Sport | 16:00 / 06.09.2018
27603
11 daqiqa o‘qiladi

Kun o‘yini anonsi. O‘zbekiston-Suriya

Bugun, 6 sentabr kuni Toshkentdagi «Milliy» (sobiq «Bunyodkor») stadionida O‘zbekiston milliy terma jamoasi yangi bosh murabbiy Ektor Kuper boshchiligidagi​ ilk uchrashuvda maydonga tushadi.

Kuperning dastlabki o‘yinida O‘zbekistonga Suriya terma jamoasi raqib bo‘ladi. Uchrashuv soat 20:00da boshlanadi.

O‘yin «Sport TV» telekanali orqali jonli efirda namoyish qilinadi.

Suriya termasi bugun qizil, O‘zbekiston esa oq-ko‘k libosda maydonga tushadi.

O‘zaro uchrashuvlar
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Suriya bilan shu vaqtgacha 3 marta uchrashdi. Umumiy hisob Suriya foydasiga 2:1. Bu terma jamoalar ilk marta – 1996 yilgi Osiyo Kubogi guruh bosqichida uchrashgan. O‘shanda suriyaliklar 2:1 hisobida zafar quchgandi. Ikkinchi va uchinchi to‘qnashuvlar esa JCh-2018 saralashining uchinchi bosqichi doirasida kechdi. Dastlab, 2016 yilning 1 sentabrida Toshkentda kechgan o‘yinda Aleksandr Geynrixning yagona goli mezbonlar g‘alabasini ta'minladi va o‘zbekistonliklar guruh peshqadamiga aylanib olishgandi.

Ammo ikkinchi davrada, 2017 yilning martida Malayziyaning Malakka shahrida kechgan bahsda o‘yin oxirida penaltidan gol urgan suriyaliklar 1:0 hisobida g‘alaba qozonishdi va O‘zbekistonni mundial yo‘llanmasidan uzoqlashtirdi. Saralash bosqichi yakunida Suriya guruhda uchinchi o‘rinni egallab, keyingi bosqichga yo‘l oldi, O‘zbekiston to‘rtinchi o‘rinda qolib ketdi.

FIFA reytingidagi o‘rni
O‘zbekiston milliy terma jamoasi ayni damda FIFA reytingida 97-pog‘onadan joy egallab turibdi. Osiyo mamlakatlari orasida milliy terma jamoa Eron, Avstraliya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni, Suriya, Xitoy, BAA, Livan, Ummon, Iroq va Qirg‘izistondan keyin o‘n uchinchi o‘rinda joylashgan.

Suriya terma jamoasi FIFA reytingida 73-o‘rindan joy olgan. Osiyo mamlakatlari orasida Suriya Eron, Avstraliya, Yaponiya, Janubiy Koreya va Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlardan keyingi oltinchi o‘rinda joylashgan.

So‘nggi uchrashuvlarda qayd etilgan natijalar
O‘zbekiston milliy terma jamoasi so‘nggi uch o‘rtoqlik o‘yinining barchasida mag‘lubiyatga uchragan.
Marokash - O‘zbekiston - 2:0 (27. 03. 2018)
Eron - O‘zbekiston - 1:0 (19. 05. 2018)
Urugvay - O‘zbekiston - 3:0 (08. 06. 2018)

Suriya terma jamoasi so‘nggi uchta o‘rtoqlik o‘yinida uch durang qayd etgan.
Iroq - Suriya - 1:1 (13. 11. 2017)
Qatar - Suriya - 2:2 (24. 03. 2018)
Iroq - Suriya - 1:1 (27. 03. 2018)

Suriya futboli

Suriya futbol federatsiyasi 1936 yili tashkil topgan bo‘lib 1937 yili FIFAga, 1970 yili esa OFKga a'zo bo‘lgan. Ilk xalqaro uchrashuvini Turkiya terma jamoasiga qarshi o‘tkazib, 0:7 hisobida mag‘lub bo‘lgan. 

