Jamiyat | 19:50 / 18.10.2018
24109
16 daqiqa o‘qiladi

«Axlat tituvchilar» - dunyoni o‘zgartirishga qodir jurnalistlar

Saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining Istanbulda g‘oyib bo‘lishi jurnalistlik bejizga hayot uchun xavfli kasblar orasida tilga olinmasligini yana bir bor isbotladi. Jurnalist jamiyat ko‘zgusi, hokimiyat va xalq orasidagi ko‘prikdir. AQShda ommaviy axborot vositalari xalqni ijrochi, qonun chiqaruvchi, sud hokimiyatlarining tazyiqidan va yirik korporatsiyalarning  o‘zbilarmonligidan himoya qiluvchi qo‘riqchilar sifatida ko‘riladi.

Tarixda shunday jurnalistlar bo‘lganki, ular butun bir mamlakatga, uning xalqiga misli ko‘rilmagan ta'sir ko‘rsata olishgan. «Kun.uz» ana shunday jurnalistlar faoliyatiga nazar soladi.

Munozara jurnalistikasi qiroli

Xoras Grili
Foto: Kean Collection / Getty Images

1834 yilda Xoras Grili New Yorker jurnaliga asos soladi. Jurnal Viglar partiyasini faol qo‘llab-quvvatlar, 1840 yilda Grili hatto saylov kampaniyalarini yorituvchi Log Cabin haftaligiga rahbarlik ham qilgandi.

1841 yilda u New York Tribune gazetasini nashr qila boshlaydi. Qisqa vaqt ichida gazetaning kunlik adadi 2 mingdan 10 ming nusxaga yetadi. 1861 yilga kelib uning adadi 300 ming nusxani tashkil qilardi. Bu nashr Grilining shaxsiy qarashlarini aks ettiruvchi minbarga aylandi. Ammo uning qarashlari AQSh jurnalistikasidagi erkinlik ruhini shakllantirgandi. Grili Yovvoyi G‘arbga yangi ko‘chib kelganlarga bepul yer berilishini talab qilgan, mehnatkashlarning ekspluatatsiya qilinishi, monopolizm, o‘lim jazosini tanqid qilgan, boyliklarning bir necha  kishi qo‘lida to‘planishiga qarshi chiqqandi. Grili qullar mehnatidan foydalanish AQSh janubida bu mavzuni muhokama qilish taqiqlangani uchun mavjud deb hisoblardi va quldorlikka qarshi muntazam chiqishlar qilgandi. U 1848 yilda «Matbuot erkinligi – xavfsizlik va haqiqiy Erkinlik garovi» deb yozgandi.

Grili aholining barcha narsadan xabardor bo‘lishi ko‘plab ijtimoiy muammolarni hal qilishi mumkin deb hisoblardi. U prezidentlarni ham tanqid qilishdan cho‘chimasdi.

New-York Weekly Tribune, 1864
Foto: WikipediaUote

Fuqarolar urushi davrida (1861-65) AQShda matbuot erkinligi bir necha marta tazyiqqa uchragandi. 1863 yilda yunionchilar armiyasi generali Ambroz Burnsayd harbiy operatsiya o‘tkazishga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan fikr va qarashlar chop etilishining oldini olish uchun Chicago Times gazetasi faoliyatini to‘xtatishni buyuradi. Uch kundan so‘ng prezident Linkoln generalning bu qarorini bekor qiladi. 1864 yilda boshqa bir general Nyu-Yorkdagi ikkita gazetani yoptiradi. Gazetalar ikki kundan so‘ng yana ishlashda davom etadi.

Amerika tarixchilari Grilini o‘z davrining jurnalistika qonunchiligiga asos solgan inson deb atashadi – u o‘quvchilarga imkon boricha ko‘proq axborot yetkazishga harakat qilgan - Tribune shov-shuv ketidan quvadigan boshqa gazetalardan shunisi bilan ajralib turgan.

