Sport | 23:10 / 07.10.2018
66328
7 daqiqa o‘qiladi

Konor va Xabibning jangi ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbek muxlislari tomonidan qanday kutib olindi?

UFC jangi bo‘yicha irlandiyalik Konor MakGregor va rossiyalik Xabib Nurmagomedov o‘rtasidagi jang va undan keyingi sodir bo‘lgan shov-shuvli voqealar o‘zbekistonlik muxlislarda qanday taassurot qoldirdi? «Feysbuk» va «Tvitter»da muxlislar jang va undagi hodisalarni yumor aralash qarshilashgan bo‘lsa, «Instagram»da hattoki qizlar jang tafsilotlarini jiddiy muhokama qilishganiga, hattoki bir birlari bilan tortishib ketishganiga guvoh bo‘ldik.

«Feysbuk»dagilar nima deydi?

Muxammad Shakur: Katta janglardan avval va keyin bo‘ladigan mashmashalar atayin ommada qiziqishni orttirish uchun qilinadi. Sababi — pul. Translyatsiyani sotib olish katta pul turadi. Sotib olgan telekanallar ham foyda ko‘rishadi — reyting hamda reklamadan tushadigan pul.

Bunday paytda ringda nima sodir bo‘lishiga qiziqamiz, albatta, ammo ring ATROFIDA nimalar bo‘layotganini anglash va yodda tutish kerak. Shu bilan birga botinda bo‘ladigan ishlar ham bor — berilib ketib, o‘zimizni yo‘qotib qo‘yganimizda quvonadigan ko‘zlar ham bor...

Aslan Umar: UFC — harom! Yuzga urish harom! Gunohkor Mo‘minning sha'nini bulg‘ash ham harom! Munofiq emas u bola. Qilayotgan harom ishiga ochiqchasiga raddiya bermadi hech qayerda halol deb. Hayot tarzi oila va ijtimoiy hayotida uncha muncha mo‘minlar qilolmagan ishni qiladigan bola. Shaxsga nisbatan ja qattiq gapirvormanglar. Alloh hidoyatlasin bu bolani, oxirini xayrli qilsin...

Iroda Rustamova: Konor hadeb jinnicha qiliqlar qilganidan bilgandim yutqazib qo‘yishini. U maqtanib yurdi, Xabib esa Allohni ko‘p marta esladi. Mana shungayam yutdi.

Zafar Abdullaev: To‘g‘ri ish qildi Xabib. Gonorarining Xabibga keragi yo‘q, Ramzon Qodirov bratan ikki baravar qilib beradi pulni!

Kamoliddin Akbarov: Xolis aytganda, Xabib to‘g‘ri ish qilmadi. Butun dunyoga anavining masxarabozligini isbotlab qo‘ydi, tamom! Bundan oshiq ularga alamli jazo yo‘q edi.

Bahadir Can: Hojiboy bo‘lganda nima degan bo‘lar edi:

«Xabib — prav. To‘g‘ri qiladi! Xabibda hech qanday ayb yo‘q edi. Ikki metr narida Konorning murabbiyi binnarsa-binnarsa deb qo‘ydi-da. Bu eshitib qoldi. Biz eshitmadik. «Nima deding? Binnarsa deganday bo‘ldingmi?» dedi. Ringni bir burchagida Konor chala so‘yilgan xo‘rozday yotibdi. Xabib ringdan irg‘ib o‘tib, Konorning murabbiyini do‘pposlab qo‘ydi. Butun jahon u-u-u-u devordi. Qo‘rqmasdan chiqib ketdi! Chunki u Xabibboy-da! U o‘zimizni o‘zbek. Tagi o‘zbekistonlik. O‘zbekligi bor. Qiziqqon-da. Haqiqat talab qildi. Qo‘rqmadi. «Hey! — dedi. — Chempionatinggayam... O‘sha oltindan bo‘lgan kamaringgayam dedi.

Yurakni qarang. Qo‘rqmaganini.

O‘yininggayam...