Suriya terma jamoasi ilk bor 1958 yili Jahon chempionati saralash bosqichida qatnashgandi. Shu yili Suriya terma jamoasi ilk bor Osiyo qit'asi nomidan ishtirok etadi. 1966 yilgi Osiyo qit'asida ikkita terma jamoa mundial ishtirok etish uchun saralash bahslarida qatnashadi. Ushbu ikki terma jamoaning biri Suriya, ikkinchisi Isroil milliy terma jamoasi bo‘ladi. Bu terma jamoalar Yevropa kontinental zonasi nomidan ishtirok etishi kerak bo‘lgan. Suriya terma jamoasi o‘shanda jahon chempionatidagi Afrika va Osiyo terma jamoalariga qarshi boykotga qo‘shiladi. Mana shu ish uchun FIFA Suriya terma jamoasini mundialdan chetlashtiradi. 1986 yili Suriya terma jamoasi jahon chempionati final raundida ishtirok etishi uchun bir qadam qoladi. Ammo, Italiya terma jamoasidan qabul qilib olingan mag‘lubiyat suriyaliklarni mundialda ishtirok etishdan mahrum qiladi. 

Osiyo kubogida Suriya terma jamoasi 5 martaa ishtirok etgan, oxirgi ishtirok 2011 yilga to‘g‘ri kelgan. Osiyo chempionatlari tarixida «qora burgutlar» guruh bosqichidan uyog‘iga o‘ta olishmagan. Suriya terma jamoasi 2010 yilgi mundialda ham, 2014 yilgi Jahon chempionatida ham ishtirok etmadi. 2010 yilgi dunyo birinchiligida ishtirok etish uchun «qora burgutlar» saralashdan o‘ta olishmaydi. Suriya termasi Jorj Muradni to‘liq mahalliylashtirmasdan noqonuniy ravishda ro‘yxatdan o‘tkazgani uchun 2014 yilgi mundial saralashidan chetlashtiriladi. Jorj Murad muqaddam Shvetsiya yoshlar terma jamoasi safida o‘ynagan edi. Shuningdek, suriyaliklar 2015 yili Avstraliyada bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatiga saralash bahslaridan o‘ta olmagandi. JCh-2018 saralashida muvaffaqiyatli ishtirok etgan Suriya uchinchi bosqichda guruh bosqichida O‘zbekiston va Xitoy terma jamoalarini ortda qoldirib, pley-offga o‘tdi. Ammo keyingi guruhda uchinchi bo‘lgan Avstraliyaga qarshi o‘yinlarda yashil qit'a vakillari ustun kelib, KONKAKAFning to‘rtinchi vakili bo‘lgan Hondurasga qarshi o‘yinlarda ham g‘olib chiqib, mundialga yo‘l oldi.

Suriyaning 6 nafar futbolchisi Malayziya chempionatida to‘p suradi. Saudiya Arabistonida to‘p surayotgan Omar Xribin va Omar Al-Soma hamda Qatar Yulduzlar ligasi ishtirokchisi Mahmud Al-Mavas terma jamoaning asosiy to‘purarlari hisoblanadi.

Uchrashuv rasmiylari
Uchrashuvni turkmanistonlik hakamlar boshqarib boradi. Bosh hakam Chorimurod Qurbonov, unga qanotlarda Polvon Polvonov va Ahmet Beknazarov yordam beradi.​

Suriya terma jamoasiga ayni vaqtda tajribali mutaxassis, 70 yoshli germaniyalik Berndt Shtange bosh murabbiy hisoblanadi. Turli yillarda GDR, Ummon, Iroq, Belarus va Singapur kabi terma jamoalarda ishlagan ushbu mutaxassis shu yilning 1 fevralida lavozimga kirishgan.

Ektor Kuper esa 6 avgust kuni O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. U bilan «3+1» ko‘rinishida shartnoma imzolangan. Ushbu mutaxassisga terma jamoani 2022 yilgi jahon chempionatiga olib borish vazifasi qo‘yilgan.

