O‘zbekiston | 21:50 / 16.10.2018
17849
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda “KAMAZ” bilan qo‘shma korxona tashkil etildi

O‘zbekistonda Rossiyaning mashhur yuk mashinalarini ishlab chiqaruvchi “KAMAZ” kompaniyasi bilan qo‘shma korxona tashkil etildi. 2018 yil 16 oktabr kuni “O‘zavtosanoat” bosh idorasida “KAMAZ” OAJ bosh direktori S.A.Kogogin rahbarligidagi delegatsiya a'zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda tadbirda ishtirok etgan Kun.Uz muxbiri. 

“O‘zavtosanoat” AJ va “KAMAZ” OAJ rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekistonda “KAMAZ” yuk avtomobillarini ishlab chiqarish hajmini oshirish, dilerlik va servis tarmoqlarini kengaytirish, “O‘zavtosanoat” korxonalarining tayyor va butlovchi mahsulotlarini “KAMAZ” OAJ korxonalariga yetkazib berish masalalari muhokama qilindi.

“O‘zavtosanoat” korxonalarining ishlab chiqarish salohiyatini inobatga olgan holda, tomonlar O‘zbekistonda ishlab chiqilgan butlovchi va ehtiyot qismlarni “KAMAZ” OAJning asosiy yig‘uv konveyeriga yetkazib berish masalasi ishlab chiqiladi.

Uchrashuv davomida, shuningdek, “UzAutoTrailer” MChJ va “KAMAZ” OAJ hamkorligida “KAMAZ ASIA CENTER” qo‘shma korxonasini tashkil etish bo‘yicha hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur qo‘shma korxona, asosan, “KAMAZ” yuk mashinalarining O‘zbekistondagi dilerlik va servis markazlarini rivojlantirish va nazorat qilish, yuk mashinalariga kafolat va servis xizmatlarini sifatli ko‘rsatishni ta'minlash, bundan tashqari, “UzAutoTrailer”da hamda “O‘zavtosanoat” korxonalarida ishlab chiqariladigan tayyor mahsulotlarni “KAMAZ” OAJ korxonalariga eksport qilishni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. 

Tantanali imzolash marosimidan so‘ng, qo‘shma korxonada ishlab chiqilgan tabiiy gaz – metanda ishlaydigan ilk yuk mashinasi – “KAMAZ” 65117 taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Metall avtofurgonli yuk mashinasi “KAMAZ” 65117 shassisida barpo etilgan bo‘lib, unga 300 ot kuchiga ega RGK motori o‘rnatilgan. Unga mahalliy SPG-1 gaz ballonlaridan 11ta o‘rnatilgan bo‘lib, 170 m3 tabiiy gaz sig‘adi. Bu bilan avtomobil 400 km masofani ortda qoldira oladi. 

Ta'kidlanishicha, “UzAutoTrailer” MChJ tomonidan ishlab chiqariluvchi yuk mashinalarga esa, 240-420 ot kuchiga ega turli modifikatsiyadagi dvigatellarni o‘rnatish rejalashtirilgan. Ularga 18 oy yoki 150 ming km kafolat muddati beriladi. Shu bilan birga, RGK tasnifidagi motorlar ECO GAS (metan) yoqilg‘isida ishlashga mo‘ljallangan bo‘lib, uning ishlash ko‘rsatkichlarini masofadan sozlash imkoniyati mavjud. 

Euro-5 standartiga mos keluvchi dvigatel yoqilg‘ini 15 foizgacha tejash, -28 darajagacha sovuq haroratda ham qizdirmasdan ishga tushirish imkonini beradi. 

Yangi qo‘shma korxonada dastlabki yillarda 500tagacha metanda harakatlanadigan yuk mashinalarini ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. 

Mavzuga oid