Markaziy Osiyoda chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilishdagi asosiy muammolar
O‘zbekiston Respublikasining alohida topshiriqlar bo‘yicha elchisi, tashqi siyosatda Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha kurator Ilhom Ne'matov «Xalq so‘zi. Online» nashrida e'lon qilingan maqolasida O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish borasida keyingi ikki yilda olib borilgan ishlarni bayon qilgan.
«2016 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalishi sifatida Markaziy Osiyodagi qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish sifatida belgilangandi. Bu qo‘shni davlatlar bilan davlat chegaralari bo‘yicha muzokaralarni faollashtirishga qaratilgan muhim qadam edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda uning mas'uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan o‘rta muddatli istiqbolda asosiy xorijiy sheriklar bilan O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy hamkorligini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi.
Davlat chegarasini xalqaro huquqiy rasmiylashtirish jarayonini tezlashtirish masalasi Harakatlar strategiyasi dasturidan ham o‘rin olgan.
Ma'lumki, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan chegaradosh hisoblanib, chegaralarning umumiy uzunligi 7 ming kilometrdan ko‘proqni tashkil etadi. Xususan, O‘zbekiston Qozog‘iston bilan 2356,31 km, Qirg‘iziston bilan – 1476,12 km, Tojikiston bilan – 1296,9 km, Turkmaniston bilan – 1831,49 km va Afg‘oniston bilan – 143 km uzunlikdagi chegaralarga ega hisoblanadi.
O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bilan chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha muttasil tarzda muzokaralar o‘tkazib kelmoqda. 2016 yil avgustidan 2018 yil avgustigacha O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining qo‘shni davlatlar hukumatlari delegatsiyalari bilan 65 uchrashuvi o‘tkazildi. Jumladan, Qozog‘iston bilan 18, Qirg‘iziston bilan 28, Tojikiston bilan 9, Turkmaniston bilan 9 va Afg‘oniston bilan bir marta.
Chegaralardagi muammolarni hal qilish borasidagi asosiy natijalar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 5 sentyabrida Qirg‘iziston respublikasiga va 2018 yil 9 martida Tojikiston respublikasiga tashrifi vaqtida imzolangan kelishuvlar bo‘ldi.
Samarqand shahrida 2017 yil 10-11 noyabr kunlari BMT shafeligida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta'minlash bo‘yicha «Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik» mavzuida xalqaro konferensiyada O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston o‘rtasidagi bahsli nuqtalar bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Qozog‘iston bilan davlat chegarasi delimitatsiyasi bo‘yicha kelishuvga erishib bo‘lingan, endilikda davlat chegaralari demarkatsiyasi bo‘yicha zarur hujjatlarni tayyorlash uchun muzokaralar ketmoqda.
Turkmaniston bilan davlat chegarasi bo‘yicha kelishuv 2000 yilda Ashxobodda imzolangan. 2017 yil martida ikki davlat rahbarlari uchrashuvidagi kelishuvga ko‘ra chegara masalalari bo‘yicha ishchi guruhlarning muzokaralari yana tiklandi.
Afg‘oniston bilan 2018 yil fevralida o‘tkazilgan uchrashuv davomida Amudaryo qirg‘oqlari bo‘ylab chegarani mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Qirg‘iziston va Tojikiston bilan chegara masalasida erishilgan kelishuvlar mamlakatimizning iqtisodiy imkoniyatlarini oshirdi, tovar aylanmasi hajmi o‘sishiga olib keldi, eng muhimi chegara hududida yashovchi fuqarolarning chegaralardan o‘tishda erkin harakatlanishiga imkon yaratdi.
Endilikda O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidan kuniga 30 mingga yaqin kishi, Tojikiston bilan chegaradan esa kuniga 20 mingga yaqin kishi o‘tmoqda.
