O‘zbekiston | 09:50 / 08.09.2018
6778
3 daqiqa o‘qiladi

Eksportni ko‘paytirish, turizmni rivojlantirish haqida petitsiya paydo bo‘ldi

Foto: Pixabay

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida eksportni ko‘paytirish, turizmni rivojlantirish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyatining Parkent va Yuqori Chirchiq tumanlarining yer unumdorligi juda yuqori, bu tumanlarda ayniqsa uzumchilik keng rivojlangan. U yerda yetishtirilgan uzum, mayiz va vino mahsulotlari jahon bozoriga eksport qilinmoqda. Shunday bo‘lsa-da, ushbu tumanlar imkoniyatlardan yanada to‘laqonli foydalanish lozim. 

“E'tibor bering, ushbu hududlarda bir gektar kishmish navli uzum bog‘idan o‘rtacha 15-20 tonna hosil olish mumkin. Narxi o‘rtacha 4000-5000 so‘mdan hisoblanganda 60-80 mln. daromad olinadi. Yuqori daromad olish imkoni bo‘lgan yerlarga muntazam ravishda bug‘doy ekib kelinmoqda. Bu yerlarda 1 gektar bug‘doydan 2,5-3 tonna hosil olinadi xolos. Uning puldagi miqdori esa 3.5-4 mln. so‘mni tashkil etadi. Bundan tashqari, ushbu bug‘doyni yetishtirish uchun ko‘p miqdorda mablag‘ sarflanadi”, - deyiladi murojaatda.

“Taklifim Parkent va Yuqori Chirchiq tumanlarining uzum yetishtirish imkoni bo‘lgan barcha yerlariga bug‘doy ekilishini to‘xtatish, yer resurslaridan oqilona foydalanilmayotgan fermer xo‘jaliklari yerlarini tuman zaxirasiga qaytarib olish va shu hududlarda “Erkin agrar zona”larni tashkil etish; 

“erkin agrar zona”lardagi yerlarni uzum yetishtirish uchun uzumzor tashkil etish istagini bildirgan oilalarga 0.5 gektardan 1 gektargacha ijara to‘lovi asosida berish (bu sifatli va raqobatbardosh uzum yetishtirilishini ta'minlaydi), bunda ijara miqdorini EKIHga bog‘lash (yillik 10-15 barobar miqdorida) va uzum hosilini yig‘ilishini kuzatish uchun kelgan turistlar uchun namunaviy yengil instruksiya asosida ishlangan arzon dala shiyponlari qurish vazifasini yuklash lozim. Shuningdek, ularga yerdan samarali foydalanish, sifatli uzum yetishtirish vazifasi yuklanishi kerak. Yerning ijara shartnomasini keyingi yil uchun joriy yilning kuzida, talablarga javob bergan mehnatkash oilalar bilan ijara to‘lovi to‘lagandan so‘ng tuzish lozim. Bunda talablarga javob bermagan va mehnat qilishni xohlamaganlar bilan shartnoma tuzilmaydi. 

Natija: 

- oila daromadi ortadi va turmush darajasi yaxshilanadi; 
- turizm rivojlanadi; 
- eksport xajmi ortadi; 
- aholi bandligi ta'minlanadi; 
- hududda byudjyet tushumi ko‘payadi; 
- yerdan oqilona foydalanilishi nazoratga olinadi; 
- sifatli uzum yetishtirishga erishiladi; 
- ishlab chiqarish hajmi kengayadi”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

Mavzuga oid