Sport | 21:50 / 26.08.2018
7666
2 daqiqa o‘qiladi

Kristian Eriksen uchun 111 million yevro taklif etildi

Foto: Giuseppe Maffia/ZUMAPRESS.com

«Tottenhem» yarim himoyachisi Kristian Eriksen «Pari Sen-Jyermen» e'tiborida bo‘lib turibdi. Sunday Express nashri xabar berishicha, fransuzlar klubi rahbariyati ushbu daniyalik havbek uchun 111 million yevro to‘lashga tayyor.

Fransiyada transferlar darichasi 31 avgust kuni yopiladi, parijliklar klubi esa qolgan vaqt ichida maydon markazini mustahkamlashni maqsad qilgan.

«PSJ»ning asosiy maqsadi «Barselona» havbeki Ivan Rakitich edi, ammo xorvatiyalik futbolchi Kataloniyada qolishni ma'qul ko‘rdi.

Eriksen «Tottenhem» safida 2013 yildan buyon to‘p surib kelmoqda. U Londonga Amsterdamning «Ayaks» klubi safidan kelib qo‘shilgan. U London klubi safida o‘tgan vaqt ichida barcha turnirlar doirasida 227 o‘yinda maydonga tushgan va 56 gol urgan. U ayni vaqtda «shporlar» jamoasi yetakchisiga aylangan.

Eriksen Daniya terma jamoasida 2010 yilda debyut qilgan. U milliy terma jamoada jami 82 o‘yin o‘tkazib, 23 golga mualliflik qilgan. JCh-2018 turniri guruh bosqichida Eriksen Peru (1:0), Avstraliya (1:1) va Fransiya (0:0) terma jamoalariga qarshi o‘yinlarda, shuningdek, nimchorak finalda Xorvatiyaga qarshi o‘yinda (1:1, penaltilar bo‘yicha 2:3) maydonga tushdi. U Avstraliyaga qarshi o‘yindagi golga mualliflik qildi.

Eriksen «PSJ»ning yozgi transferlar doirasidagi uchinchi yangi futbolchisiga aylanishi mumkin. Bungacha Parij klubi «Yuventus»ning ko‘p yillik darvozaboni Janluiji Buffon hamda «Shalke» himoyachisi Tilo Kerer bilan o‘z safini to‘ldirgandi. 40 yoshga chiqqan darvozabon «PSJ»ga erkin agent maqomida kelib qo‘shildi. 21 yoshli germaniyalik futbolchi uchun esa 37 million yevro to‘landi.

Mavzuga oid