O‘zbekiston | 13:55 / 18.08.2018
8110
10 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro maqom san'ati anjumaniga jami 70ga yaqin davlatdan ishtirokchilar kelishi kutilmoqda

Foto: O‘zA

«Onam maktabda a'lochi bo‘lgan. O‘qituvchi bo‘lish orzusida 1989 yilda Qarshi shahridagi pedagogika oliygohigao‘qishga topshirgan ekan. Bilasiz, u paytlarda imtihonlar test shaklida bo‘lmagan. Asosan, yozma va og‘zaki shaklda bir necha bosqichda o‘tkazilgan. Onam so‘nggi bosqich savolidan tashqari, hammasidan yaxshi o‘tgan ekan.

— Oxirgisi juda qiyin savol bo‘lgandir-da! — desam, dugonam kuldi:

— Eng qizig‘i, u juda oson savol bo‘lgan ekan. Onamdan O‘zbekistondagi madaniy yodgorliklardan misol keltirish so‘ralgan. Aftidan, o‘sha kezlarda yurtimizga mustaqillikning ilk nashidalari kirib kela boshlagan. Onam o‘qigan dasrliklarda esa xalqimizning tarixiy merosi u yoqda tursin, qaytaga o‘tmishimizni bizga qoralab ko‘rsatishgan ekan. Onam bironta ham tarixiy obidani, hatto o‘zi yashayotgan hududdagi Oqsaroyni ham eslay olmagan ekan..»

Otasini tanimagan bola kimga ergashishni bilmagani kabi, ajdodlaridan meros azaliy qadriyatlarni anglamagan millat ham osongina yot madaniyatlarga tobe bo‘ladi. Tarixiga, madaniyatiga sodiq qolgan xalqgina yer kurrasida o‘z nomini, tilini, e'tiqodini saqlab qoladi.

Ajdodlarimizdan bizga qolgan merosni baholashning imkoni yo‘q. Buyuk tariximizdan muhtasham obidalar, go‘zal asarlar, ohanrabo kuylar qolgan. Qadim-qadimdan yuraklarni o‘rtab kelayotgan munojot kabi dillarni sel qiluvchi navolarimizni hali-hanuz dunyo xalqlari sevib tinglashadi. Maqom san'atining gultoji bo‘lgan «Shashmaqom»ning YuNeSKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida e'tirof etilgani va uning reprizentativ ro‘yxatiga kiritilgani bejiz emas. «Shashmaqom»ning har bir kuyi qalblarning eng mudroq hislarini ham uyg‘otib yuboradi, xotiralar qatida qolgan damlarni yodga soladi, o‘ylantiradi...

Afsuski, bugungi axborot asrida betakror maqom kuylarimizdan uzoqlashgandekmiz. Har turli yengil-yelpi kuy-qo‘shiqlar didimizni o‘tmaslashtirib, barhayot navolarni unutishimizga sabab bo‘layotgani ham haqiqat.

Prezidentimiz o‘tgan yili Sohibqiron bobomiz tug‘ilgan yurt — Shahrisabzda bo‘lib, Oqsaroyni ziyorat qilganlarida, tarqoq maqomlarimiz birlashib, «Shashmaqom» dunyoga kelgan davr aynan sohibqiron Amir Temur bilan bog‘liqligini e'tirof etib, Shahrisabzni qadimiy merosimiz bo‘lgan maqomlarni dunyoga taratish uchun eng maqbul joy deya tanladilar. 2017 yilning 17 noyabrida qabul qilingan «O‘zbek milliy maqom san'atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga ko‘ra, Shahrisabz shahrining Oqsaroy maydonida har ikki yilda Xalqaro maqom san'ati anjumani o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi.

Joriy yil 6 — 10 sentyab kunlari yurtimizda ilk bor ana shu anjuman bo‘lib o‘tadi. Dunyoning ko‘plab xalqlarining san'at ustalari diyorimizga tashrif buyurib, o‘zining madaniy merosi, mumtoz kuylarini ijro etishadi.

