O‘zbekiston | 20:50 / 28.08.2018
30911
16 daqiqa o‘qiladi

Asl ma'naviyat demokratiyaga zid emas! «Ma'naviyatchilar»ning ma'naviyatsizligi haqida

Bir jurnalistning o‘z fikrini bayon etgani uchun uni xalq dushmani yoki ma'naviyatsizlikda ayblashning o‘zi ma'naviyatsizlikdir.

Volter aytganidek, «Men sizning fikringizga qo‘shilmasligim mumkin, ammo bu fikringizni aytishingiz uchun jonimni berishga tayyorman». 

Men ham Nikita Makarenkoning fikriga qo‘shilmasligim mumkin, qarshi bo‘lishim mumkin, ammo uning o‘z fikrini bayon etish huquqi uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilishga tayyorman. Makarenkoning maqolasidan keyingi chiqishlaru, baland ovozlar, ko‘r-ko‘rona yozilgan qarg‘ish to‘la raddiyalar bilan biz uzoqqa borolmaymiz. Eng achinarlisi, uzoqqa borish tugul, bugungi ma'naviy nuqtamiz ham abgorligini ko‘rsatdik. Keling bu holatni bir tahlil qilib ko‘rsak.

Tungi klublar kerakmi yoki yo‘q?

Bu yerda muhim bir nuqtadan boshlashni istardim. Bugungi O‘zbekiston Prezident boshchiligida taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda! Bunda biz mamlakat va millat o‘laroq tanlagan yo‘l – huquqiy demokratik jamiyat tuzish yo‘li. Avvalgisidan farqli o‘laroq yolg‘ondan emas, nomigagina emas, sirti demokratik, ichi avtokratik emas, chin va haqiqiy huquqiy demokratik jamiyat tuzish yo‘lini tanladik. Bu haqda Prezident butun dunyoga ma'lum qildi. Nafaqat og‘zaki ma'lum qildi. Tashqi kuchlar va ichki kuchlarga ham o‘z qat'iyatini isbot qiluvchi koordinal islohotlarni boshladi. Avvalgidek, aytdi qo‘ydi, bir yilda unutiladi degan tushunchalar bilan bundan buyon ishlab bo‘lmasligini davlat amaldorlari, mas'ullar his qila boshlashdi. His qilmagani, unga ko‘nmagani lavozimidan olinmoqda. Shu o‘rinda kadrlar siyosatidagi tez-tez o‘zgarishlar va yosh kadrlarning qo‘rqmasdan mas'ul lavozimlarga tayinlanishi bu jarayonning amalga oshishi uchun, ya'ni ko‘zlangan maqsadga erishish uchun voz kechib bo‘lmas bir ehtiyoj ekanligini ko‘rsatadi. Ya'ni, prezident yangi nasl boshqaruv kadrlarini –  yangi tafakkurga sohib, ma'nan yetuk hamda keng mushohadali kadrlarni davlat boshqaruv  apparatiga olib kelish zaruriyati shu bilan izohlanadiki, taraqqiyotning yangi bosqichiga mamlakatni faqatgina korrupsiyaga moyil bo‘lmagan, dunyoga keng nazar sola oladigan, demokratik qadriyatlarni his qila olgan nasl olib chiqa oladi.

Avvalgi maqolalarimda ham bugun bizda to‘rt xil mafkuraviy tanlov borligini, eng asosiysi qay birini tanlashimizdan qat'i nazar yaxshisi barobarida yomon tarafi bo‘lishini inobatga olishimiz zarurligi haqida yozgandim. Ya'ni, bizda yaxshi yoki yomon orasida tanlov yo‘q. Inson va insoniyatning, davlatning qismati shunday azal-azaldan. Hamisha yomondan ko‘ra yaxshirog‘ini tanlash imkoni bor xolos. Shunday ekan, demokratik taraqqiyotning ham o‘ziga mos, ammo bizga noqulay, milliy mentalitetimizga uyg‘un bo‘lmagan taraflari borligi rost. Ammo, bu muammolarni hal qilishning demokratik mexanizmlari ham mavjud. Eng asosiysi, har bir muammoga demokratik tushuncha bilan yondashilsa bas.