O‘yin oldi fikrlari

Ektor Kuper: «22 avgust kuni yig‘inga kirishgan bo‘lsak, birinchi ishni futbolchilarni inson sifatida o‘rganishdan boshladim. O‘zbekiston terma jamoasining oldingi o‘yinlari bilan tanishdim. Qo‘l ostimda jamlangan futbolchilar bilan mashg‘ulotlar o‘tkazib, ularning jismoniy tayyorgarligini kuzatdim. 10-12 kunlik muddat davomida va oldingi ko‘rgan o‘yinlarimdan kelib chiqqan holda futbolchilarni optimal holatga olib kirishga harakat qildik. Terma jamoa o‘yin uslubi va taktikasiga o‘zgarishlar amalga oshirishga majbur bo‘ldik. Bu jarayon hali yakuniga yetmagan, bu kelajak uchun bajarilgan ishlar hisoblanadi. Hozircha Janubiy Koreya ligasida to‘p surayotgan futbolchilar yig‘inga yetib kelishmadi. Bundan tashqari, Odil Ahmedov va Vitaliy Denisov endigina Toshkentga kelishgan. Futbolchilar texnik jihatidan juda ham yaxshi holatda. Mashg‘ulotlar jarayonida global o‘zgarishlar qilganimiz yo‘q. Shu sababli ham, birinchi o‘yindanoq mo‘'jizalar kutmasligingizni so‘rayman. Terma jamoa o‘yinidagi o‘zgarishlar eng kamida bir oydan so‘ng ko‘zga tashlanishiga umid qilyapman».

Berndt Shtange: «O‘zbekiston bilan o‘yin Suriyaning FIFA va OFK tomonidan tashkil etiladigan musobaqalardagi bahslari uchun tayyorgarlik vazifasini o‘taydi va bu o‘yin biz uchun juda ham muhim. Biz O‘zbekiston bilan o‘yinga asosan legionerlarni taklif etdik. Biz faqat kecha to‘liq tarkibda yig‘ilishga ulgurdik va dastlabki mashg‘ulotni «Paxtakor» stadionida o‘tkazdik. O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish uchun keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilayotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim va bu hali jahon miqyosida o‘z mevasini berishi aniq. Oldingi davrdanoq o‘zbek futboli rivojiga tamal toshi to‘g‘ri qo‘yilgan va rivojlanish strategiyasi ham to‘g‘ri yo‘lda deb hisoblayman. Bunga «Paxtakor» jamoasining tarixi ham yaqqol misol bo‘la oladi».

Ektor Kuper bugun Suriyaga qarshi va 11 sentabr kuni Eronga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi arafasida o‘tkazilgan yig‘in uchun 30 futbolchini jalb qilgan. Bundan tashqari, Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan olimpiya terma jamoasidan ham bir necha futbolchi tarkibga qo‘shilishi mumkin.

Darvozabonlar: Suyunov Eldorbek («Paxtakor»), Zuhurov Murodjon («Bunyodkor»), Quvvatov Sanjar («Nasaf»), Nesterov Ignatiy («Lokomotiv»);
Himoyachilar: Denisov Vitaliy («Krilya Sovetov», Rossiya), Shixov San'at («Buxoro»), Xolmuhamedov Murod («Qo‘qon-1912»), Ismoilov Anzur («Lokomotiv»), To‘xtaxo‘jayev Islom («Lokomotiv»), Gadoyev Shohruh («Tedjon Sitizen», J.Koreya), Krimets Yegor («Paxtakor»), Muhammadiyev Shuhrat («Lokomotiv»), Zoteyev Oleg («Lokomotiv»), Az'amov Sherzod («Lokomotiv»), Sayfiyev Farrux («Paxtakor»), 
Yarim himoyachilar: Ahmedov Odil («Shanxay SIPG», Xitoy), G‘ofurov Husniddin («Lokomotiv»), Haydarov Azizbek («Bunyodkor»), Mirzayev Sardor («Lokomotiv»), Shukurov Otabek («Sharja», BAA), Sobirxo‘jayev Sardor («Bunyodkor»), Rashidov Sardor («Lokomotiv»), Shomurodov Eldor («Rostov», Rossiya), Tursunov Sanjar («Tedjon Sitizen», J.Koreya), Kozak Vladimir («Paxtakor»), Ibrohimov Javlon («Bunyodkor»).
Hujumchilar: Abduxoliqov Temurxo‘ja («Lokomotiv»), Bikmayev Marat («Lokomotiv»), Nagayev Ivan («Qizilqum»), Igor Sergeyev («Paxtakor»).

Mavzuga oid