Jahon | 22:10 / 05.09.2018
28207
6 daqiqa o‘qiladi

«Skripal ishi»da rossiyalik josuslar ayblanmoqda. Britaniya politsiyasi ular qanday harakatlanganini aytib berdi

Buyuk Britaniya politsiyasi Rossiya razvedka boshqarmasi sobiq polkovnigi Sergey Skripal hamda uning qizi Yuliya Skripalga uyushtirilgan suiqasdda gumonlanuvchilarning nomlarini ma'lum qildi. Bular Rossiya fuqarolari Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirov: politsiya taxminiga ko‘ra, bu ism-shariflar to‘qib chiqarilgan, lekin ular haqiqiy pasportlar bilan Buyuk Britaniya hududiga kirishgan. Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey gumonlanuvchilar Rossiya Razvedka boshqarmasi xodimlari ekanini ma'lum qildi.

Skripallarni qanday zaharlashgan: Britan politsiyasi talqini

Skotlend-Yardda aksilterror bo‘lim rahbari sifatida ishlovchi Nil Basuning aytishicha, tekshiruvlar davomida jinoyatning umumiy kartinasi hosil qilingan.

Unga ko‘ra, 2 mart kuni Petrov va Boshirov «Aeroflot» reysi orqali Londondagi Gatvik aeroportiga kelishgan. Shu kuni ular London sharqidagi Bou-roud mavzesida joylashgan City Stay Hotel mehmonxonasida to‘xtashgan.

3 mart kuni gumonlanuvchilar mehmonxonani tark etib, jamoat transportida Vaterloo temir yo‘l vokzaligacha yetib olishgan. Ular bu yerda soat 11:45da Solsberiga boradigan poyezdga chiqishgan. Ular Solsberida 1,5 soat vaqt o‘tkazib, Londonga qaytib kelishgan. Politsiya taxminiga ko‘ra, bu safar vaqtida ular Solsberidagi holatni o‘rganishgan.

4 mart kuni tongida ular Solsberiga, bu safar suiqasdni amalga oshirish maqsadida yo‘l olishadi. Bu safar Vaterloodan poyezd soat 08:05da yurgan. Solsberida Petrov va Boshirov Sergey Skripalning uyi yaqinida kuzatuv kameralariga tushib qolgan. Politsiya ma'lumotiga ko‘ra ular «Novichok» moddasini Skripallar uyi eshigi tutqichida qoldirishgan.

Petrov va Boshirov Londonga soat 16:45da qaytib kelishgan, taxminan soat 18:30da ular Hitrou aeroportiga borishgan, bu yerdan soat 22:30da «Aeroflot» reysi orqali Moskvaga uchishgan. Skotlend-Yard hisobotiga ko‘ra ular keyin Buyuk Britaniyaga qaytishmagan.

«Novichok» atiri

Foto: Metropolitan police

Skripallar zaharlangan «Novichok» moddasi izlari Petrov va Boshirov tunagan City Stay Hotel mehmonxonasida aniqlangan. Politsiyaning qayd etishicha, topilgan moddalar inson hayotiga xavf tug‘dirmas darajada oz bo‘lgan. Qolaversa probalar 4 may kuni, Skripallarning zaharlanishidan roppa-rosa 2 oy o‘tib olingan.

Politsiyaning aniqlashicha, Skripallar zaharlangan «Novichok» moddasi Nina Ricci brendining «Premier Jour» nomli atiri idishidagi suyuqlik tarkibida bo‘lgan. Bu idish 27 iyun kuni Solsberidan uzoq bo‘lmagan masofada joylashgan Eymsberi shaharchasida yashovchi Charlz Roulining buyumlari orasidan chiqqan.

Rouli bu atirni o‘z ma'shuqasi Don Sterjyessga sovg‘a qilgandi. Don Sterjyess esa atirni ishlatgach, zaharlanib vafot etgan. Rouli esa shifoxonaga tushgan, ammo u omon qolgan. Bu idish 4 mart kuni qayerda bo‘lgani, 27 iyun kuni Roulining qo‘liga qanday tushib qolgani hozircha ma'lum emas.

Ekstraditsiya bo‘yicha so‘rov bo‘lmaydi

Buyuk Britaniya hukumati Rossiyaga Petrov va Boshirov ekstraditsiyasini so‘rab murojaat qilmaydi. Skotlen-Yard vakilining ma'lum qilishicha, Rossiya qonunchiligi bunga imkon qoldirmagan. Ammo ushbu shaxslarni hibsga olish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi miqyosida order berilgan.

Skotlend-Yard vakili Nil Basuning aytishicha, politsiya Petrov va Boshirovning haqiqiy ism-shariflarini aniqlashi mumkin, lekin ularning shaxsini tasdiqlash uchun guvohlarning ko‘rsatmalari kerak bo‘ladi. Politsiya gumonlanuvchilarning London va Solsberidagi sayrlari haqidagi ma'lumotlarga ega bo‘lgan shaxslardan ma'lumot taqdim etishni so‘ragan.

«Bular Rossiya razvedkachilari»

Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey ma'lum qildiki, Skripallarga suiqasd qilishda gumonlanayotgan shaxslar — «Rossiya harbiy razvedkasi ofitserlaridir». Mey xonim sobiq polkovnikka suiqasd ortida «Rossiya hukumati turgani»ni yana bir bor ta'kidlagan.

Agar Petrov va Boshirov Britaniyada bo‘lganida biz darhol ularga qotillik bo‘yicha ayblov e'lon qilgan bo‘lardik. Rossiya ekstraditsiya bo‘yicha so‘rovni rad etadi va buni o‘z qonunlari bilan dalillaydi, shuning uchun Buyuk Britaniya Petrov va Boshirovni topshirishni so‘rab o‘tirmaydi, degan Tereza Mey. 

Shu bilan birgalikda bosh vazir «agar ular Rossiyadan tashqariga chiqishsa, shu zahoti qo‘lga olinishi uchun barcha choralar ko‘rilishi»ga va'da bergan.

Mey xonim Buyuk Britaniya hukumati «Rossiya razvedka xizmati harakatlariga to‘sqinlik qilish uchun barcha vositalarni ishga solishi»ni ma'lum qilgan.

Rossiya tomoni munosabati

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Mariya Zaxarova Skotlend-Yardning bayonotiga munosabat o‘laroq, «OAVda nashr qilingan suratlar hech narsaga isbot bo‘la olmasligi»ni aytdi. Zaxarova yana bir bor britaniya maxsus xizmatlari Skripal ishi doirasida hamkorlikda amaliy harakatlar olib bormasligidan norozilik bildirgan.

Mavzuga oid