Light | 17:38 / 05.10.2018
21816
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zgarishlarga ilhom beruvchi 20 ta hayotiy haqiqat

Ko‘pchilik hayotini o‘zgartirishni istaydi, biroq buni qanday amalga oshirishni bilmaydi. Tadbirkor  va yozuvchi Jyeyms Altusher o‘z maslahatlari bilan o‘rtoqlashdi.

Altusher o‘z blogida karerasi davomida o‘zlashtirgan hayotiy saboqlarni nashr qildi. Balki ular sizga o‘zingiz uchun biror narsani o‘zgartirishga ilhom berar.

Foto: Unsplash

1. Vaqtingizni birga o‘tkazadigan kishilar shaxsiyatingizni belgilaydi. Qimmatli onlarni hayotingizni zaharga aylantiradiganlar uchun sarflamang.

2. Kaydzen strategiyasini qo‘llang. Har kuni o‘zingiz sevgan narsada 1 foizga yaxshilaning. Hatto 1 foizlik yaxshilanish ham bir yil davomida ancha olg‘a ilgarilashga yordam beradi. Bu qolgan 99 foiz kishilar amalga oshirganidan ancha ko‘proq.

3. Erkin bo‘lish – shaxs sifatida rivojlanishga bog‘liq masalalarda o‘zgalar qaroriga bog‘liq bo‘lmaslik.

4. Minnatdorchilik va qo‘rquv birgalikda mavjud bo‘la olmaydi. Biz qabul qilayotgan qarorlar yoki rivojlanishga bo‘lgan intilish, yoki qo‘rquvga asoslanadi. Biroq faqat birinchisi bizni ichki kompas ko‘rsatadigan yo‘nalish bo‘ylab harakatlantiradi.

Foto: Unsplash

5. Odamlar turli guruhlarga mansub. Ularni shartli ravishda +, − va = bilan belgilash mumkin.

Vaqtingizni ko‘proq «+» kategoriyasidagi odamlar bilan o‘tkazing. Bu guruhdagilardan biror narsa o‘rganishingiz mumkin.

«=» guruhi – siz bilan bir xil darajadagilar, ular bilan birgalikda o‘sishingiz va rivojlanishingiz mumkin. «−» lar esa sizdan ortda qolganlar, ularga siz biror narsa o‘rgatishingiz mumkin.

6. Biror sohada yutuqqa erishish uchun jismoniy, hissiy, ijodiy va ruhiy quvvat zarur. Har bir quvvat turini to‘ldirib borishga harakat qiling.

7. Jismoniy jihatdan sog‘lom bo‘lish uchun to‘g‘ri ovqatlaning, ko‘proq harakat qiling va uxlang. Bu salomatlikning uch omili.

8. Hissiy sog‘lom bo‘lish uchun vaqtingizni sizni yaxshi ko‘rib, qadrlaydiganlar bilan o‘tkazing.

9. Ijodiy salohiyatni rivojlantirish uchun har kuni 10 tadan yangi g‘oya yozing. Ular yaxshi yoki yomonligining ahamiyati yo‘q. Altusherning fikriga ko‘ra, uch oydan keyin g‘oyalarni ishlab chiqish super qobiliyati paydo bo‘ladi.

Foto: Unsplash

10. Ruhiy muvozanatni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tmishdagi nadomat va kelajakdagi xavotir sizni hozirgi zamonda chalg‘itishiga yo‘l qo‘ymang. Hozirgi lahza - sizda mavjud yagona narsa.

11. Doim o‘zgalarga yordam berishga harakat qiling. Gap pulda emas, biroq uni ham bo‘lishish mumkin.

Fikrlash tarzini o‘zgartirish kerak: o‘zingiz uchun foyda kutmay va yo‘qotganingizdan afsus chekmasdan.

12. O‘z tamoyillaringizdan chekinmang. Yashash mushkul, biroq o‘z tamoyillaringizga sodiq bo‘lmasangiz, ikkita hayotni yashashga to‘g‘ri keladi. Bu esa kuchingizni olib, sizni baxtsiz qiladi. Shuning uchun o‘z qadriyatlaringiz va tamoyillaringizni aniqlang va ularga amal qilishdan qo‘rqmang.

13. O‘zingiz tushunadigan va biladigan narsalarda ham ikkilanasiz. Bir paytlar siz shubhasiz deb hisoblagan ko‘p faktlar o‘zgarib ketdi. Biror narsa aytilgani yoki yozilgani uchungina ishonmang. Doim savollar bering. Bu tafakkuringizni rivojlantirib, tezroq muvaffaqiyatga erishishingizda yordam beradi.

14. Barchamiz noratsional fikrlaymiz. Kamdan kam hollarda haq bo‘lishimiz bejiz emas. Buni yodingizda saqlang, ana o‘shanda muvaffaqiyat va mag‘lublik orasida harakatlanish oson kechadi.

Foto: Unsplash

15. Aybni o‘zgalarga to‘nkamang. Altusher fond bozorida pulini yo‘qotgani haqida so‘zladi. Unga birja maklerini sudga berishni maslahat berishgan, biroq u bunday qilmadi. U o‘zini aybdor deb hisobladi. Chunki aynan u barcha qarorlar, jumladan makler maslahatiga amal qilishni ham o‘zi hal qilgan. Xatoni tan olib, doim biror narsani o‘rganish mumkin. Mag‘lubiyatlaringizni tahlil qiling va ulardan saboq chiqaring. Faqat shu yo‘l bilan yaxshiroq insonga aylanasiz.

16. Diqqatingizni natijaga emas, jarayonga qarating. Agar harakat qilsangiz, o‘qisangiz, takomillashib borsangiz, tajribali kishilar maslahatlarini qo‘llasangiz natijani oldindan aytib bera olmaysiz. Axir ertangi kun bugungisiga qaraganda ancha yaxshi bo‘ladi.

Natija – kelajak haqidagi xayol, jarayon esa bu – sizning hozirgi kuningiz. Undan zavqlanib yashashga harakat qiling.

17. Pul – yuqorida keltirilganlarning qo‘shimcha natijasi.

18. Romantik munosabatlar – yuqorida keltirilganlarning qo‘shimcha natijasi. Shaxsiyatingiz qimmatini qo‘llab-quvvatlashni hamkoringizga yuklamang. Uning o‘ziga tegishli muammolari yetarli.

19. Salomatlik – yuqorida sanalganlarning qo‘shimcha natijasi.

Foto: Unsplash

20. Har qanday to‘siq bu – imkoniyat. Buni yodingizda saqlang va ortga chekinmang.

Mavzuga oid