«Sariq» matbuot qiroli

Uilyam Xerst
© Foto : Bain News Service

Uilyam Xerst tarixda «Menga surat chizib bersang bo‘ldi, urushni o‘zim boshlab beraman» degan iborasi bilan mashhur. Xerst San Francisco Examiner gazetasi egasi bo‘lib, 1890 yillarda bir nechta yirik gazeta va jurnallarga asos solgan. O‘sha davrning eng yaxshi jurnalistlari uning nashrlarida ishlagan va keyinchalik ularning ayrimlari butun dunyoga tanilgan: Mark Tven, Jyek London, Ambroz Birs, Richard Garding Devis. Xerst faoliyati cho‘qqisida 28 gazeta, 18 jurnal, bir nechta radiostansiya va kinostudiyalar xo‘jayini bo‘lgan.

Xerst gazeta biznesini jurnalist surishtiruvi va sensatsiya aralashmasiga aylantirgan.  Uning ismi «bulvar jurnalistikasi» atamasining sinonimiga aylangan. Uning tonggi gazetalarida «Kinoprodyuser Xerstning yaxtasida otib o‘ldirildi» degan shov-shuvli sarlavhali maqola chiqishi, kechki gazetalarda esa prodyuser kuchli oshqozon og‘rig‘idan vafot etgani xabar qilinishi mumkin edi. U kam sonli millatlarni yomon ko‘rar, nashrlaridan irqiy keskinlikni kuchaytirishda foydalanardi. Ko‘pchilik uning Meksika inqilobi tufayli bu davlatdagi 800 ming akr daraxtzoridan ajralgani uchun meksikaliklarni ko‘rgani ko‘zi yo‘q deb hisoblardi. Mualliflardan biri Xerst haqida: «U o‘zining uzoq va shubhali faoliyati davomida amerikaliklarni ispanlar, yaponlar, filippinliklar, ruslarga qarshi qilib qo‘ydi va manfur niyatini amalga oshirish uchun yolg‘on, soxta hujjatlar, uydirmalar, shov-shuvli karikaturalar va suratlarni chop etdi» deb yozgandi.

Uning zamondoshlarining yozishlaricha, Xerst o‘z nashrlari adadini oshirish uchun ispan-amerika urushini keltirib chiqargan. Aytishlaricha, Xerstning qo‘lida ishlaydigan rassom-illyustrator Kubaga xizmat safariga yuboriladi. U Xerstdan ortga qaytishga ruxsat berishini, Kubada qiziqroq hech narsa sodir bo‘lmayotganini aytadi. Shunda Xerst unga: «O‘sha yerda qol. Menga surat chizib bersang bo‘ldi, urushni o‘zim boshlab beraman» deb javob qaytaradi.

1898 yilda Gavana portida AQShning Maine kreyseri portlashi oqibatida o‘nlab dengizchilar halok bo‘ladi. Jurnalistlarga bu fojiadan shov-shuv yasamaslik tavsiya qilinadi. Ammo Xerst bu voqeadan unumli foydalanadi. Uning gazetasining birinchi sahifasida «Urushmi? Albatta!» degan sarlavha ostida xabar chop etiladi.

Fosh etuvchilar qirolichasi

Ida Tarbell
Foto: Peoples.ru

20 asr boshlarida Amerika jurnalistikasi yangi tushuncha - makreyker (muckraker - «axlat tituvchi») atamasi bilan boyidi. Bu so‘z 1906 yil aprelida prezident Teodor Ruzveltning chiqishidan so‘ng ommalashdi. U qator jurnalistlarni me'yorni bilmaslik va mas'uliyatsizlikda ayblab tanqid qilgandi. Prezident ijobiy narsani ko‘rmaydigan, faqat salbiy narsalar haqida yozadigan qalamkashlarni «axlat tituvchilar» deb atagandi. Prezidentni tushunish mumkin edi. Matbuotda har kuni korrupsiya va siyosatchilar hamda yirik biznesmenlarning noqonuniy ishlari haqida maqolalar chop etilardi.

