Armiya qo‘l jangi xalqaro musobaqasi: O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi
12 sentabr kuni Toshkentdagi «Universal» sport majmuida MDHga a'zo davlatlar do‘stona armiyalari o‘rtasidagi armiya qo‘l jangi chempionatining final bosqichi bo‘lib o‘tdi. 7 vazn toifasidagi sportchilar o‘rtasida o‘tkazilgan ushbu musobaqada o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilarning 6 nafari finalga qadar yetib bordi. Bu haqda Kun.uz’ga Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
60 kilogrammgacha bo‘lgan vaznli qo‘l jangi ustalari o‘rtasida kechgan final bahslarida o‘zbekistonlik serjant Shahboz Tursunov qozog‘istonlik sportchi Arkot Bayaxmetovni mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
-75 kg vaznlilar o‘rtasida kechgan murosasiz kurashda ham o‘zbekistonlik sportchi — serjant Jahongir Jumayev rossiyalik raqibi Sergey Kuznetsovdan qo‘li baland keldi.
-80 kg vazn toifasidagi harbiy sportchilar o‘rtasida kechgan jangda rossiyalik leytenant Zorikto Galsanov o‘zbekistonlik shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi G‘iyos Pozilovga qarshi og‘rituvchi usul qo‘llab shohsupadan joy olgan bo‘lsa, -85 kg vazn toifasi uchun kechgan final jangida O‘zbekiston Qurolli Kuchlar Akademiyasi kursanti Bekzod Nurmatov rossiyalik sportchi Sharaf Davlatmurodovga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va yana bir oltin medalni mamlakatimiz terma jamoasiga olib keldi.
-90 kg vazn toifasida g‘oliblik uchun kechgan yakuniy bosqichda rossiyalik Anatoliy Tokov hamda qozog‘istonlik Artyom Rogalskiy o‘zaro kurashdi. Natijada rossiyalik sportchining qo‘li baland kelib, g‘oliblikka erishdi.
Shunday qilib, 2 kun davom etgan armiya qo‘l jangi xalqaro chempionatida o‘zbekistonlik harbiy sportchilar umumjamoa hisobida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Rossiya vakillariga nasib etgan bo‘lsa, 3-o‘ringa qirg‘izistonlik harbiy sportchilar erishdi.
Chempionat g‘olib va sovrindorlari kubok, diplom, medallar bilan taqdirlandi. Shuningdek, eng faol ishtirokchilar tashkilotchilarning alohida nominatsiyalari bo‘yicha mukofotlandi. MDH davlatlaridan kelgan vakillarga O‘zbekiston Mudofaa vazirining esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda birinchi marotaba o‘tkazilgan armiya qo‘l jangi musobaqasida Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda O‘zbekiston Respublikalarining sharq yakkakurashlari ustalari ishtirok etdi.
Chempionat dasturiga muvofiq, O‘zbekistonga kelgan mehmonlar uchun poytaxtning diqqatga sazovor joylariga ekskursiyalar uyushtirildi.
Mavzuga oid
18:10 / 24.12.2024
O‘zbekiston armiyasi uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarish va ularga qarshi kurashishni mashq qilmoqda
19:25 / 23.11.2024
Bahodir Qurbonov DXX raisi etib tayinlandi
20:51 / 18.11.2024
“Qurollar qanchalik zamonaviy bo‘lmasin, milliy g‘urursiz ish bitmaydi” - maktablarga harbiy darslar nega kerak?
18:23 / 07.11.2024