Light | 21:41 / 13.09.2018
12694
3 daqiqa o‘qiladi

Mutolaa zavqi: «So‘nggi to‘fon» - shukronalikka undovchi asar

Siz ham goho sababsiz noshukurlik qilgan vaqtingiz bo‘lganmi? O‘z-o‘zidan, sababsiz hech kimga gapirgingiz kelmaydi, hech ish qilishga qo‘l bormaydi. Ana shunday holatda yurgan kunlarimning birida qo‘limga turk yozuvchisi Ahmad Lutfi Qozonchining «So‘nggi to‘fon» kitobi tushib qoldi.

Asar oddiy tilda yozilgan, ortiqcha falsafabozlik qilinmagan. Tasvirlar shunaqangi berilganki, asar voqealari ichida yashaysiz. Qahramonlardan biri Tursunning qishning sovuq kunida oyog‘ida etik yo‘qligiga achinib, etikli bo‘lganida quvongandim. Ammo ichkilikka berilgan ota o‘g‘lining o‘zidan ham avaylab kiyayotgan, ta'bir joiz bo‘lsa ardoqlayotgan etigini qimorda yutqazib qo‘yadi. Tasvirlar o‘ylab topilmagan, hammasi xuddi yozuvchi guvoh bo‘lgandek yozilishi bilan birga sizniyam o‘sha voqea ishtirokchisiga aylantira oladi.

Hech yodimdan chiqmaydigan yana bir voqea, Hasan - o‘smir yoshdagi o‘quvchi partasi tagidan o‘chirg‘ich topib oladi. Chiroyli, yangigina, koshki uniyam shunaqa o‘chirg‘ichi bo‘lsaydi. U o‘chirg‘ichni olishni judayam istaydi, ammo vijdon amriga, onasi bergan go‘zal tarbiyaga qarshi borolmaydi. Ustoziga: «Kimnikidir qolib ketibdi»,- deb olib boradi. Qarangki ustoz: «Bu senga bo‘la qolsin»,- deb o‘chirg‘ichni Hasanga sovg‘a qilib yuboradi. Kitobdagi voqea-yu, qahramonlar bizga yaqin, shukronalikka undov, otani har qanday holda ham hurmat qilish kerakligi haqidagi gaplar juda juda o‘rinli. Kitobni o‘qish o‘quvchini nafaqat hamdardlikka, balki shukronaga ham o‘rgatishi shubhasiz. Kitobning qayta-qayta chop etilishi-yu, o‘quvchilar o‘rtasida qo‘lma-qo‘l bo‘lishining sababi ham uning hayotiyligida.

So‘nggi to‘fonni o‘qish oila eng buyuk maskanligi, ayolning sabri oilani haqiqiy oila qilishini isbotlaydi. Yaxshi kitob haqida shunday gap bor: agar kitob o‘qiganingizda u xuddi boshingizga gurzi bilan urgandek ta'sir qilmasa u yaxshi kitobmas. «So‘nggi to‘fon» esa boshingizga gurzi bilan urmasada, ko‘pgina narsalarni daqiqalar ichida sizga tushuntirib qo‘yadi. Eng ahamiyatlisi ushbu kitobni farzandingiz ham, o‘zingiz ham bemalol mutolaa qilishingiz, oila davrasida ham o‘qishingiz mumkin.

Zuhra Ro‘ziyeva, kitobxon

Mavzuga oid