Ida Tarbell ilk va mashhur makreykerlardan biriga aylangan. Bu ayol qudratli va yirik Standard Oil neft kompaniyasining noqonuniy ishlarini fosh qilgani bilan Amerika jurnalistikasi tarixida qolgan.

Fuqarolar urushidan so‘ng AQSh iqtisodiyoti gurkirab rivojlanish bosqichiga kirgandi. Neft sanoati ham gullab-yashnay boshlagandi. Standard Oil kompaniyasi mahalliy hukumatning befarqligidan foydalanib, kichik va o‘rtacha korxonalarni asta-sekin «yutib yuborardi». 1880 yilga kelib kompaniya AQShda qazib olinadigan neftning 95 foizini qayta ishlardi. 1882 yilda Standard Oil asoschisi Jon Rokfeller 40ta korporatsiyadan iborat Standard Oil Trast guruhini tashkil etadi.  

Ida Tarbell bir necha yil davomida Standard Oil kompaniyasi faoliyatini o‘rganadi. Bu vaqt ichida u butun mamlakat bo‘ylab yurib, yuz minglab sahifa hujjatlarni o‘qib chiqadi, Standard Oil va uning raqobatchilarining o‘nlab xodimlari, mansabdorlar, yuristlar, ekspertlar bilan suhbatlashadi.

U Standard Oil mahalliy temiryo‘l kompaniyasi bilan maxfiy kelishuv tuzganini, raqobatchilariga nisbatan sezilarli chegirmaga ega ekanligini aniqlaydi. Bundan tashqari, kompaniyaning ko‘plab noqonuniy va g‘irrom ishlarini ochib tashlaydi. 1901 yildan 1904 yilgacha uning bu mavzudagi o‘n oltita maqolasi chop etiladi. Bu maqolalar yirik neft sanoati uchun shov-shuvli ayblov edi.

Avvaliga «It hurar, karvon o‘tar» deya jurnalistning maqolalariga parvo qilmagan Rokfeller sud hukmi bilan trestini tarqatib yuborishga majbur bo‘ladi.

«Menda ularning boyligi va uning miqdoriga e'tiroz bo‘lmagan, men korporatsiyaga qarshi bo‘lmaganman. Ular yanada yirik va yanada boy bo‘lishini istaganman – faqatgina qonuniy yo‘l bilan. Ular g‘irrom yo‘lni tanlashganidan so‘ng men bunga majbur bo‘ldim», deb izohlagandi jurnalist bu surishtiruvlardan maqsadini.

Jamoatchilik bosimi ostida AQSh Kongressi Savdo vazirligini tashkil etish haqida qaror qabul qiladi. Vazirlik zimmasiga monopoliyaga qarshi qonunga rioya qilinishini nazorat etish ham yuklatilgandi.

Keyinroq Ida Tarbell hukumatning ishchi va iste'molchilar manfaatlariga ziyon keltiradigan va korporatsiyalarga imtiyoz beradigan tarif siyosatini fosh qiladi.  

Darvoqe, Standard Oil voqeasi jurnalistikadagi yana bir amaliyot PR-kampaniyaga ibtido bo‘lgan. Tarbellning maqolalaridan so‘ng Rokfellerning obro‘si tushib ketadi. Neft magnati taniqli jurnalist Ayvi Lini yollaydi. Jurnalist bir nechta yirik gazetalarda u haqida turkum maqolalar chop etadi. Maqolalarda asosiy e'tibor tadbirkor va boy Rokfellerga emas, namunali er va g‘amxo‘r ota Rokfellerga qaratilgandi. Bu o‘z samarasini beradi – Rokfeller kompaniyasini saqlab qololmasa-da, amerikaliklarning unga bo‘lgan ishonchi saqlab qolinadi.