Demokratik huquqiy yo‘lni tanlagan har bir davlat eng asosiysi erkin bozor munosabatlarini tanlagan bo‘ladi. Mamlakat iqtisodiyoti, xalq farovonligi xalqning to‘qligini erkin bozor munosabatlari va investitsiyalarning kafolatlangani, iqtisoddagi adolat ta'minlaydi. Bugungi holat hammaga ayon. O‘zbekiston iqtisodiyoti investitsiyalarga muhtoj. Investitsiyalarni jalb etish uchun esa investitsion muhit yaratilishi kerak. Davlat kafolati va imtiyozlar albatta zarur. Ammo, investor uchun eng muhimi investitsiya kirgizayotgan mamlakati qonunlarning ishlashi shaffof bo‘lishidir. Bunda barcha holat muhim. Islom mamlakatlaridan keladigan investorlar uchun demokratik davlatmiz deya da'vo qilinayotgan mamlakatda musulmonlar haq-huquqlari ta'minlanishi, g‘arb davlatlaridan kelayotganlar uchun huquqsizlikka imkon berilmasligi va mansab vakolatlarini davlat xizmatchilari, davlat arboblari suiiste'mol qilmasliklari, korrupsiyaning ko‘rsatkichi yuqori bo‘lmasligi muhim. Yanada ochiqroq aytsak, soqol qo‘ygani uchun, hijob kiygani uchun musulmonlar ta'qibga uchrayotgan, yosh bolalari masjidga kirishi taqiqlangan mamlakatga hech qaysi musulmon banki, musulmon mamlakatidagi katta sarmoyadorlar investitsiya kiritmaydi. Xuddiki, hamma kelishuvlar korruptsion yo‘l bilan kelishiladigan, ko‘ziga yaxshi ko‘ringani uchun kimningdir biznesini tortib olish holatlari uchraydigan, qonun emas davlat amaldori xohishiga ko‘ra chora ko‘riladigan mamlakatga g‘arb sarmoyadorlari va korporatsiyalari investitsiya kiritmaganlari kabi. Shu o‘rinda nozik bir nuqtaga to‘xtalib o‘tmoqchi edim. Masjidlarga yosh bolalarning ibodat uchun kirishini istamayotgan ba'zi mulozimlarga bir savolim bor. O‘zbekistonda agar musulmon yosh bolalar ibodat uchun masjidga kirishini istamasangiz, va qonun hamma uchun bir bo‘lsa, marhamat xristian voyaga yetmagan yosh bolalariga ham cherkovga borishga, yahudiy bolachalariga sinagogga borishiga taqiq qo‘ya olasizmi? Taqiqqaku jasoratingiz yetmaydi, hech bo‘lmasa borishi maqsadga muvofiq emas deya olasizmi? Albatta, yo‘q. Nega? Sababini mendanam ko‘ra o‘zingiz yaxshi bilasiz. Men bolalarning o‘qishini tashlab masjidga yugurishiga qat'iyan qarshiman. Ilm ibodatdan afzal degan qat'iy tushuncham bor. Ammo, masjidga kirgan yosh bolachalar u yerda diniy ta'lim oladi, keyin terroristik harakatga qo‘shilib qoladi degan fobiyalarga ham qarshiman. Masjidda kim imom? Davlat ochib qo‘ygan madrasa, mahadlarni bitirgan domlalarimiz emasmi? Muammo nimada? Biz ularga ishonmaymizmi?  Unda shuncha diniy ilm dargohlarimiz nega kerak? Paradoks...

