O‘zbekiston | 12:18 / 30.08.2018
61998
2 daqiqa o‘qiladi

Pasport tizimi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish kiritildi

O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi prezident farmoni qabul qilindi.

O‘zgartirishlarga asosan fuqarolar doimiy ro‘yxati mavjud bo‘lmaganida, oldingi doimiy ro‘yxatda turadigan joyidagi, propiskaga oid ma'lumotlar mavjud bo‘lmagan hollarda o‘zi turgan joyidagi ma'lumotlarni yig‘ish punktiga (pasport stolga) murojaat qilishi mumkin.

Farmon bilan yo‘qotilgan pasport o‘rniga pasport berish tartibi belgilandi.

Unga muvofiq pasportini yo‘qotgan fuqaro zudlik bilan doimiy ro‘yxatda turgan joyidagi ma'lumotlarni yig‘ish punktiga (pasport stol) xabar berishi lozim. 

Vaqtincha xorijda bo‘lgan fuqarolar pasportlarini yo‘qotib qo‘ysalar, pasport yaroqsiz holga kelsa yoki uning amal qilish muddati tugasa O‘zbekistonga qaytish guvohnomasini olish uchun konsullik vakolatxonasiga murojaat etadi.

Pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar yo‘qotilganligi to‘g‘risida ishlar organlari tomonidan ma'lumotnoma beriladi. 

Pasporti o‘g‘irlab ketilgan shaxslar, jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilgan shaxslar va tabiiy ofatlar natijasida pasportlari yo‘qolganligi to‘g‘risida ariza bilan murojaat etgan shaxslar ma'muriy javobgarlikka tortilmaydilar.

Fuqaro pasportini yo‘qotganda pasport yo‘qolgani haqida ariza berilgan kundan boshlab bir oy ichida unga yangi pasport beriladi. Bu muddat yana bir oyga uzaytirilishi, istisno tariqasida bunday arizalarni ko‘rib chiqish muddati olti oygacha cho‘zilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ichki ishlar vazirligi fuqarolarda ikkita pasport bo‘lmasligini bildirgandi.

Mavzuga oid