Estafeta davomchisi

Epton Bill Sinkler
Foto: The Person

Tarbell boshlagan marafonni adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti olgan birinchi amerikalik bo‘lgan yozuvchi Epton Sinkler davom ettiradi. 1906 yilda «Changalzor» romani chop etilganidan so‘ng unga ham «axlat tituvchi» yorlig‘i yopishtiriladi. U bu romanida Chikagodagi kushxonalarning ahvoli haqida yozgandi (aniq ma'lumotga ega bo‘lish uchun  Sinkler kushxonalardan birida ishlaydi).

«Changalzor» kitobi orqali xalq kushxonalardagi antisanitariya, odamlar iste'mol qiladigan go‘sht mahsulotlari qanday dahshatli tarzda tayyorlanishi haqida ma'lumotga ega bo‘lishadi. O‘sha yiliyoq jamoatchilik bosimi ostida prezident Ruzvelt ikkita federal qonunga: go‘shtni nazorat qilish hamda oziq-ovqat mahsulotlari va dorilar sifati to‘g‘risidagi qonunlarga imzo chekadi.

Kirishimli jurnalist

Jorj Linkoln Steffens makreykerlar harakatining yorqin namoyandalaridan biri edi. U harbiy maktabda o‘qigan, uchta universitetni bitirgan, falsafa, axloq, sotsiologiya va san'atni o‘rgangandi. Ammo barcha kasblar ichida jurnalistlikni tanlagan Steffens «Ivning Post» gazetasida ishlaydi. Uning noyob qobiliyati bor edi: Steffens jamiyatning barcha qatlamidagi kishilar bilan til topisha olardi. Odamlar unga ishonar, hech kimga aytmagan sirlarini ungan aytishardi.

U «Minneapolisdagi sharmandalik» va «Pitsburg – sharmanda bo‘lgan shahar» maqolalarida dalillar, hujjatlar asosida shaharlar hokimiyatlaridagi korrupsiya va mansabini suiiste'mol qilish holatlari, davlat boshqaruv organlarini tozalash va demokratlashtirish zarurligi haqida yozgandi. Ushbu maqolalar chop etilganidan so‘ng tahririyatga mamlakatning barcha burchaklaridan xatlar yog‘iladi. Xatlar mualliflari Steffensni o‘z shaharlariga taklif qilishgan, u ko‘rgan ikkita shahardagi holat daryodan tomchi ekanligini yozishgandi. Uning nomi shu darajada mashhur bo‘lib ketadiki, Steffens qaysi shaharga keladigan bo‘lsa, mahalliy gazetalar uning tashrifi haqida oldindan xabar berishardi. U amaldorlar bilan suhbatlashganida, ularni ayblamas yoki maqtamasdi. U tafsilotlarga qiziqar, faktlarni keltirar va solishtirardi. 

Prezidentni iste'foga chiqarganlar

Richard Nikson
Foto: TheQuestion.ru

Prezident muddatidan oldin vakolatini topshirishi AQSh tarixida faqat bir marta – 1974 yil 9 avgustda sodir bo‘lgan. Bu prezident Richard Niksonning iste'fosi edi. Mazkur voqeaga 1972 yilgi saylovlarda demokratlar saylovoldi shtabining noqonuniy tinglovlar bilan bog‘liq «Uotergeyt ishi» deb nom olgan surishtiruv sabab bo‘lgandi.

Washington Post gazetasining yosh ikki jurnalisti Bob Vudvord va Karl Bernstayn nafaqat o‘sha yashirincha tinglovlarning tashkilotchilari va ijrochilarini, balki buyurtmachi va tashabbuskorlarini ham topish uchun ikki yil vaqt sarflashgandi.