Mayli mavzuga qaytsak. Bugun mamlakat iqtisodiyoti muhtoj bo‘lgan investitsiyalar va chetdan sarmoyalarni jalb etish uchun mamlakat ichidagi osudalik bilan birga ko‘ngilochar infratuzilmalarning rivojlanishi ham juda muhim. Ya'niki, mamlakat iqtisodiga foyda keltiradigan turizm sohasi rivoji uchun tungi klublar, ertalabgacha ishlaydigan kafe-restoranlar, 24 soat ishlaydigan dorixona va oziq-ovqat do‘konlari zarur. Undan ham zaruri, turistlar o‘zlarini bu erkinliklaridan foydalanib dam olishlarida o‘zlarini xavfsizlikda his qilishlaridir. Ammo, xavfsizlikni ta'minlash uchun erkinlikning chegaralanishi hammasini sarobga aylantiradi. Demokratik davlatda xavfsizlikni ta'minlashning demokratik va professional yechimlari ko‘p. Tungi klublar bo‘ladimi boshqasimi, bizda bugun professional qo‘riqlash xususiy shirkatlariga ehtiyoj paydo bo‘lgani bor haqiqatdir. Albatta, avvaliga bunda ham muammolar paydo bo‘ladi boshida. Ammo tabiat qonuni vaqt o‘tgan sari o‘z kuchini ko‘rsatadi. Ya'niki, avval son ko‘payadi, keyin esa sifat. Davlat  tomonidan qo‘yiladigan qat'iy standartlarga amal qilmagan shirkatlar yopiladi. Amal qiladiganlari qoladi. Qotil emas, haqiqatda qo‘riqchilar qoladi. Bunday shirkatlarning katta soliq stavkalari asosida soliqqa tortilishi bir tarafdan davlatga tushumlarni ko‘paytirsa, boshqa tarafdan ularni professional bo‘lishga majbur etadi bu holat. Tungi klub yoki boshqa ko‘ngilochar infrastruktura obektlarini esa qonuniy tartibda litsenziyaga ega professional qo‘riqlash shirkatlari, ya'ni qo‘riqchilari professional instruktaj va tayyorlovdan o‘tgan shirkatlar xizmatidan foydalanishga majburlab qo‘yish muammoni hal qiladi. To‘g‘ri, buning natijasida tungi klublarga kirish, u yerda dam olish qimmatlashadi. Ammo, birinchidan davlatga tushum ham ortadi, ikkinchidan esa, maza qilmoqchimisan, marhamat, hamma narsaning badali bo‘lgani kabi, maza qilishning hashamat solig‘ini (nalog na roskosh) to‘la va maza qil. Ishoning, bir kecha tungi klubda shunchaki dam olish uchun eng ozi yuz dollar yoki ikki yuz dollar sarflaydiganlar orasida janjalga o‘chlari juda kam bo‘ladi. Shu o‘rinda tungi klubga kiradiganlarning hammasi buzuq axloqli, kayfu safoga mukkasidan ketgan degan stereotiplarni buzish vaqti keldi. Men bilgan, tanigan odamlarimning tungi klubga boradiganlari orasida deyarli barchasi tinchgina musiqa eshitib, raqsga tushib, dam olib, tinchgina uyiga ketadi. Ular ijtimoiy hayotda mamlakat iqtisodini ko‘tarayotgan oddiy biznesmen, o‘z ishini fidoyilik bilan bajarayotgan davlat xizmatchilaridir. Ibratli oila egalaridir. Hech qanday ma'nan buzuq insonlar emas. 

