O‘zbekiston | 16:00 / 14.09.2018
16744
3 daqiqa o‘qiladi

"Amirsoy": O‘zbekistondagi ilk tog‘-chang‘i kurortining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi

14 sentabr kuni Toshkent shahrida "Amirsoy" tog‘-chang‘i kurortining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistondagi birinchi tog‘-chang‘i kurorti taqdimotini Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

"O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qo‘llab-quvvatlashi ostida amalga oshirilgan "Amirsoy" loyihasi xorijiy investor va mahalliy tuzilmalar hamkorligida yaratilgan ajoyib loyiha namunasidir. Ular o‘z oldilariga qo‘yilgan vazifalarni juda yaxshi uddalashdi", - deydi u. 

Shuni alohida ta'kidlash joizki, "Amirsoy" O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. 

"Qishki mavsumda turistlar oqimi bilan bog‘liq muammolar mavjud edi, ushbu loyihaning amalga oshishi esa O‘zbekistonda turistik xizmatlarni diversifikatsiyalash imkonini beradi, ya'ni mamlakatimiz infratuzilmasi butun yil davomida sayyohlarni qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi", - deya ta'kidladi Aziz Abduhakimov. 

Shunisi diqqatga sazovorki, "Amirsoy" loyihasining ishga tushishi O‘zbekistonda qator yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga ham sabab bo‘ladi. 

Tadbir davomida Bosh vazir o‘rinbosari "Chorvoq" turistik erkin iqtisodiy zonasining birinchi ishtirokchisi bo‘lgan  "Amirsoy" kompaniyasi vakillariga maxsus guvohnomani topshirdi. 

"Amirsoy" tog‘-chang‘i kurorti to‘rt mavsumda xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan bo‘lib, uning faoliyati xalqaro sifat va xavfsizlik standartlariga muvofiq ravishda yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerga qishda oila a'zolaringiz va yaqinlaringiz bilan tashrif buyurib, chang‘i, snoubord, tyubing, chana, qorda yurishga mo‘ljallangan avtomobillarda mazza qilib hordiq chiqarishingiz mumkin. Yozgi mavsumda esa foto-turlar, velo-treking, zip-layn tushish, yozgi tyubing, peyntbol o‘ynash va tabiat qo‘ynida pik-nik uyushtirish mumkin.

Kurortda “2290” va “Jigar” restoranlari, ikki xil (o‘rindiqli va gondolli) dor yo‘li, konveyerli ko‘tarilish, ko‘p funksional markaz, park-otel, tog‘ chang‘i trassalari va avtoturargoh xizmatlari taqdim etiladi. 

Ta'kidlash joizki, "Amirsoy" tog‘-chang‘i kurorti shu yilning 15 dekabrida ochiladi. 

Mavzuga oid