O‘zbekiston | 09:10 / 17.08.2018
56360
3 daqiqa o‘qiladi

Imtihonda yiqilgan abituriyentlar super-kontrakti arzonroq OTMga «perevod» qilishi mumkin

Foto: «PressPhoto.uz» / Madina Nurman

Kirish imtihonlarida o‘qishdan yiqilgan abituriyentlar super-kontrakti arzonroq OTMga «perevod» qilishi mumkin. Bu haqda 2018/2019 o‘quv yilida oliy ta'lim muassasalariga qabul bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi majlisining qarorida belgilangan

Unga ko‘ra, test sinovlari natijasi bo‘yicha yetarli ball to‘plamagan va oshirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qish istagini bildirgan abituriyentlarga oshirilgan to‘lov-kontraktning miqdori (barobari) kam bo‘lgan ta'lim yo‘nalishini tanlash imkoniyati berildi. Bunda, abituriyent test topshirgan fanlar majmuasining (fan bloklarining o‘rni) mosligi hamda uning doimiy yashash joyi va hujjat topshirgan oliy ta'lim muassasasi joylashgan hudud mezon sifatida belgilandi.

Huquqshunos Xushnudbek Xudayberdiyev telegramdagi kanalida (@xushnudbek) bu holatga izoh bergan.

«Agar super-kontrakt narxlariga e'tibor qilsak, bir-biriga yaqin yo‘nalishlarning super-kontrakt narxlari har xil ekanligini ko‘rish mumkin. Masalan, qaysidir yo‘nalishda 10 barobar, qaysidirida 15 barobar, yana boshqasida 20 barobar.

Endi shunday o‘zgarish kirdiki, super-kontrakt 20 barobar qilib belgilangan yo‘nalishdan yiqilgan abituriyent o‘qishini 15 barobarli joyga ko‘chirishi mumkin.

Eng muhim joyi «perevod» qilinayotgan yo‘nalishlarda test olingan fanlar bir-biriga mos bo‘lishi kerak. Matematika, fizika, ona tilidan test topshirgan abituriyent tarix, chet tili, ona tili bo‘lgan joyga ko‘chira olmaydi», deyiladi izohda.

Ta'kidlanishicha, bunda fanlar o‘rni muhim hisoblanadi.
Masalan, 3ta fan ham mos, lekin joyi o‘zgargan (fizika bittasida 3.1, boshqasida 2.1 ball) bo‘lsa, «perevod» qilib bo‘lmaydi.

Shuningdek, o‘qishni ko‘chirishda hudud ham rol o‘ynaydi. Bunda abituriyent 2 ta joydagi OTMga «perevod» qila oladi:
1. doimiy yashash hududidagi;
2. Hujjat topshirgan OTM joylashgan hududdagi.

Masalan, doimiy yashash joyi Jizzaxda bo‘lgan abituriyent Samarqand viloyatidagi OTMga hujjat topshirdi va kira olmagan vaziyat. Agar u super-kontrakti arzonroq joyga «perevod» qilmoqchi bo‘lsa, yoki Jizzax, yoki Samarqanddagi OTMni tanlashi kerak bo‘ladi, Toshkentga ko‘chira olmaydi.

Quyidagilar mumkin emas:

1. Bu faqat o‘qishga kira olmagan va oshirilgan qo‘shimcha kontraktda o‘qimoqchi bo‘lganlar uchun imkoniyat. O‘qishga kirganlar kontrakti arzonroq joyga «perevod» qila olmaydi;

2. Abituriyent faqat super-kontrakti arzonroq joyga «perevod» qila oladi, qimmatga emas. Masalan, «Tarix» fakultetidan yiqilgan abituriyent qimmatroq bo‘lsa ham Yuridik universitetda o‘qishga roziman desa ham, mumkin emas.

Mavzuga oid