O‘zbekiston | 15:18 / 20.10.2018
9537
4 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolar belgilanmagan joyga chiqindi tashlagani uchun endi 552 900 so‘mgacha jarima to‘laydi

Bu haqda 2018 yilning 19 oktabr kuni Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “Adliya axboroti” nomli brifing va matbuot anjumanida bildirildi, deb xabar qilmoqda Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Dastlab brifingda hafta davomida bir qator muhim masalalar bo‘yicha qabul qilingan qonun hujjatlari haqida ma'lumotlar berildi.  Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi va “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi Qonunlar, shuningdek, “Tadbirkorlik uchun shart-sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarorining sharhi berildi.

Shuningdek, “Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, shu jumladan ichimlik suvidan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun mazmuniga binoan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi modda kiritilganligining xabari berildi. Unga ko‘ra, belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish — fuqarolarga 92 150 so‘mdan 552 900 so‘mgacha, mansabdor shaxslarga esa 552 900 so‘mdan 921 500 so‘mgacha jarima solishga sabab bo‘lishi ta'kidlandi.

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Tabiatni asrash, bugungi ekologik jarayonlarni yanada yaxshilash maqsadida “Tabiatni muhofaza qilishni ta'minlashning iqtisodiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” hukumat qarori qabul qilinganligi va Qaror bilan O‘zbekiston hududida atrof tabiiy muhit ifloslantirilgani va chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsiya to‘lovlarini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanganligi ma'lumoti berildi. Atrof tabiiy muhit ifloslantirilgani hamda chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsiya to‘lovlari Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi organlari tomonidan undirilishi haqida aytib o‘tildi.

Brifingdan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida hukumat qarori bilan tasdiqlangan Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta'minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizom to‘g‘risida fikrlar almashildi.

Matbuot anjumanida davlat ijrochisi ish yurituvida bo‘lgan ijro hujjati bo‘yicha qarzdor tomonidan undiruvchiga alimentlarni oldindan to‘lash hisobiga ko‘chmas yoki ko‘char mulk yoxud boshqa qimmatli ashyo taqdim etilishi mumkinligi haqida va alimentlar summasini oldindan to‘lash yoki alimentlar to‘lash majburiyati bo‘yicha garov tuzish faqat qarzdorning aliment to‘lovlaridan qarzdorligi mavjud bo‘lmaganda amalga oshirilishi haqida ham aytib o‘tildi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davlat ekologiya qo‘mitasi tuzilmasida yangi muassasalar tashkil etilgandi.

Mavzuga oid