Bob Vudvord va Karl Bernstayn 
Foto: Diletant

Matbuotda Niksonni fosh qiluvchi maqolalar chop etilgach, Vudvord va Bernstaynga turli bosimlar bo‘ladi: ularni sotib olishga urinishadi, hattoki jisman yo‘q qilish bilan tahdid ham qilinadi. Ammo jurnalistlar ortga qaytishmaydi, «Chuqur tomoq» taxallusli manba yetkazib bergan ma'lumotlarni ommaga e'lon qilishda davom etishadi. Oradan 30 yil o‘tgach, bu manba FQB direktori o‘rinbosari Mark Felt bo‘lgani ma'lum qilindi.

«Nikson ma'muriyati davridagi Pentagon va Uotergeyt hujjatlari chop etilishi sababli kelib chiqqan ichki siyosiy nizolarda mamlakat ommaviy axborot organlari ijroiya hokimiyati rahbariga chorlov bilan chiqishdi va uni mag‘lubiyatga uchratishdi. Matbuot shu paytga qadar Amerika tarixidagi biror muassasa, guruh yoki muassasalar birlashmasi uddalay olmagan ishni amalga oshirishda muhim rol o‘ynashdi – atigi ikki yil avval ko‘pchilikning ovozi bilan saylangan prezidentni lavozimidan mahrum qilishdi», deb yozgandi amerikalik tadqiqotchi Samyuel Xantington.

Ikkinchi Ida Tarbell

«Bir chaqalik hayot: Amerikada qanday yashash kerak (mas) » kitobi muallifi, jurnalist Barbara Erenreychni hamkasblari ikkinchi Ida Tarbell deb atashgan. U dunyoning eng boy mamlakatlaridan birida qonun bilan kafolatlangan bir soatlik ish uchun eng kam to‘lov stavkasiga qanday yashash mumkinligini aniqlash uchun tadqiqot o‘tkazgan (u tadqiqot o‘tkazgan 1998 yilda mutaxassis bo‘lmagan ishchilar uchun soatiga 6 dollardan oshiqroq pul to‘langan).

Erenreych bir yil uy xizmatchisi, mehmonxona xodimasi, hamshira, ofitsiant va do‘konda sotuvchi bo‘lib ishlaydi. U jurnalistik tekshiruvidan so‘ng shunday xulosaga keladi: Amerikada eng kam ish haqiga yashashning iloji yo‘q (undan ko‘ra ishsizlik nafaqasi olgan yaxshi) va hukumat bu borada chora ko‘rishi kerak.

Jamiyat jonkuyarlari

Yuqorida nomlari keltirilganlar o‘z ishlariga sadoqat bilan yondashishgan, xalqqa haqiqatni yetkazishga bor kuch-g‘ayratini ayamay, uzoq va qattiq mehnat qilishgan. Ularning mehnatlari samarasi o‘laroq ko‘plab jinoyatlar, salbiy holatlar fosh etilgan, aynan ularning mehnatlari ortidan bu illat va kamchiliklarni bartaraf etish uchun qator qonunlar qabul qilingan.  

Newsday gazetasi muharririning sobiq o‘rinbosari Robert Grinning fikricha, «jurnalist surishtiruvi uchta asosiy unsurdan tashkil topadi: jurnalist ungacha hech kim titmagan joyni titadi; mavzu o‘quvchi uchun muhim bo‘lishi lozim; surishtiruvda fosh etilishi mumkin bo‘lgan dalillarni jamoatchilikdan yashirishdan manfaatdor kuchlar mavjud ».

Ommaviy axborot vositalari jamiyatdagi yashirin yarani ko‘rsatadigan, u gazak olib ketmasdan turib davosini topishga chorlaydigan tashxischilar, hech kim ko‘rmayotgan yoki ko‘rsa ham e'tibor bermayotgan xatolarni ko‘rsatib beruvchilardir. Ular bilan hamkorlikda ish olib borish bugun uchun ham, erta uchun ham foydalidir.

Dilshod Asqarov
Kun.uz jurnalisti

Mavzuga oid