Qo‘shni mamlakatlarga ishchi safarlarimiz davomida ham biz ushbu davlatlarning mansabdor shaxslari va oddiy aholisi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga qo‘shni davlatlar bilan ochiq va xayrixoh siyosati uchun samimiy minnatdorchilik bildirishlariga guvoh bo‘lamiz», deyilgan maqolada.
Maqolada Markaziy Osiyoda chegaralari delimitatsiya va demarkatsiya qilishdagi asosiy muammolar keltirilgan.
«Birinchi va asosiy muammo — legitim asosning, ya'ni Markaziy Osiyoning qariyb barcha mamlakatlari bilan davlat chegaralarini delimitatsiya qilish uchun barcha tasdiqlash tartib-taomillaridan o‘tgan huquqiy asosning yo‘qligidir.
Ikkinchi muammo — 1924-1927 yillarda, ya'ni Markaziy Osiyo davlatlarini hududiy-chegaralash ishlari amalga oshirilgan yillardagi hamda 1930 yilda va undan keyin qabul qilingan hujjatlardagi qarama-qarshiliklardir.
Uchinchi muammo — xaritalarda aks ettirilgan chegara liniyalari amaliyotda yerlardan, irrigatsiya tarmoqlaridan foydalanish, infratuzilma inshootlari, uy xo‘jaliklari va qabristonlar joylashuvida umuman mos kelmaydi.
Ba'zan ommaviy axborot vositalarida yerlarni almashish, ayrim uchastkalarda chegaralarni belgilash hamda anklav masalalarida unchalik ham to‘g‘ri bo‘lmagan axborotlar tarqatiladi. Shu sababli, noto‘g‘ri talqinlarning oldini olish maqsadida chegaralarni huquqiy rasmiylashtirishning barcha tartib-taomillari oxirigacha yetkazilguncha ushbu masalalarda barvaqt xulosa chiqarishdan tiyilish maqsadga muvofiq sanaladi.
Chegaralarni huquqiy rasmiylashtirish ikki bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda delimitatsiya ishlari, ya'ni chegaralarni xaritada aks ettirish ishlari bajariladi. Ikkinchi bosqichda esa demarkatsiya, ya'ni stolbalarni o‘rnatish va boshqa qurilish ishlarini bajarish bilan bog‘liq jismoniy ishlar amalga oshiriladi.
Ishchi guruh muzokaralari yakunlari bo‘yicha imzolanadigan bayonnoma avval taraflar hukumatlar tomonidan tasdiqlanadi, so‘ng davlat rahbarlari darajasida Davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolanadi. So‘ng bu hujjat ratifikatsiya qilinadi hamda ratifikatsiya yorliqlari almashinadi. Bu juda og‘ir va uzoq davom etadigan jarayondir», degan Ilhom Ne'matov.
Biroz avvalroq OAVda Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegarada yer almashgani haqida xabar tarqalgandi.
Xabarlarda aytilishicha, kelishuvga ko‘ra, Qirg‘iziston O‘zbekistonga «Barak» eksklavini beradi, O‘zbekiston esa Qirg‘izistonning O‘sh viloyati, Qorasuv tumanidagi Oq-Tosh qishlog‘iga chegaradosh bo‘lgan hududdan ushbu eksklavga teng maydonni ajratib beradi.
Chegarani demarkatsiya va delimitatsiya qilish davlatlararo komissiyaning so‘nggi uchrashuvi 1-7 avgust kunlari Farg‘ona viloyatida bo‘lib o‘tgan edi. Komissiya kun tartibida hali yana ikkita anklav masalasini ko‘rib chiqish turibdi: Shohimardon va G‘aznov.
Mavzuga oid
22:47 / 25.12.2024
Putin yana “tarixiy hududlar” haqida gapirdi. U qayerlarni aytyapti?
16:51 / 12.12.2024
Amerikalik tahlilchilar Trampga Markaziy Osiyoni e’tiborsiz qoldirmaslikni taklif qildi
18:38 / 11.12.2024
Markaziy Osiyoda odam savdosi ko‘rsatkichlari pasaymayapti – BMT
16:43 / 07.12.2024