O‘zbekiston | 15:03 / 17.10.2018
72685
3 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik 5 kunlik ish haftasiga o‘tish bo‘yicha taklifga munosabat bildirdi

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi «Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portalida muhokamaga qo‘yilgan barcha korxona va tashkilotlarning 5 kunlik ish haftasiga o‘tishi masalasi bo‘yicha taklifga munosabatini bildirdi.

«Joriy yilning 16 oktabr kuni «Mening fikrim» («Moye mneniye») portalida barcha byudjyet va nodavlat tashkilotlarning to‘liq 5 kundan iborat ish haftasiga o‘tish kerakligi haqida e'lon qilingan taklif Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ko‘rib chiqildi.

Mehnat qonunchiligiga o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritishni talab etadigan bunday taklif maqsadga muvofiq emas. 

Birinchidan, butun hafta davomida uzluksiz ish tartibiga ega barcha byudjyet tashkilotlari, shu jumladan, tibbiyot va ta'lim muassasalari uchun majburiy 5 kunlik ish haftasi barcha shifoxona, poliklinika, maktab, kollej, OTMlar, shuningdek, nodavlat tashkilotlarga taalluqli korxonalarning 5 kunlik ish haftasiga o‘tishini taqozo etadi.

Ikkinchidan, amaldagi qonunchilikka muvofiq (Mehnat kodeksining 120-moddasi), ish haftasi turi (ikki kun dam olish belgilangan besh kunlik ish haftasi yoki bir kun dam olish belgilangan olti kunlik ish haftasi) va ish vaqtining tartibi (kunlik ish (smena) davomiyligi, ish vaqtining boshlanishi va tugashi, ishdagi tanaffuslar vaqti, bir kundagi smenalar soni, ish kuni va ish kuni bo‘lmagan kunlardagi navbatchilik, ishchilarning smenadan smenaga o‘tish tartibi) korxonada ichki mehnat tartib qoidalari, ish joyidagi boshqa me'yoriy hujjatlar, agar ular mavjud bo‘lmasa, ishchi va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuv bo‘yicha o‘rnatiladi.

Shunga ko‘ra, barcha byudjyet va nodavlat tashkilotlarni to‘liq besh kundan iborat majburiy ish haftasiga o‘tkazishga zarurat yo‘q, chunki mehnat qonunchiligida bunday imkoniyat nazarda tutilgan va ish joyidagi me'yoriy hujjatlar orqali amalga oshirilishi mumkin», deyiladi vazirlik nuqtai nazari keltirilgan xabarda.

 

Mavzuga oid