Ringinggayam...

Ringingni direktorigayam...

Sudyalaringgayam dedi. Shartta chiqib ketdi.

Rossiyada Putin kutib olib, «to‘g‘ri qilding,» dedi. «Sen musulmonlarni obro‘sini, or-nomusini saqlab qolding. Dog‘istonda Shayx Shomildan keyin ikkinchi tarixiy qahramonga aylanding», dedi. «Senga o‘sha oltin kamar kerakmi. Men o‘zim 15ta yasab beraman», dedi.

Xabib jangni ringda boshlab, tashqarida tugatdi».

Baxtiyor T.: Habib jangdan keyin juda katta xato qildi. Konor taslim bo‘lgandan keyin, xotirjamlik bilan qo‘lini yuqori ko‘tarsa bas edi. Shunda u butun dunyo miqyosida qahramon bo‘lar edi. U esa, yosh bolaga o‘xshab, ommaga sakrab tushib, odamlar bilan urishib yuribdi...

Nonick Votamgin: Yana bir versiya — revansh bo‘ladi. Revansh bo‘lishi uchun ham jang oxirida shunaqa to‘polon boshlagan bo‘lishi mumkin.

Xabib – Konor bular oddiy o‘yinchi, ularning ortidagi asosiy o‘yinchilarga pul topish birinchi o‘rinda turadi!

Bugungi gonorarni olishdi, revansh bundan-da katta foyda keltiradi, bu — aniq. Balkim revanshda Xabib yana yutar, lekin bu investorlar uchun unchalik muhim emas. Sport — bu biznes! Xullas, jang rejali bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

«Tvitter»dagilar nima deydi?

@hamzaevr: Xabibning g‘alabasidan xursandmisizlar endi?! Shoumen Konor butun dunyo oldida sharmanda bo‘lgani qoldi. Katta gapirmaslik kerak edi!

@Javlon1703: Tvitter ahli Xabibning yutug‘ini kam muhokama qilyapti. Demak, Konorning muxlislari O‘zbekistonda ham ko‘proq shekilli.

@Karshiev_A: Bo‘ldi, Xabibga kamar ham yo‘q! Yana katta «soqqa»ga jang bo‘ladi. Xabibning ringdan oshib tushishi UFCga yana jang uyushtirishga imkon tug‘dirdi.


«Instragram»dagilar muhokamasi

dina_baby_girl_m: Xabib hadeb quchoqlavolib urushdi, zerikarli jang bo‘ldi, erkin kurashga o‘xshab. Konorni quchoqlavolib o‘tirdi. Zarba berib urishsa, yutqazardi.

margubaabdullayeva.35: Xabib cho‘chqaday semirib yotibdi, yana Konor erkakchasiga urushdi, vazni kamligi bilinib turibdi. Xabib hechkimmas, baribir Konor men uchun chempion. Xabib o‘zidan ketib qoldi, endi sud uni o‘zidan ketkazadi. Rosti, Konorning insoniyligining o‘zi uning chempionligi. Chunki u qancha rak kasaliga chalingan muxlislariga yordam qilgan. Xabibning faqat kamari bor, xolos.

hulkarhaitova: Chempionlikdan ham mahrum bo‘lishi mumkin ekan. Bu — sport, o‘zini ko‘rsatish kerakmas edi. O‘yin tugagandan keyin o‘yin boshladi va asl yuzini ko‘rsatdi. O‘zini bosvolishi kerak edi. Yaxshiyam politsiyachilar bor, o‘pkasini bosolmagan sportchilarni ko‘rdik, bekorga o‘lib ketdi…

non_usernames: Afsuslar bo‘lsinki, lekin bu gap to‘g‘ri. Bu inglizlar Xabibni yeb tashlashadi endi. Pul-ku mayli, Xabib bepul urishaman kerak bo‘lsa Konor bilan degan edi. Gap puldamas, kelasi jangdan ishlab olaveradi pulni. Lekin karerasiga yomon bo‘ldi.

Mavzuga oid