Light | 13:56 / 17.10.2018
14279
8 daqiqa o‘qiladi

Hisoblashni yoqtirmaydiganlar uchun shaxsiy mablag‘ni nazorat qilishning 5 usuli

Bunday kishilarga soddalashtirish, avtomatlashtirish kabi yondashuvlar moliyaviy mablag‘larni boshqarishda qo‘l keladi.

Sonlar, hisob-kitob bilan bog‘liq barcha narsalar gumanitar yo‘nalish vakillariga yoqmaydi. Biroq butun umr shu tarzda davom etolmaydi. Gumanitar yo‘nalish vakillari ham kun kelib “ulg‘ayishadi” va pulni hisoblash kerakligini anglay boshlashadi. Aks holda, g‘oyalarning paydo bo‘lishi va ijodkorlik o‘rniga miya tejash yoki qarz olishni o‘ylash bilan band bo‘ladi.

Shaxsiy mablag‘ni nazorat qilish odati – byudjyetni rejalashtirish, kirim va chiqimlarni hisoblashni shakllantirish mushkul. Dastlab bu mashg‘ulot bilan shug‘ullanish imkonini beradigan shaxsiy qarashlarni yengish zarur. Keyin esa ko‘p vaqt olmaydigan va asabga tegmaydigan usulni topish lozim.

Agar siz ham gumanitar soha vakili bo‘lsangiz, balki quyidagi maslahatlar orasidan o‘zingiz uchun qulay bo‘lgan birortasini toparsiz.

Foto: Pixabay

1-usul. Taqsimlang

Agar shaxsiy mablag‘larni nazorat qilishga qaror qilgan bo‘lsangiz-u, biroq bu mashg‘ulot sizga to‘g‘ri kelmasa, vazifani taqsimlang. Albatta buni istalgan kishiga ishonib topshirish yaramaydi. Bu usul oilali kishilarga mos keladi.

Masalan, Alisher – huquqshunos. U gumanitar yo‘nalish vakili, hisoblashni yoqtirmaydi. Uning turmush o‘rtog‘i Saodat esa – hisobchi. Shuning uchun aynan u oilaning moliyaviy mablag‘lari uchun mas'ul. Alisher har kuni kechki payt o‘zining xarajatlari va tushumlari haqida gapirib beradi.

Ijobiy jihati:

Yoqtirmagan ishni bajarishga o‘zingizni majburlamaysiz.

Oila byudjyetini rejalashtirish va yuritish osonlashadi. Chunki oilaning barcha a'zolari bu ishda ishtirok etishadi.

Salbiy jihati:

Har bir oilaning o‘ziga xos hisob-kitob yuritish usuli bor.

Siz xarajatlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni berasiz, biroq o‘zingizda mablag‘ni nazorat qilish odatini shakllantirmaysiz.

2-usul. Tajriba o‘tkazing

O‘z-o‘ziga savol berib, gipotezani ilgari suradigan, keyin esa tajriba o‘tkazadiganlar uchun mos keladi.

Tajriba – gumanitar soha vakillariga mos keladigan usul.

Tajribaning asosiy savoli: “Bir oy davomida kunlik xarajatlar yozib borilsa nima bo‘ladi?”

Bir oy davomida chiday olishingizga shubhalanyapsizmi? Bir haftadan boshlang. Yetti kun davomida har qanday holatda ham o‘zgarishlarni sezasiz. Dastlab ular ong darajasida sodir bo‘ladi, keyin esa moddiy darajada sezila boshlaydi.

Tajribaning yaxshi tomoni shundaki, agar natijalar sizni quvontirsa, uni davom ettirish mumkin. Agar foyda bermasa, tugatib qo‘ya qolasiz.

Ijobiy jihati:

Tajriba ilk qadamni qo‘yish imkonini beradi, harakat qilishga rag‘bat uyg‘otadi.

Pulingiz qancha ekani, uni nimalarga sarf qilishingizni bilish kerak yoki zarur emasligi borasida shaxsiy xulosalar chiqarasiz.

Salbiy jihati:

Har qanday tajribada bo‘lgani kabi natija salbiy bo‘lishi mumkin.

Aslida nima sodir bo‘layotganini baholash uchun vaqt sarflashga to‘g‘ri keladi.

Foto: Pixabay

3-usul. Soddalashtiring

Agar har kuni 100-500 ta kategoriyadagi xarajatlarni kiritishga to‘g‘ri kelsa, buni hech kim uddalay olmasligi aniq. Bu ishni endigina boshlayotganlarning birinchi xatosi – har bir xarid uchun muayyan kategoriyani o‘ylab topish.