— Bu anjumanga tayyorgarlik ishlari avjida, — deydi Madaniyat vaziri Baxtiyor ­SAYFULLAYeV. — Vazirlik tomonidan Xalqaro maqom san'ati anjumanining ochilish va yopilish marosimlari dasturi ssenariy loyihalari ishlab chiqildi. Stsenariyni tuzish ishlarida xalqimiz ardog‘idagi san'atkorlar, madaniyat xodimlari Bahodir Yo‘ldoshev, Otanazar Matyoqubov, Ravshan Yunusov, Oqilxon Ibrohimov, Mahmud Tojiboyev, Hasan Rajabiy va Munojat Yo‘lchiyeva ishtirok etdi.

Anjumanning ochilish marosimi uchun Buxoro, Xorazm va Toshkent-Farg‘ona maqom yo‘nalishlari bo‘yicha viloyatlar maqom ansambllari tomonidan musiqiy kompozitsiyalar tayyorlanmoqda. Shu bilan birga, Shahrisabz yosh maqomchilarining chiqishlari va Yunus Rajabiy nomidagi «Maqom» ansambli tomonidan «Shashmaqom»ning dunyoda e'tirof etilgan 6 ta sho‘'ba – tarmog‘i: «Buzruk», «Rost», «Navo», «Dugoh», «Segoh», «Iroq» maqom namunalaridan kompozitsiya tayyorlanmoqda.

Ushbu anjumanga dunyoning ko‘plab davlatlari katta qiziqish bilan qarashmoqda. Vazirlik qoshidagi Maqom forumi matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, joriy yil 15 avgustgacha jami 80 ta mamlakat vakillari ushbu anjumanda ishtirok etishga xohish bildirgan: 22 nafar musiqashunos olim, 29 yakkaxon ijrochi va musiqiy jamoa, 36 nafar matbuot xodimidan, 21 nafar yetuk mutaxassis va faxriy mehmonlardan murojaatlar qabul qilingan. Anjumanga jami 70 ga yaqin davlatdan ishtirokchilar kelishi kutilmoqda.

— Sharq mamlakatlarining o‘n ikkitasida o‘zining tarixiy maqomlari, mug‘omlari mavjud, — deydi O‘zbek milliy maqom san'ati markazi bosh direktori Saibjon BeGMATOV. — Anjumanda har bir xalq o‘zining milliy maqomlarini butun jozibasini ko‘rsatishga intilishadi. Boshqa xalqlar ham o‘zining mumtoz kuylarini kuylashadi. Tashrif buyurgan san'atkorlar shunchaki o‘z mumtoz kuylarni ijro etib ketish uchun kelgan mehmonlar emas, balki musobaqa ishtirokchilaridir. Anjumanning tanlov qismida bu ishtirokchilar xalqaro maqomshunos olimlar tomonidan baholanadi.

Shuningdek, anjuman doirasida «Maqom san'ati va uning jahon sivilizatsiyasida tutgan o‘rni» mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tadi. Unda xorijiy davlatlardagi taniqli musiqashunos va maqomshunos olimlar, san'atkorlar, yetuk mutaxassislar va faxriy mehmonlar ishtirok etishadi.

Bir so‘z bilan aytganda, Shahrisabz chin ma'noda xalqaro maqom markaziga aylanadi. Dunyo xalqlarini yurtimiz osmoni ostida jamlaydi. Bu, o‘z navbatida, diyorimiz, san'atimizni dunyoga tanitishga, shu bilan birga, turizm rivojiga ham o‘z hissasini qo‘shadi.

Endi milliy mumtoz kuylarimizni yoshlarimizga o‘rgatish maqsadida bog‘chadan boshlab, bu kuylar bolalarga eshittirib boriladi. O‘zbek milliy maqom san'ati markazi tomonidan «Bolalar uchun maqom kuylari» diski tayyor bo‘ldi. Unda «Alla», «Tanovar», «Tanbur nolasi», «Rohat» va «Cho‘li iroq» kabi jami 27 kuy jamlangan.

