Sport | 14:40 / 19.08.2018
9440
2 daqiqa o‘qiladi

Erkin kurash. Rashid Qurbonov chorak finalda, Mahmudjon Shavkatov esa yutqazdi

O‘zbekiston erkin kurash jamoasining yana bir vakili Osiyo o‘yinlarida mag‘lubiyatga uchradi.

Dastlab 65 kg vazn toifasida Sirojiddin Hasanov nimchorak finalda Hindiston vakili Bazirang Bazirangga  imkoniyatni boy berib (3:13), turnirni tark etgandi.

57 kg vazn toifasida ishtirok etgan Mahmudjon Shavkatov saralash bosqichida va nimchorak finalda osonlik bilan g‘alabalarga erishgandi.

Ammo chorak finalda u mo‘g‘ulistonlik Erdenebat Bekbayarga yutqazdi. O‘zbekiston vakili birinchi raundda 4:1 hisobida ustunlik qilgandi, ammo ikkinchi raund Mo‘g‘uliston vakilining 4:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi va umumiy hisob 4:5 ko‘rinishini oldi.

Endi Erdenebat Bekbayar finalga chiqa olsa, Mahmudjon Shavkatovda bronza medal uchun kurashish imkoni bo‘ladi.

86 kg vazn toifasida Rashid Qurbonov nimchorak finalda yaponiyalik Shirai Shotaga qarshi gilamga chiqdi va 4:0 hisobida g‘alaba qozondi. Endi u chorak finalda mo‘g‘ulistonlik Ordogol Uytumen bilan bahslashadi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov erkin kurash bo‘yicha bahslar kechayotgan zalda O‘zbekiston vakillarining ishtirokini kuzatib bormoqda.

74 kg vazn toifasida ishtirok etuvchi Behzod Abdurahmonov chorak finalda eronlik Mustafo Husaynxoniga qarshi gilamga chiqadi.

O‘zbekistonning 97 kg vazn toifasidagi vakili Magomed Ibragimov esa chorak finalda hindistonlik Xatri Mavsam bilan yarim final yo‘llanmasi uchun kurashadi.

 

Mavzuga oid