O‘zbekiston | 13:00 / 15.10.2018
106453
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati IIBning yangi boshlig‘i va viloyatning yangi prokurori tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlari vaziri o‘rinbosari Tohir To‘lqinovich Aripov Toshkent viloyati IIB boshlig‘i lavozimida faoliyatini davom ettiradi. Bu ma'lumot «Kun.uz» manbasi tomonidan tasdiqlandi.

Tohir Aripov
Foto: IIV axborot xizmati

U 14 oktabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida o‘tkazilgan selektor davomida ishdan olingan Abdumalik Allamurodovning o‘rnida ish boshlaydi.

Polkovnik Tohir Aripov shu yilning may oyi oxirida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi. U 2017 yilning iyulidan 2018 yil mayigacha IIV Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.

Shuningdek, Toshkent viloyatining yangi prokurori ham ma'lum. «Kun.uz» manbasi ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori o‘rinbosari Salom Ismatovich Samadov viloyat prokuroriga aylangan.

Salom Samadov
Foto: Bosh prokuratura

U bu lavozimda o‘z arizasiga binoan ishdan bo‘shatilgan Shavkat Rahmatov o‘rnida ish boshlamoqda.

Salom Samadov 1963 yilda tug‘ilgan, ma'lumoti oliy, huquqshunos. 1990 yilda Xarkov yuridik institutini tamomlagan.

Prokuratura organlaridagi ish faoliyatini 1990 yilda Buxoro viloyati F.Xo‘jayev tuman prokuraturasida boshlab, Buxoro va Navoiy viloyatlari prokuraturalari organlarida turli lavozimlarda, 2005 yildan boshlab, Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, Xatirchi va Karmana tumanlari prokurori, Buxoro viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Qashqadaryo viloyati prokurori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining o‘rinbosari, birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Salom Samadov 2017 yilning noyabrida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

Mavzuga oid