Buyuk Britaniyaning YeIdan kelishuvsiz chiqishi nimasi bilan xavfli?
Yevropa Ittifoqi (YeI) va Buyuk Britaniya Brexit ko‘rsatkichlari bo‘yicha kelishuv imzolashga yaqinlashdi. Bu haqda Yevrokengash raisi Donald Tusk Yevroittifoq sammiti yakunida ma'lum qilgan.
«Bryussel agarda London Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqqanidan so‘ng iltimos qiladigan bo‘lsa, o‘tish davrini cho‘zishga ham tayyor», degan Tusk. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda ishtirokchilarning kayfiyati sentabrda Zaltsburgda bo‘lib o‘tgan sammitdan keyingi kayfiyatiga nisbatan ancha yaxshi.
Zaltsburgdagi sammit natijasiz yakunlandi, shu bois Tusk payshanba kuni yakunlangan uchrashuvni haqiqat onlari deb atadi. Buyuk Britaniya Yevroittifoqni qanday shartlarda tark etishi borasidagi asosiy bahslarga javob aynan shu yerda topilishi rejalashtirilgandi, ammo unday bo‘lmadi.
«Navbatdagi haqiqat onlari YeIning 18 noyabrdagi sammiti bo‘lishi mumkin, agarda unda ham YeIdan chiqish ko‘rsatkichlari haqida kelishuvga erishilmaydigan bo‘lsa, dekabrdagi sammit qoladi», deb yozadi The Independent.
Kelishuv 2019 yil 21 yanvardan kechikmasdan Britaniya parlamentiga ovoz berishga qo‘yilishi lozim va Yevropa parlamenti ham ovoz berishi darkor. Buyuk Britaniyaning Yevroittifoqdan chiqishi 2019 yil 29 martda yuz beradi. Shundan so‘ng o‘tish davri boshlanadi, u 2020 yil dekabrgacha davom etadi – bu vaqtgacha ajralish bo‘yicha choralar qadam-baqadam amalga oshiriladi.
«Hozircha Fransiya va Germaniya Brexit’ga dastlabki kelishuvga erishmasdan tayyorlanmoqda», deb yozadi Financial Times.
Nashrda qayd etilishicha, Fransiya hukumati Britaniyadan keladigan mahsulotlarni ko‘rib chiqish hamda uning fuqarolari respublikaga kirishdan oldin viza olishi kerakligi borasidagi qonun loyihasini tayyorlagan. GFR kansleri Angela Merkel ham kelishuvga erishilmasligiga tayyorgarlik ko‘rish boshlanishini bildirgan. Buyuk Britaniyaning o‘zi ham keskin ssenariyga tayyorlanmoqda.
Fuqarolarga beriladigan zarba
Buyuk Britaniyaning YeIni dastlabki kelishuvsiz tark etishi uning fuqarolariga sezilarli zarar yetkazadi, deyiladi Britaniyaning Which iste'molchilar huquqini himoya qilish tashkiloti ma'ruzasida. Ular duch keladigan qiyinchiliklar orasida iste'mol tovarlari narxining ko‘tarilishi, YeI mamlakatlarida roumingning yana tiklanishidir.
Britaniyaliklardan YeI mamlakatlarida bank kartalari orqali xizmat va tovarlar uchun haq to‘laganida komissiya olinishi mumkin. Hozirda Yevroittifoqda bunday komissiya taqiqlangan, ammo YeIdan chiqqanidan so‘ng komissiya miqdori umumiy summaning 3 foizini tashkil etishi mumkin bo‘ladi. Britaniyaliklar shuningdek Yevroittifoq bo‘ylab sayohat qilish uchun yangi pasport, avtomobilda sayohat qiladigan bo‘lishsa xalqaro haydovchilik guvohnomasi va mashina uchun qo‘shimcha sug‘urta olishlariga to‘g‘ri keladi. Haydovchilik guvohnomasi 5,5 funt sterlingga tushadi.
