish” musodara qilindi
10:41 / 29.06.2024
Surxondaryo va Farg‘onada Tojikistondan olib kelingan 25 kgdan ortiq gashish musodara qilindi
07:30 / 12.03.2024