 Agar tungi klubga pichoq bilan keladigan sportchilar mavjud bo‘lsa, tungi klubda odamni hayvondan battar bo‘g‘izlab tashlaydigan qo‘riqchilar bo‘lsa, muammo tungi klubning mavjudligida yoki ochiqligida emas. Faqatgina shu holat bo‘yicha tahlil qilib ko‘radigan bo‘lsak, muammo eng avvalo bir chempion yigitning chempion bo‘lishiga qaramasdan ancha oydan beri ishsiz qolganida, o‘z kuchiga manmansirab zo‘ravonlik qilayotganida otasi tartibga chaqirmaganida, tungi klubga yollanma qo‘riqchilarni ishga olib, ularga bita va pichoq qo‘llashga ruxsat bergan tungi klub egasida. Eng asosiysi, qaysidir qonunning yo‘qligida emas, qaysidir qonunning ishlamasligida, qonun barcha uchun bir degan tamoyilning amalda emasligida.

Bularning esa global sababi nimada bilasizmi?

Hammasiga sabab milliy ma'naviy mafkuraning oqsashida.

O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari boshida shakllantirilgan, to‘qsoninchi yillarning o‘rtasigacha takomillashtirilgan, o‘tgan yillik boshlarida bachkanalashtirilib, joriy o‘ni yillikda zamon talablariga javob bermay qolgan, siyqasi chiqib ketgan milliy mustaqillik g‘oyasi eskirganini tan olish vaqti keldi. Bugun jamiyatga yangi bir g‘oya kerak! Davlatga demayapman. Jamiyatga!

Keling, bu borada ham barchasini tahlil qilishga urinib ko‘raylik. Jurnalist Makarenkoni xalq dushmaniga chiqargan, yuksak ma'naviyatni dastak qilib uni haqoratlayotganlar, chin ma'noda ma'naviyatsizlik qilayotganlar, jurnalistni toqatsizlikda ayblab, toqatsizlik qilayotganlar pozitsiyasiga qaraylik. Xo‘sh, o‘zi ma'naviyat aslida nima? Arabchadan olingan ushbu so‘z insonning ma'noli hayot kechirishi degan ma'noni anglatadi. Milliy mafkura va ma'naviyat tushunchalari o‘zaro chambarchas bog‘liqligi holda ayro-ayro tushunchalardir. Bizda milliy mafkura ma'naviy qadriyatlarimizga asoslanadi. Bunga sal keyinroq to‘xtalaman. Hozir men ma'naviyat degan tushunchaning ma'naviyatchilarimiz sharofati bilan demokratiyaga zid bir ko‘rinish kasb etgani haqida so‘z yuritmoqchiman. Biz demokratik huquqiy davlat qurish yo‘lini tanlagan ekanmiz, eng asosiy demokratik tamoyil shaxs huquq va erkinliklarini toptamaslikni o‘rganishimiz lozim. Shaxsning mas'uliyati esa alohida masala. Avvalo jamiyat shaxs huquqlarini e'tirof etishi va hurmat qilishi shart. Demokratik qadriyat shuki, har bir shaxs o‘z fikrini bildirish huquqiga ega. Demokratik jamiyat shuki, u barchaning fikrini eshitadi. Toqatsizlik qilmaydi. Demokratik jamiyatda plyuralizm hukm suradi. Sog‘lom tortishuvlar, debatlar bo‘ladi. Ammo, hech kim boshqacha fikr bildirgani uchungina haqorat va tahqirga uchramaydi. Ma'naviyat ham aslida jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashishdir. Sog‘lom bahs munozaradir. Aslida Makarenkoning maqolasida ma'naviyat so‘zi qo‘shtirnoqqa olingani mening e'tiborimni tortgan edi. Nikitaning ba'zi fikrlariga qo‘shilmayman, bu boshqa masala. Ammo, qo‘shilgan joyim shuki, bugun ma'naviyat, ma'naviy tahdid shiori ostida shaxs huquq va erkinliklariga daxl qilish, uni haqorat va tahqirlash uchun vosita sifatida foydalinilmoqda. Ma'naviyatsizlikda to‘g‘ri kelgan odamni ayblab ketayotganlarga savolim bor: janoblar, siz ma'naviyat haqida shuncha qayg‘urarkansiz, millatning chin ma'naviy darg‘asi bo‘lgan shoira, millatning javohiri – Halima Xudoyberdiyeva siz yanglig‘ «ma'naviyat jonkuyarlari» tomonidan o‘n yillab tahqirlanganda qayerda edingiz? Prezident Shavkat Miromonovich adolatni tiklab, uning nomini oqlab chiqqanidan keyin ham nega ma'naviyat «targ‘ib» etguvchi tadbirlaringizda shoirani ko‘rmadik? Millatning eng buyuk dramaturgi bo‘lgan Hamzaga tosh otib, nomini qaroga chiqargan ham sizlar emasmidingiz? Gapirsa gap ko‘pu... Mayli.

