Iqtisodiyot | 14:18 / 13.09.2018
5968
2 daqiqa o‘qiladi

Credit Suisse O‘zbekiston neft va gaz sanoati loyihalarini moliyalashtirishga tayyor turibdi

Joriy yilning 11 sentabr kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati bosh ofisida kompaniya rahbariyati Shveytsariyaning “Credit Suisse” banki vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda bankning “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan investitsion loyihalarni moliyalashtirishdagi ishtiroki muhokama etildi. Bu haqda Kun.uz’ga “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: O‘zbekneftgaz

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati bank vakillariga kompaniya faoliyati, neft va gaz sanoati doirasidagi investitsion loyihalari va mamlakatimizda ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma'lumot berdi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Shveytsariya banki vakillari mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojlanishida muhim o‘rin tutadigan “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining investitsion loyihalarini moliyalashtirishga katta qiziqish bildirayotganlarini alohida ta'kidlab o‘tdi.
 
Bank vakillarining aytishicha, loyihalarni moliyalashtirish nafaqat tijorat maqsadini ko‘zlaydi, balki “Credit Suisse” bankining “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati bilan strategik munosabatlarning o‘rnatilishiga xizmat qiladi. Va ular ushbu hamkorlik uzoq muddatli bo‘lishidan umidvor ekanligini ta'kidladi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Uchrashuv yakunida tomonlar “Sho‘rtangazkimyo” majmuasi mas'uliyati cheklangan jamiyatining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va yangi neftni qayta ishlash zavodini qurish bo‘yicha investitsion loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini birgalikda ko‘rib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Mavzuga oid