YeIdan keltiriladigan oziq-ovqat va dori-darmonlar narxi oshishi ehtimoli ham mavjud.
«Biz iste'mol qiladigan oziq-ovqatlarning 30 foizga yaqini YeIdan import qilinadi, kelishuvsiz Brexit oziq-ovqat bozoriga ta'sir ko‘rsatadi», — deyiladi ma'ruzada. Narxlar bojlarga qarab, masalan go‘sht narxi 5 foizdan 29 foizgacha, pomidor narxi 9 foizdan 18 foizgacha ko‘tarilishi mumkin.
Ma'ruza mualliflarining bildirishicha, britaniyaliklar Brexit’dan so‘ng energiya va iste'mol tovarlari narxi ko‘tarilishidan tashvishlanishmoqda.
Iqtisodiyot uchun yo‘qotish
Kelishuvsiz Brexit iqtisodiy yo‘qotishlarga olib keladi, ammo bu mamlakat iqtisodiyoti uchun «unchalik katta bo‘lmaydi», ta'kidlamoqda Open Europe analitika markazi ekspertlari.
Open Europe hisob-kitobiga ko‘ra, kelishuvsiz Brexit 2018 yildan 2030 yilgacha YaIMning yiliga 0,17 foizdan yo‘qolishiga olib keladi. 2030 yilgacha Britaniya jami YaIMning 2,2 foizini yo‘qotadi. Bu yo‘qotishlar o‘rnini iqtisodiyotni bir tomonlama liberallashtirish dasturini amalga oshirish orqali to‘ldirish mumkin, deb ta'kidlamoqda ekspertlar. Bu dastur YeI importiga nisbatan tariflar joriy etishdan voz kechish, Britaniyaga yanada ko‘proq to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishni o‘z ichiga oladi.
Bahs nima ustida bo‘lmoqda?
Muzokaralardagi eng bahsli mavzu Irlandiya Respublikasi (Yevroittifoq a'zosi) va Shimoliy Irlandiya o‘rtasidagi chegara bo‘lib qolmoqda. Bir orolning ikki qismi o‘rtasida to‘siq bo‘lmasligi 1998 yilgi kelishuv sharti hisoblanadi. London ham, Bryussel ham chegara shaffofligicha qolishi tarafdori. Ammo tomonlar bunga qanday erishish mumkinligi borasida kelisha olishmayapti. Bosh vazir Tereza Meyning hozirgi rejasida Britaniyaning Yevropa yagona bozori (YeYaB) va YeI Bojxona ittifoqidan chiqishini ham ko‘zda tutadi. Mamlakat YeIdan mustaqil savdo siyosati olib borishi va uchinchi davlatlar bilan kelishuvlar tuzishi uchun Britaniya bu institutlardan chiqishi zarur.
Yevroittifoq Shimoliy Irlandiya vaqtincha YeYaB va Bojxona ittifoqi a'zosi bo‘lib qolishini taklif qilmoqda. Ammo Mey xonimning fikricha, bunday qadam konstitutsion tuzumni parchalash va mamlakat hududiy yaxlitligi buzilishiga olib kelishi mumkin. Bunga Shimoliy Irlandiyaning Demokratik yunionchilar partiyasi ham qarshilik qilmoqda. Ushbu partiya a'zolari YeIdan faqat umumiy shartlar asosida chiqish tarafdori.
Chegarada nazorat-o‘tkazish punktlari va chegarachilarning paydo bo‘lishi esa bir-biri bilan hamkorlik qiladigan ikki Irlandiyaning fuqarolari va biznesiga qiyinchilik tug‘diradi.
Mavzuga oid
22:44 / 22.12.2024
YeI Ukrainaga qarshi boshlangan urushga uch yil to‘lishi munosabat bilan Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlamoqda
21:05 / 22.12.2024
Qatar Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi
16:46 / 16.12.2024
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 15-paketini qabul qildi
22:41 / 11.12.2024