Aslida eng buyuk ma'naviyat bu inson hurriyatini ta'minlashdir. Ma'naviyatga zid degan tamg‘a bilan inson shaxsiga tahqir yog‘dirish, uning huquqlarini poymol etish, haqlarini cheklash, millatning tarixini o‘zgartirishga harakat qilish, siyosatbop bo‘lish uchun maddohlik qilish, demokratik qadriyatlarga zid ish ko‘rish - ma'naviyat emas!

Agar yo‘q bu ham ma'naviy siyosat desangiz, bilingki, bunday «ma'naviyat» alaloqibat kuchlining haqli, haqlining kuchsiz bo‘lishiga, buning badalini ma'sum millat to‘lashiga, buning natijasida esa xaqni tanimagan, halolni bilmagan bir siyosat vujudga kelishiga sabab bo‘ladi. Buning mahsuli o‘laroq parishon bo‘lgan axloq, ziyon keltirilgan huquq va adolat tushunchalari faqatgina falokatlarni, faqatgina fojiaviy oqibatlarni vujudga keltiradi.

Ma'naviy targ‘ibot ishi hassoslikni, zargarlikdek nozik yondashuvni talab etadi. Milliy mafkura esa tabiiy jamiyat ehtiyojidir. Bugun milliy ma'naviyatimizni qaytadan idrok etib, qaytadan uni chuqurroq tanib, yangi milliy mafkuramizni shakllantirish vaqti keldi. Ma'naviyat targ‘iboti asosi, yadrosi prezidentimiz ta'kidlayotgan adolatdan va insonparvarlik tamoyilidan iborat bo‘lishi kerak. Milliy mafkura esa ana shunday millatni yashatadigan, bo‘g‘maydigan, gullatadigan, gullarini qirqmaydigan ma'naviyat targ‘iboti orqali amalga oshirishili zarur.

O‘z pozitsiyam sifatida jurnalist Nikita Makarenkoning maqolasi yuzasidan quyidagi fikrlarni bildiraman: Nikita Makarenko ijtimoiy dolzarb muammoni ko‘tarib chiqqan. Uning jurnalist sifatidagi haq va huquqlarini himoya qilinishi zarur. Jurnalistning teleko‘rsatuv va ijtimoiy tarmoqlarda vatan xoini sifatida ayblanishini qoralayman. Maqoladagi ma'naviyat to‘g‘risidagi fikrlariga qo‘shilmayman va bu fikrlarni o‘ta shaxsiy fikrlari o‘laroq qabul qilaman. Umid qilamanki, milliy ma'naviyat uchun mas'ullar ortiqcha ambitsiya va haqoratlarsiz, Nikita Makarenkoga o‘z munosabatlari, pozitsiyalarini professional hamda sog‘lom munozara, konstruktiv debat shaklida yetkazishadi.

Qachonki millat ziyolilari fikrlar xilma-xilligi va sog‘lom munozaraga o‘rgansalar, mamlakatda chin ma'noda ma'naviy yuksalish bo‘ladi.

P.S. Men millatimni boshqariluvchi emas boshqaruvchi, taroshlanuvchi emas taroshlovchi sifatida ko‘rgim keladi.

Said-Abdulaziz Yusupov

Mavzuga oid