O‘zbekiston | 12:10 / 09.10.2018
9366
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Parij kelishuvini ratifikatsiya qiladi

O‘zbekiston iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha Parij kelishuvini ratifikatsiya qiladi. Bu haqda «Kun.uz» muxbiri Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) va «Rosatom» ishchi guruhining qo‘shma seminarida chiqish qilgan «Rusatom» vakili Yelena Pashinaga asoslangan holda xabar bermoqda.

Uning ma'lum qilishicha, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 oktabr kuni «Parij kelishuvini ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi qonunni imzolagan.

Seminarda AES eng ekologik elektr energiya manbai ekani ta'kidlangan.

Foto: Yelena Pashina

Parij kelishuvi 2015 yilning 12 dekabrida iqlim konferensiyasi yakunida qabul qilingan edi. U BMTning barcha a'zolari, ya'ni 195ta davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. 

2016 yilning 22 aprelida BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Ona-yer kunini nishonlash marosimi vaqtida a'zo davlatlar ushbu kelishuvni imzolashni boshlashdi.

Kelishuvdan o‘rin olgan asosiy maqsadlardan biri joriy asr davomida havo haroratining isish darajasini dunyo miqyosida Tselsiy bo‘yicha 2 darajadan past saqlab turish va keyinchalik Tselsiy bo‘yicha 1,5 darajadan, ya'ni sanoat inqilobidan oldingi davrdagi ko‘rsatkichlardan oshmasligini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iborat.

Bundan tashqari, mazkur kelishuvda iqlim o‘zgarishi jarayonida paydo bo‘layotgan bir qator muammolarni yechish borasidagi insoniyat salohiyatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamdagi chora-tadbirlar ham belgilangan.

Parijda erishilgan kelishuvda quyidagi muhim yo‘nalish va masalalar belgilab olingan:

• «Qisqartirish» – maqsad qilib olingan havo harorati ko‘rsatkichiga erishish uchun tez sur'atlarda zararli chiqindilarni qisqartirish;
•  Oshkoralikni ta'minlovchi global ma'lumot almashinuvi tizimini yaratish;
•  «Moslashuv» – mamlakatlarning iqlim o‘zgarishiga moslashish salohiyatini kuchaytirish;
•  «Talafotlarni qoplash» – mamlakatlarning iqlim o‘zgarishi natijasida ko‘rgan talafotlarini qoplash salohiyatini kuchaytirish;
• «Qo‘llab-quvvatlash» – mamlakatlarga kerakli yordam, shu jumladan moliyaviy yordam ajratib, ularni yanada kuchliroq bo‘lishi maqsadida qo‘llab-quvvatlash.

Ayni vaqtga kelib Parij kelishuvini 192 davlat imzolagan, 113 davlat ratifikatsiya qilgan. Atmosferaga is gazini eng ko‘p miqdorda chiqaruvchi davlatlar qatorida uchinchi o‘rinda bo‘lgan Rossiya bu kelishuvni imzolagan, lekin ratifikatsiya qilmagan. Rossiya atmosferaga is gazini eng ko‘p chiqaruvchi 15 davlat ichida ushbu kelishuvni ratifikatsiya qilmagan yagona davlatdir.

2017 yilning 1 iyunida AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatni Parij kelishuvidan olib chiqqandi. Uning aytishicha, Parij kelishuvi Amerikada millionlab ish o‘rinlari yo‘qolishiga sabab bo‘lgan. U bu kelishuv amerikaliklarga qimmatga tushgani (3 trillion dollar), ammo Xitoy va Hindiston kabi davlatlar uchun osonroq shartlar qo‘yilganini iddao qilgan.

Ma'lumot uchun, Yer yuzidagi gaz chiqindilarining 25 foizi AQShdan chiqadi.

NASA ma'lumotiga ko‘ra, 1880 yildan buyon jahondagi o‘rtacha harorat 0,8 gradusga o‘sgan. O‘sishning uchdan biri 1975 yildan keyingi davrga to‘g‘ri keladi.

Mavzuga oid