Sport | 09:30 / 07.09.2018
34628
2 daqiqa o‘qiladi

Kurash. Sherali Jo‘rayev prezident sovrini uchun o‘tkazilgan I xalqaro turnir g‘olibi

Poytaxtda kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi prezidenti sovrini uchun xalqaro musobaqa o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi xabariga ko‘ra, bahslar mutlaq vazn toifasida tashkil qilindi. Jahonning 40ga yaqin mamlakatidan polvonlar ishtirok etgan musobaqa finaliga ikki nafar o‘zbekistonlik kurashchi yetib bordi. Bekmurod Oltiboyev va Sherali Jo‘rayev o‘rtasidagi final bellashuvida esa Sheralining qo‘li baland keldi va yakunda u musobaqa g‘olibiga aylandi.

Sherali oltin medal bilan birga musobaqa g‘olibi uchun atalgan 50 000 AQSh dollari miqdoridagi mukofot puliga ham ega chiqdi. Ikkinchi o‘rin sohibi Bekmurod Oltiboyevga 25 000 AQSh dollari nasib qildi. Bronza medalini qo‘lga kiritgan sportchilar Aslan Kambiyev (Rossiya) va Temur Rahimov (Tojikiston) esa 10 000 AQSh dollari bilan ketadigan bo‘lishdi. Shuningdek, 5-8 o‘rinni qo‘lga kiritgan sportchilarga 1250 AQSh dollari miqdorida mukofot topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, Sherali Jo‘rayev va Bekmurod Oltiboyev Indoneziyada bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida dzyudo bo‘yicha ishtirok etib, bronza medallarga sazovor bo‘lishgandi.

Jo‘rayev -100 kg vazn toifasidagi bahslarda, Oltiboyev esa +100 kg vazn toifasidagi bahslarda uchinchi bo‘lishgandi.

Mavzuga oid