Ovqatlanish, kommunal to‘lovlar, xo‘jalik xarajatlari, transport, tibbiyot, ta'lim va kiyim-kechakka qancha xarajat sarf bo‘layotganini bilishning o‘zi yetarli.

Hisob-kitobni yuritish tizimi qanchalik sodda bo‘lsa, u tezda odatiy tus oladi. Nazorat qilish uchun mayda-chuydalar haqida ham bosh qotirish shart emas. Mohiyatan, jami pulni 50/20/30 nisbatida uch qismga bo‘lish lozim: majburiy xarajatlar, jamg‘arma va majburiy bo‘lmagan xarajatlar.

Ijobiy jihatlari:

Agar kategoriyalar umumiy bo‘lsa, nazorat qilish oson, chalkashish esa qiyin bo‘ladi.

Vaqtni tejaysiz.

Salbiy jihatlari:

Sizda xarajatlar to‘g‘risidagi umumiy ma'lumotlargina bo‘ladi xolos.

4-usul. Avtomatlashtiring

Xarajatlar hisobini yuritishning uch usuli bor: daftarda, elektron jadvalda va ilovada. Dastlabki ikki holatda barcha bandlarni qo‘lda kiritish kerak bo‘ladi. Ya'ni, har kuni daftar yoki faylni ochib, yozib chiqish. Bir kunni qoldirsangiz, hafta qanday o‘tganini sezmay qolasiz. Keyin barcha xarajatlarni cheklar va bank xabarlariga qarab, kiritib chiqishga yarim soat vaqt topish qiyin bo‘ladi.

Ko‘plab ilovalarning muammosi ham aynan shunday. Ular daftardan jadvalining chiroyliligi va avtomatik tarzda yaratilishi bilan farqlanadi. Har kuni qayd etish tamoyili o‘sha-o‘sha.

Avtomatlashtirish byudjyetni tashkillashtirishda yordam beradi. O‘tgan oydagi ma'lumotlarga qarab keyingi davr uchun xarajatlarni rejalashtirishni 15 daqiqada amalga oshirish mumkin.

Ijobiy jihati:

Mablag‘ni nazorat qilishga kamroq vaqt ketadi

Har kuni xarajatlarni yozish haqida o‘ylash shart emas.

Salbiy jihati:

Mukammal ilovalar mavjud emas

O‘rnatilgan ilovadagi uzilishlar kishini asabiylashtiradi.

Foto: Pixabay

5-usul. Tajriba almashing

Shaxsiy mablag‘ haqida ko‘plab kitoblarni o‘qish, biroq rejalashtirish va hisobga olishni boshlamaslik mumkin. Gumanitar soha vakillariga o‘z tajribasi haqida o‘rtoqlashish, javob tariqasida rag‘bat va maslahatlar olish oson.

Bu afzallikdan foydalanish kerak. Ertangi kundan boshlab mablag‘laringiz hisobini yuritishga qaror qildingiz – bu haqida butun dunyoga so‘zlab bering. Nima qilishni rejalashtirganingiz va qanday muddatda amalga oshirmoqchiligingizni yozing. O‘z vaziyatingiz va mablag‘ni rejalashtirish odatini shakllantirish evaziga yaratiladigan yorqin kelajakni tasvirlang.

Hech kimga aytishni istamasangiz – kundalik yuriting. Ana o‘shanda o‘zingizning olg‘a siljiganingizni ko‘rasiz va yuzaga keladigan muammolarni vaqtida anglashga muvaffaq bo‘lasiz.

Ijobiy jihati:

O‘zgalarga yordam berasiz va o‘zingizni yaxshi his etasiz.

O‘zingizga o‘xshab fikrlaydiganlarni topasiz – qo‘llab-quvvatlash ortiqchalik qilmaydi.

Salbiy jihati:

Odamlarning hammasi ham ijobiy munosabat bildirmaydi, tanqidga tayyor turing.

Tajribangizni tasvirlash, savollarni shakllantirish uchun vaqt ajratish kerak bo‘ladi.

Shaxsiy mablag‘ni nazorat qilish – foydali odatlardan biri. Agar doimiy ravishda pul tanqisligini his qilsangiz, vaziyatni o‘zgartirish uchun vaqt, kuch, iroda ham yetishmaydi. Bu odatni shakllantirib, o‘zingizni muvaffaqiyatingiz uchun maqtang va yo‘l qo‘yilgan xatolarni tahlil qiling. Ana o‘shanda barini amalga oshirishga muvaffaq bo‘lasiz.

Mavzuga oid