O‘zbekiston | 08:33 / 17.08.2018
16315
3 daqiqa o‘qiladi

Ichki bozorni sifatli go‘sht bilan ta'minlash borasidagi qator tizimli muammolar ma'lum qilindi

Foto: Flickr

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida prezidentning “Respublikada seleksiya-naslchilik ishlarini olib borish tizimini tubdan takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjatda qayd etilishicha, o‘tkazilgan o‘rganish va tahlillar chorvachilikning barcha tarmoqlarida seleksiya-naslchilik ishlari va aholi xonadonlaridagi sigirlarni sun'iy urug‘lantirish, ichki iste'mol bozorini uzluksiz ravishda sifatli go‘sht va go‘sht mahsulotlari bilan ta'minlash va uning narxini barqarorligini ta'minlash borasida qator tizimli muammolar saqlanib qolayotganligini ko‘rsatgan. 

Ular qatorida:

birinchidan, chorvachilikda seleksiya-naslchilik va aholi xonadonlaridagi sigirlarni sun'iy urug‘lantirish ishlarini muvofiqlashtiruvchi yagona tizim yaratilmagan;

ikkinchidan, joylarda sun'iy urug‘lantirish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar qo‘nimsizligi, sun'iy urug‘lantirish shaxobchalari bino, dyuar idishlari va boshqa zarur vositalar bilan yetarli darajada ta'minlanmaganligi natijasida bu boradagi ishlarning natijadorligi past darajada qolgan;

uchinchidan, sigirlarni sun'iy urug‘lantirishning afzalliklari, aholining o‘z qaramog‘idagi sigirlarni sun'iy urug‘lantirish, qo‘y va echkilarning zotini yaxshilash hisobiga ularning mahsuldorligini oshirishga bo‘lgan qiziqishi va tushunchasi orttirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari yetarlicha olib borilmagan;

to‘rtinchidan, chorvachilikning barcha tarmoqlarida naslchilik seleksiya ishlarini yaxshilash bo‘yicha qabul qilingan dasturlarning bajarilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatilmagan;

beshinchidan, sohada davlat va xususiy hamkorlik masalalari talab darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi sun'iy urug‘lantirish sub'yektlarini zarur jihozlar bilan ta'minlash darajasining pastligiga sabab bo‘lmoqda;

oltinchidan, bugungi kunda amaldagi tizim faqat qoramollarni suniy urug‘lantirish bilan cheklanib, sohaning qo‘ychilik, echkichilik, yilqichilik, quyonchilik va boshqa tarmoqlarida naslchilik ishlari deyarli olib borilmagan;

yettinchidan, respublikada yirik va mayda shoxli mollarni bo‘rdoqiga boqishga ixtisoslashgan xo‘jaliklar va yirik komplekslar soni mavjud ehtiyojini to‘liq qoplamaydi.

Mavzuga oid