Sport | 18:51 / 22.10.2018
14809
6 daqiqa o‘qiladi

Futbol chindan butun dunyoda birinchi raqamli sport turimi?

Futbol to‘g‘risida gap ketganda uni ulug‘lab «Birinchi raqamli sport turi» jumlasini ishlatish urf bo‘lgan. Lekin bu qanchalik haqiqatga yaqin? Dunyoda birinchi raqamli bo‘lishga da'vogar sport turi uni tomosha qiluvchilar va shug‘ullanuvchilar soni bo‘yicha eng katta ko‘rsatkichlarga ega bo‘lishi kerak emasmi? Futbol shunday natijaga erishganmi? Keling, aholisi eng yirik davlatlar misolida buni tahlil qilib ko‘ramiz.

Xitoy (aholisi 1.430.075 000 kishi)

Xitoyda futbolni yaxshi ko‘rishadi. Ammo uni ushbu mamlakatda birinchi raqamli sport turish deyish haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Dunyoning boshqa hududlarida «stol tennisi», o‘zlari esa «ping-pong» deb ataydigan sport turi mahalliy aholining jonu-dili. Shuningdek, yakkakurash, yoga ham xitoyliklarning sevimli ermaklaridir. Albatta, dunyo bo‘ylab futbolga qiziqish yuqoriligi xitoylik korchalonlarning ham e'tiboridan chetda qolmagan. So‘nggi yillarda klublarga juda katta pul tikilishi, Yevropaning nomdor futbolchilari transfer qilinishi ortidan Xitoyga e'tiborni tortish maqsad qilingan. Buning ortida ham tabiiyki biznes hamda manfaatlar yotadi.

Hindiston (aholisi 1.339.180.000 kishi)

Foto: The National

Bemalol aytish mumkinki, Hindistonda futbol birinchi raqamli sport turi emas. Bir vaqtlar yirik futbol musobaqasida hindistonlik futbolchilar stadionga yalangoyoqda chiqib kelishgani va hakamning e'tirozi tufayli o‘yindan voz kechganliklari qayd etilgan.

Nafaqat Hindiston, balki aholisi soni jihatdan yetakchi o‘rinlarda turadigan yana ikki davlat – Pokiston (208 mln kishi) hamda Bangladeshda (175 mln kishi) ham hech qaysi sport turi ommaboplikda kriket bilan tenglasha olmaydi.

Kriket bo‘yicha yetakchilar bu davlatlarda haqiqiy yulduz, milliy qahramonlardir.

AQSh (aholisi 328 mln kishi)

Dunyoning eng boy va hamma muhojirlar intiluvchi davlatida futbolni «sokker» deb atashadi. Dastlab bu o‘yin futboldan ancha farq qilgan – 30 daqiqadan uchta bo‘lim bo‘lgan, to‘p maydon chetidan qo‘lda emas, oyoqda kiritilgan.

Eng muhimi, futbol hech qachon AQShda birinchi raqamli sport turi bo‘la olmagan, ommabopligi jihatdan kuchli uchlikka ham kira olmaydi hatto.

Amerikaliklar xokkeyni xush ko‘rishadi, basketbol ishqibozlari ham juda ko‘p. Bir vaqtlar NBA yulduzlari olgan supergonorarlar futbolchilarning hatto tushiga ham kirmasdi. Shuningdek, boks juda ommabop, NASKAR poygalarini orziqib kutishadi.

Lekin bularning hech biri ommaboplikda amerikacha futbolga teng kela olmaydi. Futbol, regbi va yana allambalo o‘yinlarning qorishmasi bo‘lgan bu o‘yinning qoidalarini ancha-muncha odam yaxshi tushunmaydi. Mavsumi juda qisqa muddat davom etsada, eng qimmat translyatsiyalar reytingida doim birinchilikni egallaydi. Ayniqsa, final o‘yini hisoblangan superboul kuni amerikaliklar sal kam aqldan ozishadi va bu ishqibozlikni el-klassikolarga qiyoslab bo‘lmaydi.

Indoneziya (aholisi 266,5 mln kishi)

Bu davlatda ham futbol o‘ynashadi. Lekin natijalar judayam kamtar. Hali biror marta Indoneziya terma jamoasining maydonga tushganini va arzirli natijaga erishganini kuzatmaganmiz. Mahalliy aholi orasida badminton juda mashhur. Shuningdek, yoshlar penchak silat deb nomlanuvchi jangovar san'at bilan shug‘ullanishni xush ko‘rishadi va aynan shu sport turlari bo‘yicha mamlakat sportchilari xalqaro maydonlarda sovrindor bo‘lishgan.

Yaponiya (aholisi 126,5 mln kishi)

© AFP 2017, Toshifumi Kitamura

Yaponlar futbolni yaxshi ko‘rishadi va yomon o‘ynashmaydi ham. Kunchiqar davlat vakillari bir necha marta jahon chempionatiga chiqishgan va o‘zlarida ham mundial o‘tkazishgan. Ammo milliy an'analarga o‘ta qattiq e'tibor beruvchi yapon xalqi uchun sumoga teng keladigan tomosha yo‘q. Ancha-muncha futbolchilar mashhurlikda sumochilarga teng kela olishmaydi.

Bundan tashqari, Avstraliya, Yangi Zelandiya kabi katta hududlarda regbi birinchi raqamli sport turi. Skandinaviya davlatlari, Rossiyada xokkeyni ko‘proq sevishadi. Lotin Amerikasining ko‘plab davlatlari, xususan Kubada ishqibozlar hech bir sport turini boksga almashtirishmaydi. Hatto, futbol hududi bo‘lgan Yevropada ham «Formula 1», korrida kabi o‘yinlarning muxlislari juda ko‘p.

Ko‘rinib turibdiki, dunyo aholisining yarmidan ko‘prog‘i yashovchi hududlarda futbol birinchi raqamli sport turi emas yoki hali bo‘lib ulgurmagan. Ammo tan olish lozim, yildan yilga bu hududlarda ham futbolning nufuzi ortib bormoqda.

Albatta, ko‘p milliardli translyatsiyalar, reklamalar, olamshumul transferlar va millionlab sayyohlarni jalb qiluvchi jahon chempionatlari futbolning ommabopligini ta'minlaydi. Shuningdek, har qanday modani dunyoga tarqatuvchi ko‘hna qit'ada futbolni sevishlari ortidan ko‘plab arab davlatlarida ham bu sport turining ishqibozlari ko‘paygan. Shunday bo‘lsa-da, dunyoda birinchi raqamli sport turi faqat bir donagina emas – hammasi nisbiy.

Abror Zohidov

Mavzuga oid