 Mahmudjon TOJIBOYeV, O‘zbekiston xalq hofizi:

— Mumtoz milliy san'atimiz, maqomlarimiz nihoyatda teran ildizga ega. Har gal «Shashmaqom»ning dilbar navolarini tinglar ekanman, u yon-atrofimizdagi boshqa mamlakatlar maqomlari uchun ham beshik bo‘lgan bo‘lsa, ajabmas, deya o‘ylab qolaman. Axir, bizning qadim navolarimiz hanuzgacha butun dunyo ahlini hayratlantirib kelmoqda.

Bugungacha, rosti, bizning dunyoda tengi yo‘q qimmatli boyligimiz — milliy kuy-qo‘shiqlarimizni yoshlarimiz ongiga singdirish hamda uni dunyoga tarannum etish borasidagi ishlar bilan maqtana olmas edik. Joriy yil fevral oyida Prezidentimiz Shahrisabz shahriga tashrif buyurdilar. Bir qancha maqomshunos olimlar, mutaxassislar qatori men ham o‘sha yerda edim. Yurtboshimiz ulug‘ san'atkor Yunus Rajabiydan so‘ng hech kim maqom san'ati bilan jiddiy shug‘ullanmaganini afsus bilan ta'kidladilar va qadim shahar, Amir Temur tug‘ilib o‘sgan yurt — Shahrisabzda xalqaro maqom san'ati anjumani tashkil etishni va unda butun dunyo xalqlari o‘zlarining mumtoz navolari bilan ishtirok etishini taklif qildilar.

Shahrisabz hozir o‘zgacha chiroy ochgan. Bu yerdagi bunyodkorlikni ko‘rib har qanday kishi hayratga tushadi.  O‘sha yerlik oddiy odamlardan, hokimiyat vakillaridan eshitishimizcha, bundan uch-to‘rt yil avval — Birinchi Prezidentimiz Shahrisabzni obod etishni topshiriq berganlarida Shavkat Mirziyoyev tunni kunga ulab, haftalab tuproq kechib, shu qurilishga bosh-qosh bo‘lgan ekan. Ana o‘sha paytlardayoq Xalqaro maqom san'ati anjumani o‘tkazish fikri xayoliga kelgan bo‘lsa, ne ajab.

Xalqaro maqom san'ati anjumani boshqa mamlakatlar uchun ham katta qiziqish uyg‘otdi. Xorijdan yuborilgan audio-video materiallarni hay'at a'zolari bilan uch karra tekshiruvdan o‘tkazib, munosib nomzodlarni tanlovga tavsiya etdik. Yurtimizdan qatnashadigan ishtirokchilarni ham jiddiy saraladik.

Bizda har bir hududning o‘ziga xos navolari, udumlari bor. Bahodir Yo‘ldoshev hamda Abduhoshim Ismoilov bilan birga barcha viloyatlardan saralangan guruhlar bilan alohida ishlayapmiz. Men Farg‘ona vodiysi san'atkorlaridan tashkil topgan guruh bilan shug‘ullanyapman.

Nasib etsa, bu anjuman milliy madaniyatimizni dunyoga tarannum etishda yangi davrni boshlab beradi. Anjumanga ko‘plab davlatlardan ­ommaviy axborot vositalari xodimlari ham keladi. Anjumanni kuzatgan dunyo xalqlarining yurtimizga bo‘lgan e'tibori va qiziqishi yanada oshishi aniq. Shu bois bu xalqaro anjuman nafaqat tariximiz va madaniyatimizni dunyoga olib chiqish, balki yurtimizga tashrif buyuradigan say­yohlarning ham ko‘payishiga xizmat qiladi.

 

Zilola Xudoyberdiyeva,
«Oila davrasida» muxbiri

Mavzuga oid