O‘zbekiston | 22:20 / 08.10.2018
15465
5 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev YuNeSKO Bosh direktori bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 oktabr kuni Parij shahridagi YuNeSKO bosh qarorgohida ushbu tashkilot Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

BMTning ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti - YuNeSKO 1945 yil 16 noyabrda tuzilgan. Uning asosiy maqsadi ta'lim, fan, madaniyat, kommunikatsiyalar, turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish orqali tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga ko‘maklashishdir. Norasmiy ravishda «BMTning aql laboratoriyasi» deb ataladi. Javoharlal Neru o‘z vaqtida YuNeSKOga «insoniyat vijdoni» deb ta'rif bergan.   

Bugungi kunda tashkilotga 195ta mamlakat a'zo hisoblanadi. O‘zbekiston YuNeSKOga 1993 yil 26 oktabrda a'zo bo‘lgan. 

Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasiga rasmiy tashrif YuNeSKOdagi uchrashuvdan boshlangani chuqur ma'no va muhim ahamiyatga ega ekanini, O‘zbekistonning ushbu tashkilot bilan hamkorligi izchil rivojlanib borayotganini ta'kidlagan.

Odri Azule O‘zbekiston rahbarini tashrifi bilan samimiy qutlab, O‘zbekiston bilan hamkorlik rivojida ushbu uchrashuv g‘oyat muhimligini qayd etgan.

O‘zbekiston YuNeSKO Ijroiya kengashi tarkibiga ikki marta saylangan. Ushbu tashkilot bilan birgalikda xalqaro miqyosda Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Farg‘oniy, Imom Buxoriy, Kamoliddin Behzod, qadimiy shaharlar Buxoro, Xiva, Termiz, Shahrisabz, Qarshi, Samarqand, Marg‘ilon va Toshkent, «Alpomish» dostoni va «Avesto» kitobi, shuningdek, Xorazm Ma'mun akademiyasining yubileylari keng nishonlandi. Buxoro shahri tashkilotning «Tinchlik tarafdori bo‘lgan shaharlar» sovrini bilan taqdirlangan.

Usmon Mashafi va Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar to‘plami YuNeSKOning «Jahon xotirasi» ro‘yxatiga kiritilgan.

Xivadagi «Ichan qal'a» majmuasi, madaniyatlar chorrahasi -  Samarqand, Buxoro va Shahrisabzning tarixiy markazlari, shuningdek, Chotqol biosferasi YuNeSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 

Shoshmaqom, Boysun madaniy makoni, Katta ashula, askiya, osh, Navro‘z, atlas va adras ishlab chiqarish texnologiyalari tashkilotning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan. 

O‘zbekistonning YuNeSKO bilan hamkorligi o‘zbek musiqiy madaniyatini asrab-avaylash, rivojlantirish va ommalashtirishga ham xizmat qilmoqda. Xususan, YuNeSKO ko‘magida Samarqand shahrida har ikki yilda bir marta «Sharq taronalari» xalqaro festivali o‘tkazib kelinmoqda. Joriy yil sentabr oyida Shahrisabzda ilk bor Xalqaro maqom san'ati forumi o‘tkazildi.  

O‘zbekiston rahbarining yaqinda qabul qilingan qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining YuNeSKO huzuridagi doimiy vakolatxonasi ta'sis etildi.

Ta'lim sohasidagi hamkorlik ham istiqbolli va muhimdir. O‘zbekiston «Jaholatga qarshi ma'rifat» g‘oyasi asosida jismoniy va ma'naviy barkamol shaxsni tarbiyalashga qaratilgan siyosatni amalga oshirmoqda. 

O‘zbekiston rahbari o‘tgan yil sentabr oyida BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi va Bosh Assambleyaning «Ma'rifat va diniy bag‘rikenglik» nomli rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surgan edi. 

YuNeSKO Bosh direktori O‘zbekiston prezidentining ushbu tashkilot shafeligida tinchlik va bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirish, ekstremizmning oldini olish maqsadida Samarqand shahrida Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro institut tashkil etish, Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti huzurida Ta'limda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha mintaqaviy markaz hamda Samarqanddagi Turizm xalqaro universitetida YuNeSKO kafedrasini tuzish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.

O‘zbekistonda Markaziy Osiyo yosh olimlari mintaqaviy forumini hamda 2019 yilda Toshkentda «Axborot texnologiyalari madaniy merosni asrash xizmatida» mavzuida Osiyo forumini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Bosh direktor O‘zbekistonning butun insoniyat boyligi bo‘lgan madaniy-tarixiy merosni asrab-avaylash borasidagi siyosatini yuksak baholadi.   

Uchrashuv so‘ngida Shavkat Mirziyoyev va Odri Azule O‘zbekiston bilan YuNeSKO aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan 2021 yilgacha hamkorlik dasturini imzoladi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev YuNeSKOning faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozdi.

Mavzuga oid