O‘zbekiston | 00:05 / 04.09.2018
31219
5 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda o‘zini «ichki ishlar organi mayori» deb tanishtirib yurgan soxta xodim qo‘lga olindi

Foto: Illyustrativ foto

Surxondaryo viloyat IIB O‘z xavfsizligi bo‘limi o‘zini ichki ishlar organi xodimi deb tanishtirib, fuqarolardan noqonuniy pul tama qilib yurgan U.M. ustidan kelib tushgan ma'lumotga asosan, uni qo‘lga olish bo‘yicha viloyat IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda keng qamrovli tezkor tadbir o‘tkazdi, deb xabar beradi Kun.uz’ga viloyat IIB matbuot xizmati.

2 avgust kuni Surxondaryo viloyat IIB O‘z xavfsizligi bo‘limiga kelib tushgan ma'lumotga ko‘ra, shu kuni soat 10:00 larda Termiz shahri «Pattakesar» mahallasida yashovchi, fuqaro K.B.ning Termiz shaharida joylashgan sartaroshxonasiga fuqarolik kiyimidagi shaxs kelib, o‘zini Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi katta tergovchisi, mayor «Oybek» deb tanishtirib, undan tezkor tadbirda ishtirok etishini va tadbirda qo‘lida bo‘lgan tilla uzugini ashyoviy dalil sifatida foydalanish uchun berishini taklif qiladi va fuqaro K.B. bilan Termiz shahrida joylashgan «TsUM» savdo markaziga kelib, K.B.ga eshik oldida kutib turishini aytib, tilla uzugini «TsUM»dagi zargarlardan biriga sotib, fuqaro K.B.ga tadbir qoldirilganligi va ertasi kuni davom ettirilishini aytib, sotgan tilla uzugining pullarini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib ketgan.

Shu kunning  o‘zida Termiz shahar «Ma'rifat» mahallasida yashovchi fuqaro X.M.ga tegishli savdo do‘koniga fuqarolik kiyimida bo‘lgan shaxs kelib, o‘zini viloyat IIB JQB xodimi «Oybek» deb tanishtirganida fuqaro X.M. undan qo‘shnisi tomonidan uyining yoniga o‘rnatilgan kuzatuv kamerasini boshqa tomonga qaratib qo‘ydirishni iltimos qiladi. «Oybek» ismli IIB xodimi undan Termiz shahar IIB boshlig‘i nomiga ariza yozdirib olib, kamerani boshqa tomonga qaratib qo‘yish evaziga fuqaro X.M.dan 100.000 so‘m pullarni talab qilib, talab qilingan 100.000 so‘m puldan 30.000 so‘mini olib, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi.

U.M. bular bilan cheklanib qolmasdan, 3 avgust kuni Jarqo‘rg‘on tumani buyum bozori yonida kirakashlik qiluvchi Termiz shahrida yashovchi fuqaro M.G‘.ning oldiga fuqarolik kiyimida borib, o‘zini viloyat IIB JQB bo‘lim boshlig‘i mayor «Oybek» deb tanishtirib, maxsus topshiriq bilan yurganligini, bir kun davomida uni avtomashinasi bilan viloyatning Qumqo‘rg‘on, Angor, Qiziriq, Bandixon, Boysun va Denov tumanlariga olib yurishi kerakligini, evaziga 150.000 so‘m pul va avtomashinasiga 4 (to‘rt) dona yangi shinani IIBdan olib berishni va'da qilib, u bilan aytilgan manzillarga borib kelganidan so‘ng, fuqaro M.G‘.dan turmush o‘rtog‘ini viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida ishlovchi tanishlari orqali ishga joylashtirib qo‘yishni va'da berib, 300.000 so‘m pullarni firibgarlik yo‘li bilan olib, yo‘lkira haqi uchun va'da qilingan 150.000 so‘m pullarni bermaganligi aniqlangan.

Olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida yuqoridagi fuqarolarga o‘zini viloyat IIB JQB va tergov boshqarmasi xodimi deb tanishtirib, firibgarlik jinoyatlarini sodir qilib yurgan «Oybek» ismli shaxs, Denov shahrida yashovchi, 2002 yilda JKning 168-moddasi 2-qismi, 2004 yilda JKning 168-moddasi 3-qismi, 267-moddasi 1-qismi, 2008 yilda JKning 168-moddasi 2-qismi, 166-moddasi 2-qismi, 2015 yilda JKning 168-moddasi 2-qismi, 165-moddasi 1-qismi, 118-moddasi 2-qismi, 267-moddasi 2-qismi, 226-moddasi 2-qismi bilan sudlanib, hozirgi kunda Denov tumani IIB HPBda ahloq tuzatish jazosini o‘tayotgan 1983 yilda tug‘ilgan fuqaro U.M. ekanligi aniqlanib, ushlandi.

Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid